19-modda. Dehqon xoʻjaligining moliyaviy va kredit munosabatlari
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (654-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Dehqon xoʻjaligiga qarashli ishlab chiqarishga moʻljallangan obyektlar qurilishiga uzoq muddatli kreditlar berish, ishlab chiqarishning asosiy vositalarini sotib olish va xoʻjalikning joriy ishlab chiqarish faoliyati uchun qisqa muddatli kreditlar berish kredit shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi. Davlat, kooperativ va jamoat korxonalari, birlashmalari, tashkilotlari va muassasalari, ayrim shaxslar dehqon xoʻjaliklariga tuzilgan shartnomalarga muvofiq kreditlar berishga haqlidirlar.
Dehqon xoʻjaliklari ularga xizmat koʻrsatish uchun bank muassasalari tomonidan tuzilgan maxsus kredit fondidan imtiyozli shartlarda foydalanadi.
Yerlarni melioratsiyalashga, yoʻllar, koʻpriklar, gaz, elektr, issiqlik tarmoqlari, suv quvurlari, kommunal yoʻnalishdagi oʻzga obyektlar qurish ishlariga qaratiladigan budjet mablagʻlari ham dehqon xoʻjaliklarini pul bilan taʼminlashning manbai boʻlishi mumkin.
2. Dehqon xoʻjaligi tuzilayotgan paytda, unga ssudalar va kreditlar berilayotganida mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari hamda toʻlov qobiliyatiga ega boʻlgan oʻzga yuridik hamda jismoniy shaxslar, shuningdek oʻz mol-mulkini garovga qoʻyib dehqon xoʻjaliklarining oʻzi ham kafil boʻlishlari mumkin.
3. Dehqon xoʻjaligi ixtiyoriylik asosida oʻziga qarashli va ijaraga olgan ishlab chiqarish vositalarini, shuningdek qishloq xoʻjaligi ekinlari (koʻchatlari)ni, koʻp yillik dov-daraxtlarni, tayyorlangan mahsulotni, xomashyoni, materiallarni nobud boʻlishdan yoki shikastlanishdan sugʻurtalaydi va amaldagi qonunlarda belgilangan tartibda va shartlarda sugʻurta toʻlovlarini oladi.
