Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Hosildorligi past boʻlgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 5-noyabrdagi PQ-725-son qarori) (254-son)
12.12.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Hosildorligi past boʻlgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 5-noyabrdagi PQ-725-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 11-son, 70-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
a) 5-bandning toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“fermer xoʻjaliklari uchun lizing muddati — 10 yil, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati mashina-traktor parklari uchun — 10 yilgacha, qolgan lizing oluvchilar uchun — 7 yil”;
b) 1-ilova 9-bandining toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasiga texnika qiymatining qolgan 85 foizini va foizlarni lizing muddati mobaynida (fermer xoʻjaliklari — 10 yil mobaynida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati mashina-traktor parklari — 10 yilgacha muddatda, qolgan lizing oluvchilar — 7 yil mobaynida) toʻlaydilar”.
2. Ushbu qaror 2008-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-dekabr,
254-son
