2782-modda. Kompyuter axborotidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish
Axborotlashtirish va maʼlumotlar uzatish sohasida qonunga xilof harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-137-son) · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Kompyuter axborotidan, yaʼni axborot-hisoblash tizimlari, tarmoqlari va ularning tarkibiy qismlaridagi axborotlardan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish, agar ushbu harakat axborotning yoʻq qilib yuborilishi, toʻsib qoʻyilishi, modifikatsiyalashtirilishi, undan nusxa koʻchirilishi yoxud uning qoʻlga kiritilishiga, elektron hisoblash mashinalari, elektron hisoblash mashinalari tizimi yoki ularning tarmoqlari ishining buzilishiga sabab boʻlsa, —
eng kam oylik ish haqining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakat:
a) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
v) xizmat mavqeyidan foydalangan holda;
g) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —
eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
