(108-son)
18.03.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Farmoyishi
Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga qulay yashash sharoitlari yaratish, sanitariya-gigiyena normalariga rioya qilish, atrof-muhitni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, shuningdek, tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish kabi xalq anʼanalarini tiklash maqsadida:
1. Xalqaro «EKOSAN» jamgʻarmasining har yili Oʻzbekiston Respublikasida Ekologiya va salomatlik kunlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Ekologiya va salomatlik kunlarini oʻtkazish tartibi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar «EKOSAN» jamgʻarmasiga va uning boʻlimlariga Ekologiya va salomatlik kunlarini oʻtkazishda butun choralar bilan koʻmaklashsinlar, atrof-muhitni obodonlashtirish, uni ifloslantirishga olib keluvchi va inson salomatligiga salbiy taʼsir qiluvchi sabablarni bartaraf etish maqsadida shanbaliklar va boshqa ommaviy tadbirlarni birgalikda tashkil etsinlar. Shanbaliklardan tushgan mablagʻlar ijtimoiy-ekologiya dasturlarni amalga oshirish uchun «EKOSAN» jamgʻarmasiga yoʻnaltirilsin.
4. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Ekologiya va salomatlik kunlarini tashkil etish va oʻtkazishda alohida oʻrnak koʻrsatganlarni taqdirlash joylardagi hokimliklar tomonidan amalga oshiriladi, yilning yakunlari boʻyicha esa «EKOSAN» jamgʻarmasining maxsus diplomlari hamda pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar.
5. «Oʻzteleradio» kompaniyasi, gazeta va jurnallar tahririyatlari ekologiya va salomatlik kunlarining oʻtkazilishini va bu tadbirlarda faol qatnashayotgan jamoalarning tajribasini keng yoritsinlar.
6. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar va Madaniyat boʻlimiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997 yil 18 mart,
108-f-son
Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 18 martdagi 108-f-son farmoyishi bilan TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasida Ekologiya va salomatlik kunlarini oʻtkazish
TARTIBI
1. Ekologiya va salomatlik kunlari Xalqaro «EKOSAN» jamgʻarmasi tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
2. Ekologiya va salomatlik kunlarining maqsadi qulay barqaror ekologik vaziyatni taʼminlash, turli kasalliklar tarqalishining oldini olishni, fuqarolarning yashash va ish joylarida sanitariya-gigiyena normalariga rioya qilinishini taʼminlash, hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish kabi xalq anʼanalarini tiklashdan iboratdir.
3. Ekologiya va salomatlik kunlarini tashkil etish va oʻtkazishda Xalqaro «EKOSAN» jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar boʻlimlaridan tashqari hokimliklar, vazirliklar, idoralar, korxonalar. tashkilotlar, muassasalar, oʻquv yurtlari, jamoat birlashmalari, xususiy kompaniyalar. qoʻshma korxonalar va firmalar, shuningdek, turar joylardagi aholi ham ishtirok etadi.
4. Ekologiya va salomatlik kunlari har yili uch bosqichda oʻtkaziladi, unda turli tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutiladi.
BIRINChI BOSQICh (mart - may, «Navroʻz» bayrami kunlariga bagʻishlanadi)
Bu bosqich doirasida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi:
Hududlarni koʻkalamzorlashtirish, yangi bogʻlar, istirohat bogʻlari, xiyobonlar barpo etish, koʻchalar, sugʻorish tarmoqlari va temir yoʻl trassalari boʻylab teraklar va boshqa daraxtlarning tez oʻsadigan xillarini ekish maqsadida respublika, viloyat, shahar va tumanlar shanbaliklari (hasharlar);
sanoat, qishloq xoʻjaligi korxonalari, sogʻliqni saqlash, umumiy ovqatlanish, xalq taʼlimi obʼektlari va boshqa obʼektlardagi ish joylarida sanitariya va gigiyena normalariga rioya qilinishini tekshirish;
daraxtzorlarning normal holatini taʼminlashga oid kompleks agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish;
sugʻorish tarmoqlarini, kanallar, ariqlar, suv havzalari, zovurlar, quduqlar va hovuzlarni tozalash va obodonlashtirish, ularning qirgʻoqlarini mustahkamlash va koʻkalamzorlashtirish;
yoʻqolib borayotgan noyob oʻsimliklar va hayvonot olamini asrab-avaylashga qaratilgan tadbirlar, qush uyalari oʻrnatish, yovvoyi hayvonlar va qushlarni oziqlantirish, oʻquvchi yoshlar oʻrtasida «Yashil nazoratchi», yosh naturalistlar, tabiatni sevuvchilar harakatlarini, «EKOSAN» klublarini tashkil etish va boshqalar;
tozalash qurilmalari, changgaztutqichlar va filtrlar, zaharli dorilar, mineral oʻgʻitlar, pistesidlar, biopreparatlar va boshqa zaharli moddalar saqlanayotgan omborlarni tuzatish va ularni tabiat muhofazasi normalariga muvofiq holga keltirish, ishlovchilarni shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlash, texnika xavfsizligi talablarini bajarish;
«Navroʻz» bayrami, milliy, madaniy dam olish, sport anʼanalarini va udumlarni tiklash tadbirlarida qatnashish;
«Bizning kelajagimiz va ekologiya», «Sport, ekologiya va salomatlik», «Bolalar va tabiat». «Sanʼat va ekologiya» va boshqa mavzularda konsertlar, koʻrik tanlovlar, sport turnirlari, koʻrgazmalar, festivallar va boshqa ommaviy-madaniy tadbirlar oʻtkazish;
aholi salomatligini saqlashning ekologiya sanitariya-gigiyena normalarini targʻib qilish maqsadida tele-radio eshittirishlar tayyorlash, gazeta va jurnallarda, axborot maʼlumotnomalarida maqolalar eʼlon qilish, lektoriylar, suhbatlar va uchrashuvlar oʻtkazish.
IKKINChI BOSQICh (iyun — avgust, Butun jahon atrof-muhitni himoya qilish kuniga bagʻishlanadi)
Bu davr mobaynida quyidagilar tashkil etiladi:
hududlarni obodonlashtirish va sanitariya jihatidan tozalash yuzasidan shanbaliklar (hasharlar) oʻtkazish, shuningdek, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishdan tushgan mablagʻlarni Xalqaro «EKOSAN» jamgʻarmasining viloyat boʻlimlari hisob raqamiga oʻtkazish;
maishiy chiqindi joylari va axlatxonalarni, vodoprovod va kanalizatsiya inshootlarini, sanoat va qishloq xoʻjaligi obʼektlari, kasalxonalar, bolalar muassasalari, maktablar, avto va temir yoʻl vokzallari, aeroportlar, dehqon bozorlari va oziq-ovqat tovarlari ommaviy savdo qilinadigan boshqa joylar hududlarini sanitariya va ekologiya normalariga muvofiq keltirishda qatnashish;
sanoat, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqargan korxonalarida, qurilish obʼektlarida, transport, aloqa va savdo tarmoqlarida sanitariya holatini yaxshilash kabi profilaktik tadbirlar oʻtkazish;
suv olinadigan inshootlar ishini, quduqlar, ochiq suv havzalarining sanitariya-himoya zonalari holatini zararsizlantiradigan va dezinfeksiya qiladigan moddalar mavjudligi va ulardan foydalanishni alohida nazorat qilish;
turli yuqumli, allergiya kasalliklari va revmatizmning tarqalishiga sababchi boʻladigan oʻchoqlar — zax ertoʻlalar, botqoqqa aylangan suv havzalarini quritishga oid kompleks ishlarni amalga oshirish;
maishiy va sanoat chiqindilarini yigʻish va ehtiyotkorlik bilan chiqarib tashlash, oqova suvlarning tabiiy suv havzalari va daryolarga tashlanishiga yoʻl qoʻymaslik, aholi istiqomat qiladigan mahallalar va dahalarda oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan axlatxonalarni bartaraf etish;
«SES-EKOSAN» dasturini amalga oshirish doirasida shaharlar va aholi istiqomat qiladigan joylarning sanitariya holatini tekshirish, chet eldan keltirilayotgan kundalik oziq-ovqat va sanoat tovarlarining sifatini, milliy taomlar, boshqa oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar tayyorlash va sotish bilan shugʻullanayotgan xususiy oshxonalar faoliyatining sanitariya va boshqa sharoitlarini, shuningdek avtoyonilgʻi quyish stansiyalari maorif, madaniyat va sport maskanlarining holatini qattiq nazorat qilish;
ekologiya jihatidan noqulay regionlarda istiqomat qilayotgan aholiga yuqori malakali tibbiy yordam koʻrsatish va maslahat berish muruvvat yordami koʻrsatish uchun «Salomatlik poyezdlari» va «EKOSAN» avtopoyezdlarini tashkil etish;
sanitariya ekologik vaziyatni yaxshilash uchun qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilish maqsadida xayriya konsertlari, teatr tomoshalari, sport va dam olish tadbirlarini amalga oshirish;
tabiatni asrash mavzusiga bagʻishlangan koʻrgazmalar, qushlar va gullar bayramlari, bolalar chizgan rasmlar tanlov-koʻriklari, ekologiya va salomatlik ertaliklarini oʻtkazish, kino va telefilmlar namoyish qilish;
atrof muhitni va inson salomatligini avaylab asrashning dolzarb muammolari yuzasidan konferensiyalar, uchrashuvlar va seminarlar, maxsus telekoʻpriklar, uzluksiz telekoʻrsatuvlar va radiomuloqotlar oʻtkazish, televideniye va radioda, respublika va mahalliy gazetalar sahifalarida taniqli ekolog olimlar, shifokorlar va boshqa mutaxassislarning chiqishlarini taʼminlash.
UChINChI BOSQICh (sentabr — dekabr, Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuniga bagʻishlanadi)
Bu bosqichda quyidagi tadbirlar oʻtkaziladi:
qishga tayyorgarlik koʻrish doirasida obodonlashtirish, tuzatish-tiklash, daraxtzorlar barpo etish va boshqa ishlarni tashkil etish;
shahar va qishloqlarda sanitar tozalash, obodonlashtirish, daraxtlar oʻtkazish yuzasidan shanbaliklar (hasharlar) oʻtkazish, ish joylarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishdan tushgan tushumlarni Xalqaro «EKOSAN» jamgʻarmasi boʻlimlarining hisob-kitob schyotlariga oʻtkazish;
xazonlarni toʻplash, saqlash va kompostlash uchun maxsus maydonlar ajratish, ularni oʻz vaqtida olib ketish uchun yuk tashish, tushirish transportlari etarli miqdorda ajratilishini taʼminlash;
zaharli dorilar, mineral oʻgʻitlar va boshqa zaharli moddalarni hisobga olish va ularni qish davrida xavfsiz saqlash;
qoʻriqxonalar, tabiat yodgorliklari muhofazasi ustidan nazoratni kuchaytirish, daraxtzorlar kesilishining oldini olish;
atrof-muhitni va inson salomatligini muhofaza qilishning dolzarb muammolariga bagʻishlab taniqli ekolog olimlar, tibbiyot xodimlari bilan telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlarida uchrashuvlar, suhbatlar oʻtkazish, gazeta va jurnallar sahifalarida ularning maqolalarini chop etish;
Orol dengizining qurigan havzasidan koʻtarilayotgan tuz-chang boʻronlarini bartaraf etish maqsadida qumlarni daraxtzorlar barpo qilish bilan mustahkamlash;
«SES-EKOSAN» dasturini amalga oshirish doirasida paxta maydonlarida defoliantlarning toʻgʻri qoʻllanilishini, shahar va qishloq bozorlarida sotilayotgan poliz mahsulotlari tarkibidagi nitratlarni, meva va sabzavotlar qishga omborlarga saqlashga qoʻyilishi va konserva qilinishi, yoqilgʻi va energiyadan tejab-tergab foydalanilishi ustidan nazorat oʻrnatish.
Ekologiya va salomatlik kunlarini yakunlash ShARTLARI
Ekologiya va salomatlik kunlari yakunlari 15 may, 15 avgust, 15 noyabrda tuman, shahar, viloyatlar ishchi guruhlari tomonidan yakunlanadi. Ishchi guruhlari tarkibiga quyidagilar kiradi:
hokimning birinchi oʻrinbosari, Xalqaro «EKOSAN» jamgʻarmasi boʻlimi boshqaruvi raisi — ishchi guruhi raisi;
Xalqaro «EKOSAN» jamgʻarmasi boʻlimi direktori;
Tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasining raisi (oʻrinbosari);
Sanepidstansiya bosh shifokori;
Obodonlashtirish xizmatining rahbari;
Kommunal xizmat rahbari;
Xalq taʼlimi boʻlimi mudiri;
Sanitariya militsiyasi vakili;
Jamoat tashkilotlarining vakillari;
Ommaviy axborot vositalari vakillari.
Gʻolib deb topilgan sanoat, qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalar, mahalla jamoalari, shahar, tuman va viloyatlar hokimliklarining faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovrinlari bilan mukofotlanadilar. Ularning tajribasi ommaviy axborot vositalarida keng yoritilali.
Ekologiya va salomatlik kunlarining barcha bosqichlari yakunlari boʻyicha gʻolib deb topilgan eng yaxshi korxona, xoʻjalik, muassasa, mahalla, shahar va tumanlar haqidagi maʼlumotlar viloyat ishchi guruhi tomonidan koʻrib chiqish uchun Respublika ishchi guruhiga 10 dekabrga qadar topshiriladi.
Gʻoliblar Xalqaro «EKOSAN» jamgʻarmasining faxriy yorliqlari hamda korxona uchun 50 ming soʻm, xoʻjalik uchun — 50 ming soʻm, muassasa uchun — 40 ming soʻm, mahalla uchun — 50 ming soʻm, tuman va shahar uchun 100 ming soʻm miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar.
Eslatma:
Ekologiya va salomatlik kunlari yakunlari boʻyicha gʻolib deb topilgan shahar va tumanlarga pul mukofoti oʻrniga sogʻliqni saqlash muassasalariga uning miqdoriga teng qiymatda dori-darmonlar, tibbiy asbob-anjomlar ham berilishi mumkin.
