“241-modda. Oltin aksiya
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-135-son) · Sana: 21.12.2007 · Amalda
“Oltin aksiya” — ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi boʻlib, u strategik ahamiyatga ega boʻlgan davlat korxonalari xususiylashtirilayotganda yoki aksiyadorlik jamiyatlarining davlat aksiya paketlari xususiy mulk etib realizatsiya qilinayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qaroriga asosan joriy qilinadi va mamlakatning iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi.
“Oltin aksiya” qiymatga ega emas, boshqa shaxsga berilmaydi hamda garovga qoʻyilmaydi, ustav fondi miqdorini belgilashda va dividendlarni hisoblashda inobatga olinmaydi.
“Oltin aksiya” ustav fondida davlat ulushi boʻlmagan yoki bu ulush yigirma besh foizdan oshmaydigan aksiyadorlik jamiyatlarida joriy etilishi mumkin. Davlatning “oltin aksiya”dan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
“Oltin aksiya” aksiyadorlik jamiyatining kuzatuv kengashi tarkibiga davlat vakilini (bundan buyon matnda davlat vakili deb yuritiladi) tayinlash vositasida realizatsiya qilinadi. Davlat vakili aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida va kuzatuv kengashi majlislarida ushbu Qonunning 65-moddasi birinchi qismining ikkinchi — toʻrtinchi, yettinchi, sakkizinchi, oʻn sakkizinchi, oʻn toʻqqizinchi xatboshilarida, shuningdek 82-moddasi birinchi qismining yettinchi, yigirma ikkinchi — yigirma toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha veto qoʻyish huquqi bilan majburiy tartibda ishtirok etadi. Veto qoʻyish ushbu qarorlar qabul qilingan kuni yozma shaklda amalga oshiriladi”;
4) 47-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Aksiyadorlar reyestri roʻyxatga olingan aksiya egalarining ularga tegishli egasi yozilgan qimmatli qogʻozlarning soni, nominal qiymati va toifalari koʻrsatilgan, har qanday belgilangan sanadagi holatga koʻra tuzilgan hamda bu aksiya egalari, ularga tegishli qimmatli qogʻozlarning soni va toifalari aynan toʻgʻriligini aniqlash imkonini beradigan roʻyxatidir. Oʻziga nisbatan “oltin aksiya”ni joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan jamiyat aksiyadorlari reyestriga davlat vakili ham kiritiladi. Emitentlar aksiyadorlar reyestrini davlat tomonidan qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish va muvofiqlashtirish yuzasidan vakolat berilgan organ belgilagan shaklda yuritishi shart. Aksiyalarni joylashtirgan jamiyat yoki ixtisoslashgan roʻyxatchi jamiyat aksiyadorlari reyestrining saqlovchisi boʻlishi mumkin. Oddiy (odatdagi) aksiya egalari boʻlmish aksiyadorlari besh yuz va undan ortiq boʻlgan jamiyat reyestr yuritish hamda saqlashni ixtisoslashgan roʻyxatchiga shartnoma asosida topshirishi shart”;
