Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (OʻZR AQ-160) (1734-son)
29.10.2007
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PARVOZLAR XAVFSIZLIGINI NAZORAT QILISH DAVLAT INSPEKSIYASI BOSHLIGʻINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 29-oktabrda 1734-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksining 30-moddasiga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni IKAO standartlari va tavsiyalarini inobatga olgan holda takomillashtirish maqsadida buyuraman:
1.“Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalari” (OʻzR AQ-160) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin oʻn kun oʻtgach amalga kiritilsin.
3. Mazkur qoidalar amalga kiritilgan vaqtdan boshlab, Davavianazorat boshligʻi tomonidan 2000-yil 28-yanvar kuni tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi aerodromlarini sertifikatlash boʻyicha qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi X. TROBOV
Toshkent sh.,
2007-yil 10-sentabr,
138-son
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2007-yil 10-sentabrdagi 138-son buyrugʻi bilan TASDIQLANGAN
“Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalari” (OʻzR AQ-160)
Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi, XFAT (IKAO) Chikago konvensiyasiga (14-ilova) muvofiq, parvozlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, aerodromlarni sertifikatlashtirish va ularni keyingi ekspluatatsiya jarayonida havo kemalari parvozlari xavfsizligini taʼminlash darajasida tutib turish uchun bajarilishi lozim boʻlgan sertifikatlash talablarining yagona tartibini belgilab beradi.
I. Umumiy qoidalar
§ 1. Asosiy tushunchalar va qisqartmalar
1. Mazkur Qoidalar maqsadida quyidagi asosiy tushunchalar va qisqartmalardan foydalaniladi:
AQ — Aviatsiya qoidalari
AQI — Avariyadan qutqarish ishlari
AFQ — Antenna-fider qurilmasi
“Oʻzaviatsiya” agentligi – Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi
YOSU — Yorugʻlik-signal uskunasi
PQAQTX — Parvozlarni qidirish-avariyadan qutqarish taʼminoti xizmati
PEYOTT — Parvozlarni elektr-yoritish texnik taʼminoti
RTUAE — Radiotexnik uskunalar va aloqa ekspluatatsiyasi
XFAT (IKAO) — Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti
Aerodrom — quruqlikdagi yoki suv sathidagi maxsus jihozlangan, havo kemalarining kelib qoʻnishi, joʻnashi va shu sath boʻylab harakatlanishi uchun toʻliq yoki qisman moʻljallangan uchastka unda joylashgan binolar, inshootlar hamda anjomlar;
Aerodrom sertifikati — belgilangan qoidalar asosida vakolatli organ tomonidan aerodromni ekspluatatsiya qilish uchun beriladigan sertifikat;
Aerodromni sertifikatlash — aerodromlarning belgilangan talablarga muvofiqligini va parvozlarning xavfsizligini taʼminlay olish xususiyatini aniqlaydigan rasmiy jarayon
Aerodrom ekspluatanti — Oʻzbekiston Respublikasining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan oʻzga davlatning muayyan aerodromga mulk huquqi asosida (aerodrom egasi), ijara shartnomasiga binoan yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra egalik qiluvchi hamda aerodromning muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan yuridik shaxsi yoki fuqarosi
Sertifikatning amal qilishini toʻxtatib qoʻyish — “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan sertifikatning amal qilishini vaqtinchalik toʻxtatib qoʻyish boʻyicha rasmiy jarayon, bunda sertifikatning amal qilishini toʻxtatib qoʻyishga olib kelgan kamchiliklar bartaraf etilgandan soʻng uni tiklash huquqi beriladi
Sertifikatlash talablari — aerodrom ekspluatanti tomonidan parvozlar xavfsizligini taʼminlash uchun bajarilishi shart boʻlgan texnik va tashkiliy talablar yigʻindisi.
Parvozlar xavfsizligini boshqarish tizimi — parvozlar xavfsizligi boshqaruviga tuzilmaviy yondashuv boʻlib, zarur boʻlgan tashkiliy tuzilmani, javobgarlik bosqichlarini, tamoyillari va tartiblarini oʻz ichiga oladi.
2. Mazkur Qoidalar barcha fuqaro va eksperimental aviatsiya aerodromlariga, shuningdek fuqaro havo kemalarini qabul qilish va joʻnatishni amalga oshiradigan hamkorlikda foydalanish (joylashish) aerodromlariga tatbiq etiladi.
3. Fuqaro va eksperimental aviatsiyaga moʻljallangan aerodromlar sertifikatlanishi shart.
Aerodromlardan aviatsiya tashuvlarini bajaradigan havo kemalarini qabul qilish va joʻnatish maqsadida foydalanish faqatgina aerodromning amaldagi sertifikati asosida amalga oshirilishi mumkin.
4. Aerodromlarni sertifikatlashtirish “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan ushbu Qoidalarga muvofiq bepul amalga oshiriladi*.
* Xalqaro aeroport aerodromlarini sertifikatlashdan oʻtkazish Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
5. Fuqaro va eksperimental aviatsiya havo kemalari parvozlari xavfsizligini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining aviatsiya qoidalarida nazarda tutilgan talablar mazkur Qoidalar maqsadlari uchun sertifikatlash talablari hisoblanadi hamda mazkur talablar “Oʻzaviatsiya” agentligining rasmiy saytiga joylashtirib boriladi.
6. Aerodrom asbob-uskunalari Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasi yoki ishlab chiqaruvchi (tayyorlovchi) mamlakat aviatsiya maʼmuriyati tomonidan berilgan sertifikatga ega boʻlishi kerak.
7. Yoʻlovchi, bagaj va yuklarni tashish uchun moʻljallangan aerodrom “Havo transportida yoʻlovchi va bagaj tashish qoidalari” (roʻyxat raqami 2238, 2011-yil 29-iyun) va Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli yuklarni havo transportida tashish qoidalari”da (OʻzR AQ-198) (roʻyxat raqami 1721, 2007-yil 25-sentabr) belgilangan talablarga javob berishi kerak.
71. Aerodromlarni sertifikatlashda aerodrom ekspluatanti tomonidan parvozlar xavfsizligi boshqarish tizimi ishlab chiqilib, unga quyidagilar kiritilishi lozim:
parvozlar xavfsizligi uchun xavf-xatarni aniqlash mezonlari;
maqbul darajada parvozlar xavfsizligini qoʻllab-quvvatlash uchun tegishli chora-tadbirlarni qabul qilish masalalari;
doimiy monitoring oʻtkazish va lozim darajada parvozlar xavfsizligiga muntazam baho berishni koʻrib chiqish masalalari, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur boʻlgan choralarni koʻrish maqsadida aviatsiya hodisalari va insidentlari hamda tegishli tendensiyalar tahlili;
parvozlar xavfsizligining umumiy darajasini doimiy oshirishning maqsadi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq mazkur tizim doirasida aerodrom ekspluatantining barcha tashkilotlarida parvozlar xavfsizligi masalalari boʻyicha javobgarlikni taqsimlash, shuningdek parvozlar xavfsizligi boʻyicha rahbariyatning toʻgʻridan-toʻgʻri javobgarligi aniq belgilanadi.
II. Sertifikatlash tartibi
§ 1. Umumiy qoidalar
8. Aerodromni sertifikatlash tartibi quyidagi bosqichlardan iborat:
a) arizani qabul qilish va roʻyxatga olish;
b) arizani oldindan koʻrib chiqib, ariza beruvchiga uni qabul qilinganligi yoki rad etilganligi toʻgʻrisida yozma ravishda bildirish;
v) arizani va asoslovchi hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazish va aniqlangan kamchiliklar toʻgʻrisida ariza beruvchiga yozma ravishda bildirish;
g) ariza beruvchidan asoslovchi hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazish vaqtida aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilganligi toʻgʻrisida hujjatlarni qabul qilib olish va kamchiliklar bartaraf etilganligini tekshirish;
d) aerodromning sertifikatlash talablariga muvofiqligini joyiga chiqib tekshirish va ularning natijalari boʻyicha dalolatnoma tuzish;
e) aerodrom ekspluatantidan sertifikatlash boʻyicha tekshirish oʻtkazish vaqtida aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilganligi toʻgʻrisida hujjatlarni qabul qilib olish;
j) aerodromni takroran tekshirishdan oʻtkazish (zarur boʻlgan hollarda);
z) tekshirish natijalariga koʻra aerodromga sertifikat berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror loyihasini tayyorlash.
9. Aerodrom ekspluatanti sertifikatlashlar oraligʻidagi davr mobaynida quyidagilar oʻzgarganligi toʻgʻrisida ushbu oʻzgarishlardan soʻng bir oy ichida “Oʻzaviatsiya” agentligiga yozma ravishda bildirishi kerak:
a) yuridik shaxs maqomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgarganligi;
b) mulkchilik shakli oʻzgarganligi;
v) boshqa muassasa ixtiyoriga oʻtganligi.
91. Aerodrom ekspluatanti tomonidan aerodromning sertifikatlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot aeronavigatsiya maʼlumot xizmatiga berilishi lozim.
10. Aerodrom sertifikatining amal qilish muddati tugaganidan soʻng, oʻn kunlik muddat ichida sertifikat “Oʻzaviatsiya” agentligiga qaytarib berilishi kerak.
§ 2. Sertifikatlash uchun ariza berish
11. Aerodrom ekspluatanti tomonidan sertifikatlash toʻgʻrisida ariza mazkur Qoidalarning 1-ilovasida koʻrsatilgan shaklda taqdim etiladi.
12. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) aerodromni sertifikatlashda ariza beruvchining majburiyatlari (2-ilovaga muvofiq);
b) asoslovchi hujjatlar, parvozlarni radio va yoritish-texnik taʼminoti vositalarini yer ustida va parvozda tekshirib koʻrilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomalar (3-ilovaga muvofiq shaklda);
v) Aerodrom hududida parvozlarni amalga oshirish boʻyicha yoʻriqnoma;
g) Aerodrom boʻyicha qoʻllanma (3a-ilovaga muvofiq).
13. Sertifikatlash toʻgʻrisidagi ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan koʻrib chiqilishi uchun asos hisoblanadi. “Oʻzaviatsiya” agentligiga kelib tushgan ariza oʻsha kunning oʻzida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. “Oʻzaviatsiya” agentligi arizachiga ariza roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjat (belgi) berishi, ariza elektron shaklda berilgan taqdirda esa, ariza roʻyxatdan oʻtkazilganligini “Oʻzaviatsiya” agentligining rasmiy veb-saytidagi elektron xabar bilan, tegishli yozuvga havola bilan yoki qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa usul bilan tasdiqlashi shart.
“Oʻzaviatsiya” agentligida arizani roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Ariza va unga ilova qilinadigan barcha hujjatlarning asl nusxasi yoki ularning nusxalari taqdim etiladi.
15. Aerodrom sertifikatini amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida ariza bilan “Oʻzaviatsiya” agentligiga murojaat qilinadi.
“Oʻzaviatsiya” agentligi arizani koʻrib chiqadi va hujjatlar qabul qilingan sanadan boshlab oʻttiz ish kunidan oshmaydigan muddatda aerodrom sertifikatini beradi yoki uni berishni rad etadi.
16. Arizani tayyorlash ariza beruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Arizachi arizada va ilova qilingan hujjatlarda bayon etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgar boʻladi.
17. Ushbu Qoidalarning 12 va 14-bandlari talablari bajarilmaganda “Oʻzaviatsiya” agentligi arizani koʻrib chiqishni rad etishi mumkin.
§ 3. Arizani dastlabki baholash va asoslovchi hujjatlarni ekspertiza qilish
18. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni dastlabki baholash u roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kunlik muddat ichida amalga oshiriladi. Agar ushbu muddat ichida ariza qabul qilinadigan yoki rad etiladigan boʻlsa, bu haqida ariza beruvchiga yozma xabarnoma yuboriladi.
19. Arizani va ilova qilingan hujjatlarni dastlabki baholashda quyidagilar tekshiriladi:
a) aerodrom va uning elementlarining amaldagi sertifikatlash talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi axborotlarning yetarliligi;
b) aerodromdan foydalanish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalarning mavjudligi va ularning belgilab qoʻyilgan talablarga muvofiqligi toʻgʻrisida maʼlumotlar;
v) asoslovchi hujjatlarning toʻliqligi.
g) aerodromga texnik xizmat koʻrsatish va foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan muhim ishlarni bajarish uchun tajribali va tegishli malakaga ega boʻlgan xodimlarni yetarliligi.
20. Ariza bilan birga taqdim etilgan hujjatlarni dastlabki baholash natijalari salbiy boʻlganda ariza beruvchiga uning arizasi qaytarib berilishining asoslangan sabablarini koʻrsatgan holda xabarnoma yuboriladi.
21. Asoslovchi hujjatlarning ekspertizasi aerodrom elementlari va uning asbob-uskunalarining sertifikatlash talablariga muvofiqligini tekshirishdan iborat.
22. Alohida hollarda, aerodromlarning sertifikatlash talablaridan chetga chiqishiga yoʻl qoʻyiladi, bunda yoʻl qoʻyilgan chetga chiqishlar oʻrniga parvozlarning mos ravishdagi xavfsizlik darajasini taʼminlaydigan tadbirlarning kiritilishi shart.
Bunda, ariza beruvchi mazkur Qoidalarning 4-ilovasida keltirilgan shakl boʻyicha parvoz xavfsizligining mos ravishdagi darajasini taʼminlashi haqidagi xulosasini tayyorlaydi, shuningdek parvozlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida xavflar tahlilini ishlab chiqadi va “Oʻzaviatsiya” agentligi bilan kelishilgan xolda tasdiqlaydi.
23. Asoslovchi hujjatlar boʻyicha kamchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda, ariza beruvchi ularni sertifikatlash tekshiruvi tugagunga qadar bartaraf etishi shart.
24. Asoslovchi hujjatlar ekspertizasi ijobiy baholanishi natijalariga koʻra “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan ariza beruvchini sertifikatlash tekshiruvidan oʻtkazish haqida qaror qabul qilinadi, bunda ariza beruvchi bilan kelishilgan holda uni oʻtkazish muddatlari belgilanadi va mazkur Qoidalarning 5-ilovasidagi shakl koʻrinishida ariza beruvchiga yoʻllanadigan qaror qabul qilinadi.
§ 4. Sertifikatlash tekshiruvini oʻtkazish
25. Aerodromni tekshirish uchun komissiya “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan tayinlanadi. Sertifikatlash tekshiruvining dasturi komissiya tomonidan muayyan aerodromning oʻziga xos tomonlarini inobatga olgan holda namunaviy dastur asosida ishlab chiqiladi.
26. Aerodromlarni “Oʻzaviatsiya” agentligi komissiyasi tomonidan sertifikatlash tekshiruvidan oʻtkazish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
a) aerodromning sertifikatlash talablariga va ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga muvofiqligini joyida aniqlash;
b) yerdagi asbob-uskunalarining, aerodrom obyektlarining tarkibi va holatini, uning texnik jihozlanishini, parvozlarni va ularning xavfsizligini taʼminlashning tashkillashtirilishini aniqlash;
v) binolar, maʼmuriy xonalar, parvozlarni radiotexnik taʼminlash;
g) texnik ishlar oʻtkazish boʻyicha nazorat zonalari va boshqa obyektlar tegishlicha jihozlanganligi, uzluksiz ishlashi, nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun yaroqliligiga ishonch hosil qilish.
27. Tekshiruv natijalariga koʻra besh ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda tekshiruv natijalari, mulohazalar va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar koʻrsatilgan dalolatnomada rasmiylashtiriladi.
28. Aerodromni sertifikatlash natijalariga koʻra sertifikatlashning yakunlari, komissiyaning xulosalari va bajarilishi shart boʻlgan takliflari aks ettiriladigan kompleks xulosa yakuniy hujjat hisoblanadi. Kompleks xulosa komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi va “Oʻzaviatsiya” agentligi rahbari oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi. Yakuniy xulosaning nusxasi ariza beruvchiga yoʻllanadi.
29. “Oʻzaviatsiya” agentligi tekshiruv natijalarini va aerodrom ekspluatantining dalolatnomada koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tadbirlarini koʻrib chiqadi. Zaruriyat boʻlganda qayta tekshiruv oʻtkaziladi va uning natijalariga koʻra tegishli dalolatnoma tuziladi.
30. Tekshiruvning tasdiqlangan dalolatnomasiga asosan ariza beruvchi kamchiliklarni bartaraf etishi va bu haqda “Oʻzaviatsiya” agentligiga xabar berishi shart.
31. Ariza beruvchining aybi bilan tekshirish oʻtkazilgan kundan boshlab oʻttiz ish kuni ichida sertifikat berish haqida qaror qabul qilinmasa, bunday ariza bekor qilinadi.
Ariza beruvchi umumiy asoslarga koʻra qaytadan ariza berishi mumkin.
§ 5. Aerodrom sertifikatini berish
32. Asoslovchi hujjatlarning ekspertizasi, sertifikatlash tekshiruv natijalari ijobiy boʻlsa, barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirish natijasi boʻyicha “Oʻzaviatsiya” agentligi aerodromga sertifikat berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
321. Asoslovchi hujjatlarning ekspertizasi va sertifikatlash tekshiruvi natijalari boʻyicha kamchiliklar aniqlanganda, kamchiliklar toifalangan xolda quyidagicha belgilanadi:
birinchi toifa — sertifikatning muddatini uzaytirishga (berishga) toʻsqinlik qiladigan hamda aerodrom ekspluatanti tomonidan kompleks xulosani rasmiylashtirishdan oldin bartaraf qilinishi majburiy boʻlgan parvozlar xavfsizligiga bevosita salbiy taʼsir koʻrsatuvchi kamchilik;
ikkinchi toifa — sertifikat muddatini uzaytirishga (berishga) toʻsqinlik qilmaydigan, shuningdek aerodrom ekspluatanti tomonidan ishlab chiqilgan hamda “Oʻzaviatsiya” agentligi bilan kelishilgan tegishli chora-tadbirlarga muvofiq bajarilishi majburiy boʻlgan kamchilik.
Bunda, sertifikatlash tekshiruvi natijasida birinchi toifa kamchiliklar aniqlangan taqdirda, “Oʻzaviatsiya” agentligi aerodromga sertifikat berish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, ikkinchi toifa kamchiliklar aniqlangan taqdirda esa, sertifikat berish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinib, kamchiliklar “Oʻzaviatsiya” agentligi bilan kelishilgan tegishli chora-tadbirlarda belgilangan muddatlarda bartaraf etilishi lozim boʻladi.
33. Aerodrom sertifikati “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan qatʼiy hisobda turuvchi blankda, mazkur Qoidalarning 6-ilovasiga muvofiq, belgilangan tartibda qayd qilinadi va uch yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.
34. Sertifikatning asl nusxasi ariza beruvchiga yoki bunday xatti-harakatlarni amalga oshirish vakolati berilgan shaxsga beriladi va nusxasi “Oʻzaviatsiya” agentligida saqlanadi. Sertifikat, u amalga kiritilgan vaqtdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Sertifikat yoʻqotilganda yoki yaroqsiz holga kelib qolganda belgilangan tartibda uning dublikati beriladi.
§ 6. Aerodrom sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish
35. Sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish aerodrom ekspluatantining arizasiga koʻra, birinchi marotaba sertifikat berishdagi singari tartibda amalga oshiriladi. Sertifikatning amal qilish muddati ichida oʻzgarish boʻlmagan hujjatlarni qaytadan topshirmaslikka ruxsat etiladi. Bunday holda tegishli hujjat umumiy roʻyxatga izoh (“oʻzgarishsiz”, “oldin taqdim etilgan”) bilan birga kiritiladi.
§ 7. Aerodrom sertifikatiga oʻzgartirish kiritish
36. Sertifikatga va asoslovchi hujjatlarga oʻzgartirish kiritish uchun aerodrom ekspluatanti zarur hujjatlarni ilova qilgan holda, mazkur Qoidalarning 3-ilovasiga muvofiq, “Oʻzaviatsiya” agentligiga ariza bilan murojaat qilishi kerak.
37. Sertifikatga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi ariza “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan II bobning 3-paragrafiga binoan koʻrib chiqiladi.
38. “Oʻzaviatsiya” agentligi sertifikatga oʻzgartirish kiritish uchun sertifikatlash tekshiruvi oʻtkazish (zaruriyat boʻlganda) muddatlarini belgilaydi. Sertifikatlash tekshiruvi tartibi ushbu Qoidalarning II bobning 4-paragrafi talablariga muvofiq oʻtkaziladi.
39. Sertifikatlash tekshiruvi natijalari ijobiy boʻlsa, barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirish natijasi boʻyicha “Oʻzaviatsiya” agentligi sertifikatga va asoslovchi hujjatlarga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
§ 8. Sertifikatni bekor qilish, uning amal qilishini toʻxtatish (tiklash)
40. “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan quyidagi hollarda sertifikatning amal qilishi bekor qilinadi:
a) aerodrom ekspluatanti sertifikatni bekor qilishni soʻrab yozma ravishda murojaat qilganda;
b) sertifikatning amal qilish muddati tugaganda;
v) aerodrom tugatilganda;
g) aerodromning amal qilish muddati toʻxtatilgan sertifikati belgilangan muddatlarda “Oʻzaviatsiya” agentligiga qaytarib berilmaganda.
41. “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan quyidagi hollarda sertifikatning amal qilishi toʻxtatiladi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida amal qiladigan talablar, shuningdek aerodrom sertifikatlanishida qoʻyilgan sertifikatlash talablari buzilganligi (rioya etilmaganligi) faktlari aniqlanganda;
b) aniqlangan parvozlar xavfsizligiga xavf tugʻdiruvchi kamchiliklarni yoki umuman parvozlar xavfsizligiga taʼsir etuvchi nomuvofiqliklarni bartaraf etish boʻyicha “Oʻzaviatsiya” agentligining koʻrsatmalari belgilangan muddatlarda bajarilmaganda;
v) parvozlar xavfsizligiga tahdid soluvchi va belgilangan tartibga muvofiq tekshirib koʻrilishi lozim boʻlgan hodisalarni yashirish;
g) parvozlar xavfsizligiga taʼsir etuvchi boshqa omillar aniqlanganda.
42. Aerodrom sertifikatini bekor qilish yoki amal qilishini toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror “Oʻzaviatsiya” agentligi rahbari tomonidan nazorat tekshiruvi oʻtkazish natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnomaga asosan qabul qilinadi. “Oʻzaviatsiya” agentligi tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay aerodrom ekspluatantini bu haqida yozma ravishda xabardor qiladi.
43. Aerodrom sertifikati bekor qilinganligi yoki amal qilishi toʻxtatib qoʻyilganligi toʻgʻrisida xabarnoma olgan aerodrom ekspluatanti:
a) sertifikatda koʻrsatib oʻtilgan ishlarni bajarishni zudlik bilan toʻxtatishi;
b) aerodromdan foydalanuvchilarni bu haqda xabardor qilish;
v) uch kunlik muddat ichida “Oʻzaviatsiya” agentligiga sertifikatning asl nusxasini qaytarishi shart.
44. Amal qilishi bir oydan ortiq, lekin uch oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib qoʻyilgan aerodrom sertifikatining amal qilishini tiklash ekspluatant tomonidan tegishli ariza berilib, kamchiliklar bartaraf etilganligi toʻgʻrisida hisobot taqdim etilgandan soʻng uning amal qilish muddatini uzaytirish tartibi boʻyicha amalga oshiriladi.
45. Qaytadan aerodrom sertifikatini olish uchun ekspluatant umumiy asoslarda ariza berishi kerak.
9 §. Aerodrom sertifikatining boshqa shaxsga berilishi
451. “Oʻzaviatsiya” agentligi aerodrom sertifikatining boshqa ekspluatantga berilishiga rozilik berishi mumkin, agarda:
a) aerodrom sertifikatining egasi aerodrom ekspluatatsiyasining tugashidan kamida 10 kun oldin “Oʻzaviatsiya” agentligiga yozma ravishdagi bildirishnoma bilan aerodromning ekspluatatsiyasi mazkur bildirishnomada koʻrsatilgan muddatda tugatilishi toʻgʻrisida xabar berganda;
b) aerodrom sertifikatining egasi “Oʻzaviatsiya” agentligiga taqdim etilgan yozma ravishdagi bildirishnomada sertifikat berilayotgan yangi ekspluatantning nomini koʻrsatganda;
v) aerodrom sertifikati berilayotgan ekspluatant aerodrom sertifikatining ilgarigi egasi aerodrom ekspluatatsiyasini tugatishidan oldin 10 kun muddatdan kechikmagan holda “Oʻzaviatsiya” agentligiga aerodrom ekspluatatsiyasini amalga oshirish uchun yozma ravishda ariza taqdim etganda.
452. “Oʻzaviatsiya” agentligi aerodrom sertifikati berilishi lozim boʻlgan ekspluatantning arizasi kelib tushgan kundan boshlab 20 kun ichida aerodrom sertifikatining boshqa ekspluatantga berilishi maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida qaror chiqaradi va bu haqda aerodrom sertifikati egasini va sertifikat berilishi lozim boʻlgan ekspluatantni yozma ravishda xabardor qiladi.
453. “Oʻzaviatsiya” agentligi aerodrom sertifikati berilishi rejalashtirilgan ekspluatantning aerodrom ekspluatatsiyasi va texnik xizmat koʻrsatish ishlarini tegishlicha amalga oshirish imkoniyatiga egaligiga ishonch hosil qilmasa yoki aerodrom sertifikatining boshqa shaxslarga berilishi aerodromning ekspluatatsiyasi jihatidan katta oʻzgarishlarga (masalan, uchish-qoʻnish yoʻlaklari, burilish yoʻlaklari va perronda oʻrnatiladigan vositalar sonining kamayishiga, mavjud aerodrom sertifikatida koʻrsatilgan ekspluatatsiya shartlarining oʻzgarishiga, xodimlar sonining kamayishiga) olib kelsa, aerodrom sertifikatining boshqa shaxslarga berilishiga rozilik bermasligi mumkin.
454. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq aerodrom sertifikati aerodrom egasining oʻzgarishi natijasida ham boshqa shaxslarga berilishi mumkin.
III. Sertifikatlangan aerodromlar faoliyati ustidan nazorat
§ 1. Nazoratni tashkil qilish
46. Ekspluatatsiya jarayonida havo transportida tashish xavfsizligini taʼminlash va sertifikatlangan aerodromlarning faoliyatini sertifikatlash talablari darajasida tutib turish maqsadida “Oʻzaviatsiya” agentligi sertifikatlangan aerodromlar faoliyati ustidan nazoratni aerodromlarda inspeksiya tekshiruvi oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiradi.
47. Quyidagi nazorat turlari nazarda tutiladi:
a) “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan tasdiqlangan nazorat reja-grafigiga muvofiq rejali nazorat tekshiruvlari. Rejali inspeksiya tekshiruvlarining davriyligi “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan aniqlanadi (sertifikatlashlar orasidagi davr ichida kamida bir marta);
b) “Oʻzaviatsiya” agentligining qaroriga koʻra aerodromning ushbu Qoidalarning talablariga javob berishi, sertifikat berilayotganda oʻrnatilgan shartlar va cheklashlarning bajarilayotganligini tekshirib baholash uchun oʻtkaziladigan rejadan tashqari inspeksiya tekshiruvlari;
v) “Oʻzaviatsiya” agentligiga aerodrom ekspluatanti, havo kemasining ekspluatanti tomonidan beriladigan axborotlarni inspeksiya tekshiruvi oʻtkazmasdan turib ekspert baholash.
48. Inspeksiya tekshiruvi oʻtkazish tartibi ushbu Qoidalarning talabiga javob berishi kerak. Tekshirish materiallari asoslovchi hujjatlar bilan birga saqlanadi.
§ 2. Aerodromlarni tekshirish
49. Aerodrom ekspluatanti “Oʻzaviatsiya” agentligi komissiyasi (inspektor) ishlashi uchun barcha shartlarni yaratishi shart.
50. Aerodromga yetib kelgan inspektor aerodrom rahbariyatiga oʻzini tanishtirishi, guvohnomasini koʻrsatishi, inspeksiya tekshiruvini oʻtkazish rejasi bilan tanishtirishi kerak.
Inspektorga topshiriq berish tartibi va topshiriq shakli “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan belgilanadi.
51. Nazorat davomida belgilangan tartib, talablar, qoidalar va amaliy uslublar bajarilishini tasdiqlash uchun inspektorlar faqatgina “Oʻzaviatsiya” agentligi koʻrsatmalariga muvofiq va aviatsiya qoidalari talablariga tayangan holda ish koʻrishlari kerak.
52. Aerodromlarni nazorat qilish vaqtida nazoratni amalga oshiradigan mutaxassislar binolar, inshootlar, maʼmuriy binolar, parvozlarni radiotexnik taʼminlash, texnik ishlar oʻtkazish boʻyicha nazorat zonalari va boshqa obyektlar tegishlicha jihozlanganligi, uzluksiz ishlashi, nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun yaroqliligi va sertifikatlash talablariga javob berishiga ishonch hosil qilishi kerak.
53. Inspeksiya tekshiruvi natijalari toʻgʻrisida dalolatnoma rasmiylashtirgan holda aerodrom ekspluatantiga xabar qilinadi. Dalolatnomada aniqlangan barcha kamchiliklar, ularni bartaraf etish muddatlari va tavsiya etiladigan tadbirlar koʻrsatiladi.
§ 3. Rejadan tashqari inspeksiya tekshiruvi
54. Quyidagilar rejadan tashqari inspeksiya tekshiruvi oʻtkazish uchun asos boʻladi:
a) aerodromda parvozlar xavfsizligi darajasi pasayganligi toʻgʻrisidagi axborot;
b) aerodromdan foydalanish jarayonida uning sertifikatlash talablariga nomuvofiq holga kelganligining aniqlanishi;
v) “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan oʻtkaziladigan aviatsiya hodisalarining oldini olish tadbirlari.
55. Rejadan tashqari inspeksiya tekshiruvi nazorat oʻtkazish sababidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan va “Oʻzaviatsiya” agentligi rahbari oʻrinbosari tomonidan tasdiqlangan dasturga muvofiq oʻtkaziladi.
56. Inspeksiya tekshiruvi natijalari ushbu Qoidalarning 53-bandiga muvofiq rasmiylashtiriladi.
IV. Aerodrom ekspluatantining huquq va majburiyatlari
57. Aerodrom ekspluatantining huquq va majburiyatlari:
a) aerodrom ekspluatanti sertifikatning faoliyatini toʻxtatish yoki sertifikatni bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror ustidan qonunchilikka muvofiq shikoyat qilish;
b) aerodromni sertifikatlash talablari darajasida va asoslovchi hujjatlardagi qoidalarga mos holda tutish va foydalanish;
v) aerodrom hududida parvozlarni amalga oshirish boʻyicha yoʻriqnomalardagi, aeronavigatsiya maʼlumotlari toʻplamlaridagi maʼlumotlarning aerodromning amaldagi holatiga va asoslovchi hujjatlardagi qoidalarga muvofiq boʻlishini taʼminlash;
g) tuzatishlarni belgilangan tartibda Aerodrom hududida parvozlarni amalga oshirish boʻyicha yoʻriqnomaga va Oʻzbekiston Respublikasining aeronavigatsiya axborotlari toʻplamiga kiritish;
d) aerodromda sertifikatlash talablariga nomuvofiqliklar aniqlanganda, zudlik bilan aerodromda parvozlarning xavfsizligini taʼminlaydigan cheklovlar kiritish va kiritilgan cheklovlar toʻgʻrisida “Oʻzaviatsiya” agentligiga axborot berish;
e) sertifikatlash boʻyicha rasmiylashtirilgan ish jildining unga kiritilgan barcha oʻzgarishlari bilan birgalikdagi bir nusxasiga ega boʻlish;
j) mazkur Qoidalarning 3-ilovasida koʻrsatilgan sertifikat olish (uzaytirish) uchun asoslovchi hujjatlar Roʻyxati boʻyicha taqdim qilinadigan hujjatlardagi maʼlumotlarning toʻgʻriligini taʼminlash.
V. Aerodrom ekspluatantining javobgarligi
58. Aerodrom ekspluatanti quyidagilar uchun javobgar hisoblanadi:
a) aerodromni parvozlar xavfsizligini taʼminlaydigan holatda tutib turish;
b) fuqaro aviatsiyasining aerodromlardan foydalanish masalalari boʻyicha faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlari talablarini bajarish;
v) aerodrom faoliyatini taʼminlash uchun zarur boʻlgan texnologik tadbirlarni ishlab chiqish;
g) boʻlinmalar va xizmatlarda aviatsiya faoliyatini belgilab beradigan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar boʻlishi;
d) asoslovchi hujjatlarda keltirilgan maʼlumotlarning toʻgʻri va aniq boʻlishi;
e) sertifikatda va asoslovchi hujjatlarda koʻrsatilgan aerodrom xarakteristikalaridagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalariga 1-ILOVA
“Oʻzaviatsiya” agentligi rahbariga Sertifikatlashtirishni oʻtkazish uchun ARIZA _________________________________________________________ aerodromga ______________________________________________ berishingizni soʻrayman(sertifikatlashtirish hujjatining nomi koʻrsatilsin)Aerodrom egasi ______________________________________________________ Aerodrom kod belgisi ____________________________________________________ Aerodrom magnit kursi ________________ XFAT (ICAO) ________________ toifasi boʻyicha jihozlangan (zaruratga qarab toʻldiriladi); Aerodrom xalqaro parvozlar uchun moʻljallangan (zaruratga qarab toʻldiriladi); _______________________________________________________ Aerodrom ___________________________________________________________(sertifikatlash talablaridan iborat hujjat nomi koʻrsatilsin)____________________________________________ talablariga javob beradi. Aerodromning ______________________________________________ bandlari(sertifikatlash talablaridan iborat hujjat nomi koʻrsatilsin)talablaridan chetga chiqishi oʻrniga parvozlarning mos ravishdagi xavfsizlik darajasini taʼminlaydigan tadbirlar kiritildi. Ilova: ushbu Qoidalarning 12-bandida koʻrsatilgan hujjatlar ________________________M.Oʻ.Ariza beruvchining imzosi
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalariga 2-ILOVA
Ariza beruvchining aerodromni sertifikatlashdagi MAJBURIYATLARI
Ushbu orqali _________________ aerodromi sertifikatlash talablariga javob berishini, taqdim etilgan hujjatlardagi axborot aerodromning amaldagi holatiga javob berishini tasdiqlayman va quyidagilarni oʻz zimmamga olaman:
1. Aerodromdan va uning asbob-uskunalaridan sertifikatlash talablariga muvofiq holda foydalanish va tutish.
2. Aerodrom ixtiyoridagi hududning holati va baland toʻsiqlar ustidan nazoratni taʼminlash.
3. Aeronavigatsiya axborotlari toʻplamidagi aerodromga taalluqli maʼlumotlarning, aerodrom hududida parvozlarni amalga oshirish boʻyicha yoʻriqnomalarning va sertifikatlash hujjatlarining aerodromning va uning asbob-uskunalarining amaldagi holatiga muvofiq boʻlishini koʻrsatilgan hujjatlarga kiritish uchun materiallarni oʻz vaqtida tayyorlash va muvofiqlashtirish orqali taʼminlash.
4. “Oʻzaviatsiya” agentligidan aerodrom xarakteristikasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish uchun ruxsat olish.
5. Aerodrom va uning asbob-uskunalari holatini nazoratdan oʻtkazish uchun “Oʻzaviatsiya” agentligi vakillarini aerodrom hududiga kiritish va ularning ishlashlari uchun koʻmaklashish.
6. Aerodrom ekspluatanti tomonidan ishlab chiqilgan va “Oʻzaviatsiya” agentligi bilan kelishilgan oʻquv dasturlari asosida aerodrom ekspluatatsiyasi va parvozlar xavfsizligiga jalb etilgan mutaxassislarning malakasi oshirib borilishini taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalariga 3-ILOVA
Sertifikat olish (uzaytirish) uchun asoslovchi hujjatlar ROʻYXATI
1-qism. Parvozlarni aerodrom-texnik taʼminoti
a) aerodrom-texnik taʼminoti xizmati xodimlari toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar:
familiyasi, ismi, otasining ismi, egallagan lavozimi;
maʼlumoti (taʼlim tashkiloti, diplom raqami, tugallangan vaqti, malakasi);
malaka oshirganligi (sana, taʼlim tashkiloti);
b) aerodrom xizmatini tashkiliy tuzilmasining sxemasi;
v) aerodrom xizmati toʻgʻrisida nizom;
g) aerodromning sertifikatlash talablariga muvofiqligini tekshirish dalolatnomasi;
d) aerodrom ixtiyoridagi hududni tekshirish dalolatnomasi;
e) uchish-qoʻnish yoʻlagi, harakatlanish yoʻlagi va toʻxtab turish joylaridagi sunʼiy qoplamalarning mustahkamligi va tekisligi toʻgʻrisidagi ilmiy tashkilotlarining xulosasi (besh yilda kamida bir marotaba olinadi);
j) aerodrom kod belgisi, qoplamalar mustahkamligi, qiyaliklar, qoplamalar holati, joylashgan oraliqlar, toʻsiqlarning muvofiqlik jadvallari;
z) aerodrom xizmati xodimlarining shtatlar jadvali;
i) xizmatga yuklangan barcha vazifa va topshiriqlarni hisobga olgan holda aerodrom xizmati xodimlarining zaruriy miqdorda borligini tasdiqlovchi hujjatlar;
k) aerodrom xizmati boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati;
l) aerodrom nazorat nuqtasidan 46 km radiusda joylashgan baland toʻsiqlarni hisoblash (suratga olish) boʻyicha geodeziya tashkilotining hisoboti. Bunda, ushbu hisobotlar besh yilda kamida bir marotaba amalga oshiriladi.
2-qism. Parvozlarni radiotexnik taʼminoti
a) RTUAE bazasi rahbar tarkibi va mutaxassislari toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar:
familiyasi, ismi, otasining ismi, egallagan lavozimi;
maʼlumoti (taʼlim tashkiloti, diplom maʼlumotlari, malakasi);
malaka oshirganligi (sana, oʻquv yurti);
b) Hujjatlar nusxasi:
RTUAE bazasi tashkiliy tuzilmasining sxemasi;
RTUAE bazasi toʻgʻrisida Nizom.
v) RTUAE bazasi shtatlar jadvali va uning toʻldirilishi.
g) RTUAE bazasiga biriktirilgan radiotexnik asbob-uskunalar roʻyxatining yigʻma jadvali, quyidagi maʼlumotlarni keltirgan holda: buyum turi, zavoddan berilgan raqami №, tayyorlangan sanasi, foydalanib boshlangan sana.
d) Radiolokatsiya, radionavigatsiya va aviatsiya elektraloqasining sertifikatlash talablariga muvofiqligi jadvali.
e) Obyektning xodimlar bilan toʻldirilganligi, xodimlarning malakasi, maxsus tayyorgarligi va shahodatdan oʻtkazilganligi.
j) Obyektda asbob-uskunalarning mavjudligi, ular toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda: zavoddan berilgan raqami, tayyorlangan sanasi, foydalanib boshlangan sana, imkoniyatlaridan qay darajada foydalanib boʻlinganligi.
z) Obyektning joylashish sxemasi va obyektda elektr taʼminoti sxemasi.
i) Obyektning foydalanish uchun qabul qilinganligi dalolatnomasining nusxasi.
y) Asbob-uskunalar, elektr taʼminoti, aloqa liniyasi va boshqaruvni rezervga olib qoʻyish boʻyicha yoʻriqnomalar, rezervga ulanishning (oʻtishning) normativ vaqti jadvali.
k) AFQ ulanish rejasi va sxemasi (aviatsiya elektr aloqasi obyektlari uchun).
l) Aloqa va boshqaruv liniyalari sxemasi.
m) Uchuvchilar va dispetcherlar tarkibining eʼtirozlarni qayd qilish daftaridan oxirgi olti oy uchun koʻchirma (ushbu obyektga taalluqli boʻlgan maʼlumotlar).
n) Oxirgi besh yil ichida obyektning ishlamay qolganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar shunday maʼlumotlar boʻlsa).
o) Parvozlarni radiotexnik taʼminoti obyektlarini va aviatsiya elektraloqasidan texnik foydalanishni metrologik taʼminlanganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma. Maʼlumotnomada quyidagi masalalar aks ettirilishi kerak:
RTUAE bazasida metrologik taʼminot uchun javobgar shaxs tayinlanganligi toʻgʻrisida;
Metrologik taʼminot toʻgʻrisidagi nizomning mavjudligi;
metrologik taʼminot boʻyicha tadbirlarni rejalashtirish;
rahbar tomonidan tasdiqlangan oʻlchov vositalarini tekshirish (kalibrovka) grafigi;
Oʻlchov vositalarini tekshirishdan (kalibrovka) oʻtkazish boʻyicha metrologik laboratoriyalarning mavjudligi;
metrologik taʼminot sohasida normativ-texnik hujjatlarning mavjudligi va roʻyxati;
radiotexnik asbob-uskunalar va elektraloqaga texnik xizmat koʻrsatish uchun oʻlchov vositalarining yetarliligi.
p) Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarning tashkil qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma. Maʼlumotnomada quyidagilar aks ettirilishi kerak:
butun RTUAE bazasi boʻyicha va tashkiliy boʻlinmalar boʻyicha mehnatni muhofaza qilish ishlarining tashkil etilishi uchun javobgar shaxslarni tayinlanganligi toʻgʻrisida (korxona rahbarining buyrugʻi);
korxona rahbari tomonidan tasdiqlangan mehnat muhofazasi va yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomalar roʻyxati (maʼlumotnomaga ilova);
maxsus oʻqitishni tashkil qilish, bilimlarni tekshirish, yoʻriqnomalar oʻtkazish va ishlashga ruxsat berish;
xavf darajasi yuqori boʻlgan ishlarda ishlashga ruxsat berishni tashkil etilishi;
elektr qurilmalardan xavfsiz foydalanishni tashkil etilishi;
RTUAE bazasi xodimlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazishning tashkil etilishi;
r) Obyektiv nazorat vositalarini yerdagi tekshirish bayonnomasi.
3-qism. Parvozlarni elektr-yoritish texnik taʼminoti
a) PEYOTT bazasi rahbar tarkibi va mutaxassislari toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar:
familiyasi, ismi, otasining ismi, egallagan lavozimi;
maʼlumoti (taʼlim tashkiloti, diplom maʼlumotlari, malakasi);
malaka oshirganligi (sana, oʻquv yurti);
b) Hujjatlar nusxasi:
PEYOTT xizmati tashkiliy tuzilmasining sxemasi;
PEYOTT xizmati toʻgʻrisida Nizom.
v) PEYOTT xizmati shtatlar jadvali va uning toʻldirilishi.
g) PEYOTT xizmatiga biriktirilgan radiotexnik asbob-uskunalar roʻyxatining yigʻma jadvali, quyidagi maʼlumotlarni keltirgan holda: buyum turi, zavoddan berilgan raqami №, tayyorlangan sanasi, foydalanib boshlangan sana;
d) Obyektning xodimlar bilan toʻldirilganligi, xodimlarning malakasi, maxsus tayyorgarligi va shahodatdan oʻtkazilganligi;
e) Yorugʻlik-signal asbob-uskunalari tizimining muvofiqlik jadvali (har bir qoʻnish yoʻnalishi uchun);
j) Yorugʻlik-signal tizimini yerdagi tekshirish dalolatnomasi;
z) Yorugʻlik-signal tizimini parvozda tekshirish dalolatnomasi, fotosuratlari bilan (har bir qoʻnish yoʻnalishi uchun). Uchuvchilar va dispetcherlar tarkibi eʼtirozlarni qayd qilish daftaridan YOSU ishi boʻyicha oxirgi olti oy uchun koʻchirma. Oxirgi besh yil ichida YOSU ishlamay qolganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar shunday maʼlumotlar boʻlsa);
i) Perronni va toʻxtab turish joyini projektor bilan yoritilishini tekshirish dalolatnomasi;
y) Yorugʻlik-signal tizimining foydalanish uchun yaroqli ekanligi toʻgʻrisidagi guvohnomadan nusxa;
k) Quyidagi sxemalar:
Aerodromning yorugʻlik-signal asbob-uskunalarining joylashuvi (signal chiroqlari, yoritgichli koʻrsatkichlar va b.)
Perronni va toʻxtab turish joyini projektor bilan yoritilishi.
l) Aerodromning elektr taʼminoti va elektrotexnik asbob-uskunalarining muvofiqlik jadvali;
m) Aerodromning elektr taʼminoti va elektrotexnik asbob-uskunalarini tekshirish dalolatnomasi;
n) Aerodromning elektr taʼminoti, qoʻnishda havodagi harakatni boshqarish vositalari obyektlarining, radionavigatsiya, aloqa, meteo taʼminot sxemasi*;
* Izoh: YOSU, aerodromning elektr taʼminoti, qoʻnishda havodagi harakatni boshqarish vositalari obyektlarining, radionavigatsiya, aloqa, meteo taʼminotni yerda tekshirish bayonnomalari ariza beruvchining xizmatida saqlanadi va rasmiy soʻroq boʻyicha sertifikatlashtirishga beriladi.
o) PEYOTT xizmatining metrologik taʼminlanganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma. Maʼlumotnomada quyidagi masalalar aks ettirilishi kerak:
PEYOTT xizmatida metrologik taʼminot uchun javobgar shaxs tayinlanganligi toʻgʻrisida;
metrologik taʼminot toʻgʻrisidagi Nizomning mavjudligi;
metrologik taʼminot boʻyicha tadbirlarni rejalashtirish;
rahbar tomonidan tasdiqlangan oʻlchov vositalarini tekshirish (kalibrovka) grafigi;
oʻlchov vositalarini tekshirishdan (kalibrovka) oʻtkazish boʻyicha metrologik laboratoriyalarning mavjudligi;
metrologik taʼminot sohasida normativ-texnik hujjatlarning mavjudligi va roʻyxati;
radiotexnik asbob-uskunalar va elektraloqasiga texnik xizmat koʻrsatish uchun oʻlchov vositalarining yetarliligi.
p) Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarning tashkil qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma. Maʼlumotnomada quyidagilar aks ettirilishi kerak:
PEYOTT xizmati boʻyicha mehnatni muhofaza qilish ishlarining tashkil etilishi uchun javobgar shaxslarni tayinlanganligi toʻgʻrisida (korxona rahbarining buyrugʻi);
korxona rahbari tomonidan tasdiqlangan mehnat muhofazasi va yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomalar roʻyxati (maʼlumotnomaga ilova);
maxsus oʻqitishni tashkil qilish, bilimlarni tekshirish, yoʻriqnomalar oʻtkazish va ishlashga ruxsat berish;
xavf darajasi yuqori boʻlgan ishlarda ishlashga ruxsat berishni tashkil etilishi;
elektr qurilmalardan xavfsiz foydalanishni tashkil etilishi.
4-qism. Parvozlarning meteorologik taʼminoti
a) Xizmat toʻgʻrisida nizom;
b) Shtatlar jadvali va xodimlar boʻyicha maʼlumotlar:
familiyasi, ismi, otasining ismi, egallagan lavozimi;
maʼlumoti (taʼlim tashkiloti, diplom maʼlumotlari, malakasi);
tayyorgarligi (malaka oshirish oʻquv kurslari);
v) Nazoratchiga koʻz (yoki durbin) bilan kuzatish huquqini beruvchi tibbiy hujjatlarning mavjudligi;
g) Hujjatlarning mavjudligi (pasport, formulyar, texnik tavsif, tur sertifikatlari, tekshirish toʻgʻrisida guvohnoma);
d) Meteorologik asbob-uskunalarning muvofiqlik jadvali;
e) Aerodrom meteouskunalarining tekshirilganligi dalolatnomasi.
j) Aerodromda oʻrnatilgan meteorologik asbob-uskunalar roʻyxatining yigʻma jadvali, quyidagi maʼlumotlarni keltirgan holda: buyum turi, zavoddan berilgan raqami, tayyorlangan sanasi, foydalanib boshlangan sana va tekshirilgan sanasi;
z) Sertifikatlashlar oraligʻidagi davr mobaynida meteorologik asbob-uskunalarning ishdan chiqqanligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
5-qism. Parvozlarni qidirish-avariyadan qutqarish va yongʻinning oldini olishni taʼminlash
a) Aerodromlardagi qidirish-avariyadan qutqarish vositalarining muvofiqlik jadvali;
b) Aerodromlarda qidirish-avariyadan qutqarish kuchlarining muvofiqligini tekshirish dalolatnomasi;
v) PQAQTX xizmatlari toʻgʻrisida nizom, avariyadan qutqarish ishlari, parvozlarni avariyadan qutqarishni taʼminlash muhandislarining lavozim yoʻriqnomalari;
g) YOQH shaxsiy tarkibining mavjudligi va shtatlar jadvali;
d) Havo kemasi toʻxtab turish joylarining koʻchma oʻt oʻchirgichlar bilan jihozlanganligi, toʻxtab turish joylarining soni va oʻt oʻchirgichlarning turlari boʻyicha soni;
e) Uchish-qoʻnish yoʻlchasiga koʻpik purkaydigan moslamaning mavjudligi, yongʻindan himoyalashning talab qilinadigan darajasi 6—10-toifadagi aerodromlar uchun;
j) PQAQTX boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati;
z) yongʻinga qarshi xizmatlarning xodimlari bilan nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish uchun oʻquv-texnika bazasining (jihozlangan sinf, poligon, tutun kamerasi, hisobdan chiqarilgan HKning fyuzelyaji va h.k.) mavjudligi.
6-qism. Parvozlarga xizmat koʻrsatuvchi maxsus transport vositalari bilan taʼminlash
a) Maxsus transport xizmati xodimlari toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlar (lavozimidan kelib chiqib):
familiyasi, ismi, otasining ismi, egallagan lavozimi;
maʼlumoti (taʼlim tashkiloti, diplom maʼlumotlari, malakasi);
malaka oshirganligi (sana, taʼlim tashkiloti);
b) Maxsus transport xizmati toʻgʻrisidagi nizom;
v) Maxsus transport xizmati tashkiliy tuzilmasi;
g) Maxsus transport xizmatidagi mavjud texnikalar roʻyxati;
d) Maxsus transport xizmatida aerodrom elementlarida (uchish-qoʻnish yoʻlagi, harakatlanish yoʻlagi va perron) harakat qiladigan va havo kemasiga xizmat koʻrsatadigan maxsus transport vositalari miltillovchi chiroqlar va radioaloqa vositasi bilan taʼminlanganligi toʻgʻrisida dalolatnoma;
e) Aerodrom ekspluatantlari tomonidan aerodromning qabul qilish va oʻtkazuvchanlik qobiliyatidan kelib chiqib maxsus texnikalarning zaruriy miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
Bunda, mahalliy parvozlarga moʻljallangan aerodromlarga zaruriy maxsus texnika vositalarini jalb qilish boshqa mahalliy tashkilotlardan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalariga 3a-ILOVA
Aerodrom boʻyicha qoʻllanmaning mazmuni boʻyicha minimal talablar
Aerodrom boʻyicha qoʻllanmada quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
a) aerodrom toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar;
b) aerodromning joylashish maydoni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
v) avariya holatlari boʻyicha tadbirlar rejasi;
g) yongʻinga qarshi kurashish choralari hamda qutqaruvni tashkil etish boʻyicha maʼlumotlar;
d) ekspluatant tomonidan aerodromning, aerodromdagi ishchi maydonining va toʻsiqlar balandligining kuzatilishi va nazorat qilinishi;
e) aerodromning vizual vositalar va elektr toki bilan taʼminlanishi;
j) aerodromning ishchi maydoniga texnik xizmat koʻrsatish;
z) aerodromda ishlarni xavfsiz olib borish;
i) perrondagi faoliyatni tashkil etish;
k) perronda xavfsizlikni taʼminlash;
l) nazorat ostidagi zonada transport vositalarini boshqarish;
m) aerodromda qushlar va jonivorlar tomonidan yaratiluvchi xavf-xatarlar munosabati bilan ishlarni tashkil etish;
n) toʻsiqlarni nazorat qilish;
o) texnik nosoz havo kemalarini olib tashlash;
p) xavfli materiallar bilan ishlash;
r) chegaralangan koʻrinish sharoitlarida aerodromdan foydalanish;
s) radiolokatsiya va navigatsiya vositalari joylashgan hududlarni muhofaza qilish.”.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalariga 4-ILOVA
Izoh: “Oʻzaviatsiya” agentligi talabiga koʻra xulosa ilmiy-tadqiqot va loyiha tashkilotlari, shuningdek fuqaro aviatsiyasining boshqa tegishli xizmatlari bilan kelishilgan boʻlishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalariga 5-ILOVA
(5-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2023-yil 23-iyundagi 13-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1734-8, 19.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.07.2023-y., 10/23/1734-8/0498-son)
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalariga 6-ILOVA
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2023-yil 23-iyundagi 13-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1734-8, 19.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.07.2023-y., 10/23/1734-8/0498-son)
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro va eksperimental aviatsiyasi aerodromlarini sertifikatlash qoidalariga 7-ILOVA
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2023-yil 23-iyundagi 13-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1734-8, 19.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.07.2023-y., 10/23/1734-8/0498-son)
