Oʻzbekiston Respublikasining Yevropa ittifoqi va unga aʼzo davlatlar bilan hamkorligini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (134-son)
22.03.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa hamjamiyatlari hamda ularga aʼzo davlatlar oʻrtasida 1996-yil 21-iyundagi Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni kelgusida bajarish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2004—2008-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa hamjamiyatlari hamda ularga aʼzo davlatlar oʻrtasida Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni amalga oshirishga doir asosiy tashkiliy chora-tadbirlari kompleks dasturi 1-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi” Hamkorlik kengashi, “Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi” Hamkorlik qoʻmitasi va tegishli kichik qoʻmitalarning Oʻzbekistonga oid qismi 2-ilovaga muvofiq tarkiblarda;
“Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi” Hamkorlik kengashining Oʻzbekistonga oid qismi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. TASIS dasturi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy muvofiqlashtiruvchisi vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga baʼzi muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin va ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri S.S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 22-mart,
134-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 22-martdagi 134-son qaroriga 1-ILOVA
2004—2008-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa hamjamiyatlari hamda ularga aʼzo davlatlar oʻrtasida Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni amalga oshirishga doir asosiy tashkiliy chora-tadbirlari
KOMPLEKS DASTURI
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 2-oktabrdagi 207-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 40-son, 396-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 22-martdagi 134-son qaroriga 3-ILOVA
“Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi” Hamkorlik kengashining Oʻzbekistonga oid qismi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa hamjamiyatlari hamda ularga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni taʼsis etuvchi 1996-yil 21-iyundagi Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim qoidalariga muvofiq tashkil etilgan Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi” Hamkorlik kengashining Oʻzbekistonga oid qismi (keyingi oʻrinlarda Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi deb ataladi) vazirliklar va idoralarning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni rivojlantirish sayʼ-harakatlarini muvofiqlashtiruvchi, shuningdek Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning samarali amalga oshirilishini taʼminlovchi organ hisoblanadi.
2. Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Kengashning Oʻzbekistonga oid qismiga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri — Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi” Hamkorlik kengashining hamraisi rahbarlik qiladi.
II. Asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Kompleks dasturda belgilangan tadbirlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish, Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim qoidalarini kelgusida bajarish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, siyosiy muloqotlarni rivojlantirish va kengaytirish, Yevropa Ittifoqi hamda unga aʼzo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy, texnologik va madaniy hamkorlik doirasidagi ahdlashuvlarni bajarish Kengashning Oʻzbekistonga oid qismining asosiy vazifasi hisoblanadi.
5. Quyidagilar Kengashning Oʻzbekistonga oid qismining asosiy funksiyalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining Yevropa Ittifoqi bilan har tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishning umumiy strategiyasi boʻyicha takliflar tayyorlash;
Kengash doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqining hamkorligi, Yevropa Ittifoqi hamda unga aʼzo davlatlar bilan sheriklik munosabatlari masalalari boʻyicha siyosiy muloqotning uzviyligini va unga koʻmaklashishni, Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim maqsadlari va vazifalariga muvofiq savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, sud-huquq va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirishni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasining Yevropa Ittifoqi bilan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hamkorligini mustahkamlash va rivojlantirish masalalari boʻyicha vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish;
milliy qonun hujjatlarini Yevropa Ittifoqi qonun hujjatlariga moslashtirishga hamda Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlarini bajarishga yoʻnaltirilgan tavsiyalarni ishlab chiqish;
Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim qoidalarini bajarish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni, tadbirlar rejalarini tasdiqlash va ularning ijrosini nazorat qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi Hamkorlik qoʻmitasi hamda hamkorlik kichik qoʻmitalarining Oʻzbekistonga oid qismi vazifalarini tasdiqlash va faoliyatini muvofiqlashtirish.
III. Tuzilmasi va tarkibi
6. Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi tarkibiga Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi raisi, Parlamentlararo hamkorlik qoʻmitasining Oʻzbekistonga oid qismi raisi (kelishuv boʻyicha), Hamkorlik qoʻmitasining Oʻzbekistonga oid qismi raisi, shuningdek kichik qoʻmitalar rahbarlari kiradi.
7. Hamkorlik qoʻmitasi va kichik qoʻmitalarning Oʻzbekistonga oid qismi funksiyalari, vakolatlari va ularning faoliyati tartibi Kengash tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq belgilanadi.
8. Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi faoliyatini taʼminlash, uning majlislarini tashkil etish va oʻtkazish uchun Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi kotibiyati (keyingi oʻrinlarda Kotibiyat deb ataladi) tashkil etiladi.
9. Kotibiyat funksiyalari, vakolatlari va faoliyati tartibi Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq belgilanadi.
IV. Vakolatlari
10. Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kompleks chora-tadbirlari dasturida belgilangan tadbirlarning bajarilishi toʻgʻrisida axborot soʻrab olish va uni eshitish;
Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasiga Parlamentlararo hamkorlik qoʻmitasi (kelishuv boʻyicha), Hamkorlik qoʻmitasi va uning kichik qoʻmitalari majlislari kun tartibiga, Oʻzbekiston Respublikasining delegatsiyalariga koʻrsatmalarga takliflar kiritish;
Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha takliflar kiritish;
kichik qoʻmitalarga Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi hamkorligini amalga oshirish masalalarini hal qilishni yuklash;
Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim qoidalarini bajarishga doir maslahatlashuvlar oʻtkazish va bajarilishi majburiy boʻlgan zarur tadbirlar ishlab chiqish;
Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimda belgilangan vazifalarni roʻyobga chiqarish maqsadida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirish huquqiga ega.
11. Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi tomonidan qabul qilinadigan qarorlar ijro etuvchi hokimiyat organlari va tashkilotlar uchun majburiydir.
V. Ishlarni tashkil etish
12. “Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi” Kengashining Oʻzbekistonga oid qismi majlislari yilning har choragida oʻtkaziladi.
13. “Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi” Kengashining majlislarini tayyorlash maqsadida Kengashning Oʻzbekistonga oid qismining navbatdan tashqari majlislari oʻtkazilishi mumkin.
14. “Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi” Kengashining Oʻzbekistonga oid qismi faoliyatiga rais rahbarlik qiladi, Rais:
Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi majlislarini olib boradi;
Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi majlislari kun tartibini tasdiqlaydi;
Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni amalga oshirish masalalari boʻyicha boshqa davlatlarning tegishli organlari va xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarda Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi nomidan vakillik qiladi;
Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi faoliyatiga rahbarlik qilish boʻyicha boshqa funksiyalarni bajaradi.
15. Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun, zarur hollarda, vazirliklar, idoralar, davlat hokimiyati mahalliy organlari rahbarlarini, shuningdek kelishuv boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlarini va Senati aʼzolarini, xalqaro tashkilotlar va biznes vakillarini, boshqa mamlakatlar diplomatik vakillarini jalb qilishi mumkin.
16. Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi oʻz ishlarini oʻzi tasdiqlaydigan ish rejasiga muvofiq tashkil etadi.
17. Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi majlislari qarorlari protokollar bilan rasmiylashtiriladi, ular Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi raisi tomonidan imzolanadi.
18. Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi asosiy vazifalar va oʻz faoliyati yoʻnalishlariga muvofiq ishchi guruhlar tashkil etishga haqlidir.
VI. Yakunlovchi qoidalar
19. Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi faoliyati “Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi” Hamkorlik kengashi faoliyati toʻxtatilgan paytdan boshlab toʻxtatiladi.
20. Kengashning Oʻzbekistonga oid qismi faoliyatini toʻxtatish Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 22-martdagi 134-son qaroriga 4-ILOVA
I. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa hamjamiyatlari va ularga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni amalga oshirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar haqida” 1999-yil 5-iyuldagi 328-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa hamjamiyatlari va ularga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni amalga oshirish yuzasidan kompleks dasturi toʻgʻrisida” 1999-yil 3-sentabrdagi 415-son qarori.
II. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekistonda Ovropa Ittifoqi Komissiyasining texnikaviy yordamni muvofiqlashtirish Byurosini tashkil etish toʻgʻrisida” 1994-yil 24-yanvardagi 29-son qarorida 2-band chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Ikki tomonlama Hukumatlararo va idoralararo komissiyalar, qoʻmitalar hamda kengashlar tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1998-yil 14-dekabrdagi 520-son qaroriga 1-ilova chiqarib tashlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hukumat komissiyalarini tashkil etish masalalari boʻyicha ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar, qoʻshimchalar kiritish va baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2000-yil 19-sentabrdagi 359-son qaroridagi 1-ilovaning 24 va 29-bandlari chiqarib tashlansin.
