10-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi majburiyatlari
Qishloq xoʻjalik oʻsimliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoya qilish toʻgʻrisida (116-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslar oʻsimliklarni himoya qilish sohasida:
zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlarning keng rivojlanishi hamda tarqalishining oldini olish maqsadida qishloq xoʻjaligi yerlarini muntazam ravishda nazarlaridan oʻtkazishlari va himoyalash tadbirlarini amalga oshirishlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi oʻsimliklarni himoya qilish xizmatining talabiga binoan oʻz hududlaridagi yerlar, oʻsimliklar va saqlanayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarining fitosanitariya holatiga, shuningdek ularni himoya qilish tadbirlarining amalga oshirilishi va oʻsimliklarni himoya qilish vositalaridan foydalanilishiga doir maʼlumotni taqdim etishlari;
odamlar va jonivorlarning xavfsizligini taʼminlashlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining oʻsimliklarni himoya qilish xizmatini xavfli fitosanitariya oqibatlariga olib kelishi mumkin boʻlgan vaziyatlardan xabardor qilishlari;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini olib kirish, saqlash, tashish, realizatsiya qilish va ulardan foydalanish yuzasidan belgilangan qoidalar hamda tartibga rioya etishlari, mazkur vositalar qishloq xoʻjalik mahsulotlari va atrof muhitni ifloslantirishiga yoʻl qoʻymasliklari shart.
Yuridik va jismoniy shaxslar zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
