1-modda. Dehqon xoʻjaligi
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (654-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan xoʻjalikni mustaqil tarzda yurituvchi, qishloq xoʻjalik ishlab chiqarishi bilan, shu jumladan oʻzi egalik qiladigan yer uchastkasidan foydalangan holda qishloq xoʻjalik ishlab chiqarishi bilan shugʻullanuvchi subyekt dehqon xoʻjaligi hisoblanadi.
Dehqon xoʻjaligi tadbirkorlik shakllaridan biridir.
2. Xoʻjalik boshligʻi, uning xotini (eri), farzandlari, asrandi bolalari, ota-onasi, boshqa qarindosh-urugʻlari, shuningdek mehnat qila olish yoshiga yetgan, birgalikda dehqon xoʻjaligi yuritayotgan, shu xoʻjalikdagi ish asosiy mehnat faoliyati joyi boʻlgan oʻzga shaxslar dehqon xoʻjaligining aʼzosi hisoblanadilar. Xoʻjalikda mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan shaxslar dehqon xoʻjaligi aʼzosi hisoblanmaydilar.
3. Xoʻjalik boshligʻi davlat, kooperativ, jamoat korxonalari, muassasalari, tashkilotlari va ayrim shaxslar bilan oʻzaro munosabatlarda dehqon xoʻjaligining manfaatlarini himoya qiladi.
4. Xoʻjalikning 18 yoshga toʻlgan, qishloq xoʻjaligida ish tajribasiga ega boʻlgan yoki qishloq xoʻjalik mutaxassisligi boʻlgan yoxud maxsus tayyorgarlik koʻrgan, ishga layoqatli, sogʻlom aʼzolaridan biri dehqon xoʻjaligining boshligʻi hisoblanadi.
Dehqon xoʻjaligining boshligʻi ish qobiliyatini vaqtincha yoʻqotgan yoki xoʻjalikda uzoq muddat boʻlolmagan taqdirda oʻz vazifasini vaqtincha bajarib turish vakolatini shu jamoa aʼzolaridan biriga, dehqon xoʻjaligini bir kishi yuritayotgan hollarda esa shartnoma asosida istalgan shaxsga berishga haqlidir.
5. Dehqon xoʻjaligi mulkning boshqa shaklidagi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar bilan teng huquqli mustaqil ishlab chiqarish birligi hisoblanadi.
6. Yangi barpo etilayotgan dehqon xoʻjaliklari dastlab jamoa xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjalik korxonalari tarkibida shartnoma asosida tashkil etilishi mumkin.
