3-modda. Dehqon xoʻjaliklarini tuzish tartibi
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (654-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Dehqon xoʻjaliklari zaxira yerlarda, respublikaning maxsus fondidagi yerlarda, mehnat resurslari yetishmaydigan xoʻjaliklarda va yangi sugʻoriladigan yerlarda tuziladi. Qishloq xoʻjaligi korxonalarining foyda bermaydigan yoki kam rentabelli yerlarida ham dehqon xoʻjaliklari tuzilishi mumkin.
Dehqon xoʻjaliklari jamoa xoʻjaliklarining va oʻzga kooperativ xoʻjaliklarning yerlarida ushbu xoʻjaliklar aʼzolari umumiy yigʻilishining qaroriga binoan tuziladi.
2. Ilmiy-tadqiqot muassasalari, oʻquv yurtlari va oʻzga qishloq xoʻjalik muassasalariga, qishloq hunar-texnika bilim yurtlari va umumtaʼlim maktablariga berilgan, shuningdek sanoat, transport va oʻzga korxonalar, birlashmalar, muassasalar va tashkilotlarning yordamchi qishloq xoʻjaliklari uchun berilgan yerlarda va suv fondiga tegishli yerlarda dehqon xoʻjaliklari tuzilishi mumkin emas.
3. Dehqon xoʻjaligi uning aʼzolarining tuman hokimiga yozma murojaatiga asosan ixtiyoriylik asosida tashkil etiladi va erga muntazam egalik qilish va yerdan foydalanish huquqi berilganligi xususidagi davlat hujjati berilgan paytdan eʼtiboran tuzilgan deb hisoblanadi. Dehqon xoʻjaligining ustavi tuman hokimi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin dehqon xoʻjaligi yuridik shaxs maqomiga ega boʻladi, bank muassasalarida hisob-kitob schyotlari va oʻzga schyotlarni ochish, oʻz nomida muhrga ega boʻlish, oʻzga korxonalar, birlashmalar, muassasalar, tashkilotlar, ajnabiy firmalar va ayrim shaxslar bilan amaliy munosabatlarga kirishish huquqini qoʻlga kiritadi.
4. Tegishli tuman hokimi vakolat bergan idora har bir dehqon xoʻjaligining roʻyxat varaqasi yuritilishini tashkil etadi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari har bir dehqon xoʻjaligini xoʻjalik kitobida qayd etadi, bu kitobga dehqon xoʻjaligi tarkibi toʻgʻrisidagi, xoʻjalikning boshligʻi hamda xoʻjalik boshligʻi vaqtincha yoʻq boʻlgan hollarda uning vazifalarini bajarib turuvchi shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek xoʻjalikka ajratilgan yer uchastkasi xususidagi asosiy maʼlumotlar kiritiladi.
