20-modda. Tashqaridan tayinlangan boshqaruvchi
Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish toʻgʻrisida (535-I-son) · Sana: 25.12.1997 · Amalda
Tashqaridan boshqaruvchi tuman hokimi tomonidan vakolatli organ, qishloq xoʻjaligi korxonasi mol-mulkining mulkdori, kreditor (kreditorlar) bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
Tashqaridan tayinlangan boshqaruvchi:
qishloq xoʻjaligi korxonasi rahbari va boshqaruv organlarining vakolatlarini amalga oshiradi;
sanatsiya oʻtkazish rejasini ishlab chiqadi va uni vakolatli organga taqdim etadi;
hududiy boshqaruv organi bilan kelishgan holda qishloq xoʻjaligi korxonasining shtatlar jadvalini tasdiqlaydi va xoʻjalikning bosh mutaxassislarini tayinlaydi;
kreditorlar bilan qarzlarni toʻlash muddatini uzaytirish va (yoki) ularni boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisida korxona nomidan bitim tuzadi;
korxona mol-mulkini roʻyxatdan oʻtkazadi;
tashqaridan boshqaruvni amalga oshirish va kreditorlar bilan hisob-kitob qilish uchun maxsus hisobvaraq ochadi;
buxgalteriya, moliya statistika hisobi va hisoboti yuritilishini tashkil etadi;
korxonaga nisbatan qoʻyilgan talablarga belgilangan tartibda eʼtiroz bildiradi;
korxonaga toʻlanishi lozim boʻlgan qarzlarni undirish choralarini koʻradi;
kreditorlarning talablarini koʻrib chiqadi;
vakolatli organga sanatsiya oʻtkazish rejasi qanday roʻyobga chiqarilayotganligi toʻgʻrisida yilning har choragida hisobot taqdim etadi;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Basharti, sanatsiya oʻtkazish rejasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tashqaridan tayinlangan boshqaruvchi yirik bitimlarni qishloq xoʻjaligi korxonasi mol-mulkining mulkdori, kreditorlar va vakolatli organ bilan kelishilgan holdagina tuzadi.
Yirik bitimlar jumlasiga bitim tuzish paytida qishloq xoʻjaligi korxonasi aktivlari balans qiymatining oʻn foizidan ortiq miqdorda balans qiymatiga ega boʻlgan koʻchmas mulk yoki boshqa mol-mulkni tasarruf etishga olib keladigan bitimlar kiradi.
Basharti, tashqaridan boshqarish joriy etilganidan keyin paydo boʻlgan qishloq xoʻjaligi korxonasining pul majburiyatlari miqdori kreditorlar talablari reyestriga muvofiq talablar summasining yigirma foizidan ortiq boʻlsa, tashqaridan tayinlangan boshqaruvchi qishloq xoʻjaligi korxonasining yangi pul majburiyatlariga sabab boʻluvchi bitimlarni faqat qishloq xoʻjaligi korxonasi mol-mulkining mulkdori, kreditorlar va vakolatli organning roziligi bilangina tuzishi mumkin, sanatsiya oʻtkazish rejasida nazarda tutilgan bitimlar bundan mustasno.
