13-modda. Dehqon xoʻjaligidagi mehnat
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (654-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Dehqon xoʻjaligining faoliyati koʻproq xoʻjalik aʼzolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Dehqon xoʻjaligidagi ishlarni bajarishga oʻzga shaxslar mehnat shartnomasi asosida vaqtincha jalb etilishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligida mehnat qilish toʻgʻrisidagi shartnomani tuzish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan belgilanadigan tartibda tasdiqlanadi.
2. Dehqon xoʻjaligidagi mehnat tartibini xoʻjalik boshligʻi belgilaydi. Dehqon xoʻjaligi aʼzolarining va mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarning mehnat faoliyatini dehqon xoʻjaligi hisob qilib boradi.
3. Mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslar mehnatiga tomonlarning kelishuviga muvofiq pul bilan ham, natura bilan ham, ammo belgilangan eng kam ish haqidan oz boʻlmagan miqdorda haq toʻlanadi.
4. Dehqon xoʻjaligi boshligʻining roziligiga binoan dehqon xoʻjaligida shartnoma boʻyicha ishlayotgan shaxs xoʻjalik mulkiga pul yoki oʻzga ulush kiritib, ana shu ulushga mutanosib tarzda xoʻjalik daromadini taqsimlashda ishtirok etishga haqlidir.
5. Dehqon xoʻjaligining boshligʻi oʻz xoʻjaligining aʼzolari uchun va mehnat shartnomasi tuzgan shaxslar uchun bexatar mehnat sharoitlarini yaratib berishi shart.
Dehqon xoʻjaligining aʼzolari, shuningdek xoʻjalikda mehnat shartnomasiga binoan ishlayotgan shaxslar qonunlarga muvofiq ijtimoiy sugʻurtalanishi va ijtimoiy jihatdan taʼminlanishi lozim.
Dehqon xoʻjaligining boshligʻi tegishli kasaba uyushmasida va sugʻurta idoralarida sugʻurtalovchi sifatida roʻyxatdan oʻtadi va dehqon xoʻjaligining barcha aʼzolari uchun hamda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslar uchun davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasiga belgilangan tartibda badallar toʻlaydi.
6. Dehqon xoʻjaligida ishlangan vaqt ijtimoiy sugʻurta yuzasidan badallar toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida umumiy va uzluksiz mehnat stajiga qoʻshib hisoblanadi.
Dehqon xoʻjaligi aʼzolarining hamda mehnatlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnoma tuzgan shaxslarning ish stajiga oid yozuv mehnat daftarchalariga xoʻjalik boshligʻi tomonidan kiritiladi va Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining raisi tomonidan tasdiqlanadi.
7. Ijtimoiy sugʻurta boʻyicha davlat nafaqalari tayinlash, pensiyalar tayinlash hamda toʻlash qonunlarda belgilangan tartibda va shartlar asosida amalga oshiriladi. Dehqon xoʻjaligining aʼzolariga va mehnat shartnomasiga binoan ishlayotgan fuqarolarga tayinlangan pensiyalar, olayotgan maoshi (daromadi)ni hisobga olmagan holda, toʻlaligicha beriladi.
