Hokimiyatning konstitutsiyaviy idoralarini qoʻriqlash toʻgʻrisida (728-XII-son)
09.12.1992
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari buzilmasligiga asoslanib hamda xalq qonuniy tarzda saylab qoʻygan hokimiyat idoralariga qarshi qaratilgan faoliyatga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi deb hisoblab, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
I. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasida hamda ular asosida qabul qilingan qonunchilikda belgilab berilgan hokimiyat konstitutsiyaviy idoralarining vakolatlarini oʻzlashtirishga hech kim haqli emas. Hokimiyat konstitutsiyaviy idoralarining faoliyatini toʻxtatib turish yoki tugatish yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasida koʻzda tutilgan tartibdan farqli oʻlaroq tarzda hokimiyat tuzilmalarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi hamda qonunga binoan javobgarlikka tortishga sabab boʻladi. Hokimiyat konstitutsiyaviy idoralarining vakolatlarini oʻzlashtirib olgan idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tarqatib yuborilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-dekabr,
728-XII-son
