24-modda. Kimyoviy moddalar, biologik vositalar va materiallarni saqlash, qoʻllash, zararsizlantirish, yoʻq qilib yuborish, utilizatsiya qilish, tashish va koʻmib tashlashga doir talablar
Qishloq xoʻjalik oʻsimliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoya qilish toʻgʻrisida (116-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslar kimyoviy moddalar, biologik vositalar va materiallarni saqlash, qoʻllash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, tashish va koʻmib tashlash chogʻida fuqarolarning sanitariya-epidemiologiya jihatidan bexatarligini taʼminlovchi sanitariya-gigiyena normalari, qoidalari va normativlariga, hayvonat dunyosi va hayvonlarning yashash muhitini muhofaza qilish talablariga, oʻsimlik dunyosi obyektlari va ularning oʻsib koʻpayish muhitini muhofaza qilish talablariga rioya etishlari shart.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini faqat ularni saqlashga moʻljallangan maxsus omborxonalarda saqlashga ruxsat etiladi. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini idishsiz saqlash taqiqlanadi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini faqat maxsus moslangan transport vositalarida tashishga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini saqlash va tashish chogʻida odamlar sogʻligʻiga va atrof muhitga zarar yetkazilishini istisno etadigan talablarga rioya qilinishi zarur.
Yaroqsiz holga kelgan va (yoki) qoʻllanilishi taqiqlangan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini, shuningdek ularning idishlarini zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, yoʻq qilib yuborish va koʻmib tashlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yaroqsiz holga kelgan va (yoki) qoʻllanilishi taqiqlangan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini, shuningdek ularning idishlarini yoʻq qilib yuborish usullari oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining tayyorlovchilari tomonidan ishlab chiqiladi hamda maxsus vakolatli organ, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishib olinadi.
