10-modda. Bolaning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi kafolatlari
Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-139-son) · Sana: 07.01.2008 · Amalda
Har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joyi daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish huquqiga ega.
Har bir bola oʻz shaʼni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga gʻayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega.
Bola qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi, hibsga olinishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
Davlat bolaning shaxsi, uy-joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini taʼminlaydi hamda bolani ekspluatatsiya va zoʻravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zoʻravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qoʻpol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, huquqbuzarliklar va gʻayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya qilinishini amalga oshiradi.
Davlat:
bolaga nisbatan ekspluatatsiya va zoʻravonlikning barcha shakllarining oldini olish, shuningdek ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish;
ekspluatatsiya va zoʻravonlikka duchor boʻlgan bolalarga zarur pedagogik, psixologik, tibbiy, yuridik yordam koʻrsatish boʻyicha choralar koʻradi.
Qoʻllanilgan jazo chorasidan, sudlanganlik holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan hamda oʻziga nisbatan amnistiya yoki afv etish akti qoʻllanilganligidan qatʼi nazar, qasddan odam oʻldirganlik, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zoʻrlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirganlik, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsni jinsiy aloqada boʻlish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish bilan bogʻliq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik, oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirganlik yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qoʻshmachilik qilganlik, fohishaxonalar tashkil etganlik yoki saqlaganlik, terrorizm uchun ilgari hukm qilingan shaxslarning taʼlim, tarbiya, bolalar sogʻlomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shugʻullanishi taqiqlanadi.
