28-modda. Nogironligi boʻlgan bolalar, jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalarning tibbiy-ijtimoiy yordam olishga boʻlgan huquqi kafolatlari
Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-139-son) · Sana: 07.01.2008 · Amalda
Nogironligi boʻlgan bolalar tibbiy-ijtimoiy yordam olish huquqiga ega boʻlib, bu profilaktika, davolash-tashxis qoʻyish, reabilitatsiya, sanatoriy-kurort, protez-ortopediya yordamini, harakatlanish vositalari bilan imtiyozli shartlarda taʼminlanishni va boshqa yordam turlarini oʻz ichiga oladi.
Nogironligi boʻlgan bolalar davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida bepul tibbiy-ijtimoiy yordam olish va oʻz uylarida parvarish qilinish huquqiga ega.
Jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish tartibi, ularga beriladigan imtiyozlar roʻyxati qonunchilik bilan belgilanadi.
Jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar ota-onasi yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslarning arizasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, homiylik va boshqa jamgʻarmalarning mablagʻlari hisobidan, shuningdek ota-onasi yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslarning mablagʻlari hisobidan ijtimoiy muhofaza tizimi muassasalarida saqlanishlari mumkin.
