29-modda. Avtomobil transportida xavfsizlik va ekologiya normalarini taʼminlash
Avtomobil transporti toʻgʻrisida (674-I-son) · Sana: 29.08.1998 · Amalda
Tashuvchi yoʻlovchilar, bagaj va yuklarni tashish, fuqarolar hayoti va sogʻligʻi, harakat xavfsizligini hamda atrof muhit muhofaza qilinishini taʼminlashi shart.
Avtotransport korxonalari, avtovokzallar, avtobekatlarning transport vositalari harakati va yuk ortish-tushirish ishlari amalga oshiriladigan hududlari oʻta xavfli tegralar hisoblanadi. Oʻta xavfli tegralarda boʻlish va unda ishlarni amalga oshirish qoidalari qonunchilik bilan belgilanadi.
Zaharlovchi, portlovchi, alangalanuvchi, radioaktiv, zaharli va boshqa xavfli yuklar faqat bunday yuklarni tashish qoidalariga muvofiq tashilishi lozim. Mijoz va tashuvchi ularning bexatar tashilishi, ortilishi va tushirib olinishini taʼminlashlari shart. Xavfli yuklarni qoʻriqlash va kuzatib borish yukni joʻnatuvchilar yoki oluvchilar tomonidan butun yoʻl davomida taʼminlanadi.
Xavfli yuklar roʻyxati va ularni tashish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
