5-modda. Maxsus vakolatli organning vakolatlari
Qishloq xoʻjalik oʻsimliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoya qilish toʻgʻrisida (116-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Maxsus vakolatli organ:
oʻsimliklarni himoya qilishning samarali, ekologik jihatdan xavfsiz va kam zaharli vositalarini qoʻllash hisobiga qishloq xoʻjalik ekinlari hosildorligini oshirish va ularning hosilini saqlab qolishga qaratilgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalaridan foydalanishning yagona siyosatini amalga oshiradi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish sinovlari natijalari yuzasidan xulosa beradi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash reglamentlari va qoidalarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligida oʻsimlik zararkunandalari, kasalliklariga va begona oʻtlarga qarshi foydalanish uchun ruxsat etilgan kimyoviy va biologik himoya vositalari, defoliantlar hamda oʻsimliklarni oʻsishini boshqaruvchi vositalar roʻyxatini yuritadi hamda vaqti-vaqti bilan eʼlon qilib boradi;
oʻsimliklarni himoya qilishda Qoʻllanilishi taqiqlangan hamda cheklangan faol va nofaol ingrediyentlar reyestrini yuritadi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanish, ularni qoʻllash reglamentlariga rioya etish, oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining inson sogʻligʻi va atrof muhitga taʼsirini aniqlash bilan bogʻliq davlat boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasi korxonalarida ishlab chiqariladigan va import boʻyicha olib kelinayotgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining sifati ustidan nazoratni uyushtiradi, ulardan foydalanishga doir xulosalar beradi, agar inson sogʻligʻi va atrof muhitga nomaqbul taʼsir koʻrsatayotgani aniqlansa, ulardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
