16-modda. Kreditorlar talablarini qondirishga moratoriy joriy qilish
Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish toʻgʻrisida (535-I-son) · Sana: 25.12.1997 · Amalda
Qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda vakolatli organ korxonaning ijro muddati sanatsiya oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar boshlangan pul majburiyatlari, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlariga moratoriy joriy qiladi. Moratoriyning amal qilish muddati davomida moliyaviy (iqtisodiy) jazolar qoʻllanilmaydi.
Moratoriy fuqarolarning mehnatga doir huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan, alimentlar undirish va mualliflik shartnomalari boʻyicha haq toʻlash yuzasidan qoʻyadigan talablariga, shuningdek, fuqarolarning oʻz hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazilganligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻlgan qishloq xoʻjaligi korxonasiga nisbatan qoʻyadigan talablariga daxl qilmaydi.
