Metrologiya xizmatlarini tibbiy uskunalar va apparaturalarning metrologik normalar va standartlarga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish huquqini akkreditatsiyadan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash haqida (1726-son)
10.10.2007
OʻZBEKISTON STANDARTLAShTIRISh, METROLOGIYA VA SERTIFIKATLAShTIRISh AGENTLIGI BOSh DIREKTORINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 10-oktabrda 1726-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikalashtirish toʻgʻrisida”gi, “Metrologiya toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-avgustdagi 373-sonli “Oʻzbekiston davlat standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tuzilmasini takomillashtirish va uning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi toʻgʻrisidagi nizomiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 18-maydagi 104 sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan buyuraman:
1. Metrologiya xizmatlarini tibbiy uskunalar va apparaturalarning metrologik normalar va standartlarga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish huquqini akkreditatsiyadan oʻtkazish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktori R. BOʻRIYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 14-avgust,
367-son
“Oʻzstandart” agentligi Bosh direktorining 2007-yil 14-avgustdagi 367-son buyrugʻi bilan TASDIQLANGAN
Metrologiya xizmatlarini tibbiy uskunalar va apparaturalarning metrologik normalar va standartlarga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish huquqini akkreditatsiyadan oʻtkazish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Metrologiya toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 18-maydagi 104-son qarori asosida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq metrologiya xizmatlarini tibbiy uskunalar va apparaturalarning metrologik normalar va standartlarga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish huquqi uchun akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan, ishlab chiqarilayotgan va foydalanilayotgan tibbiy uskunalar va apparaturalarning metrologik normalar va standartlarga muvofiqligini baholovchi va bu haqda xulosa beruvchi yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlariga taalluqlidir.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy atamalar va tushunchalar qoʻllaniladi:
metrologiya xizmatlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish — metrologiya xizmatlarining belgilangan akkreditatsiyadan oʻtkazish sohasida oʻlchashlar birligini taʼminlash maqsadida ishlar oʻtkazishining qonuniyligini rasman tan olish;
akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ — tibbiy uskunalar va apparaturalarning mavjud talablarga muvofiqligi haqida xulosa berish huquqiga rasman vakolat beruvchi davlat boshqaruvi organi (“Oʻzstandart” agentligi);
apellyatsiya — akkreditatsiya arizachisining uning tegishli holatiga nisbatan biror-bir salbiy qarorni qayta koʻrib chiqish uchun qilgan yozma murojaati;
akkreditatsiya arizachisi — akkreditatsiya qilinishiga talabgor yuridik shaxs;
metrologiya xizmati — davlat organlari va yuridik shaxslar metrologiya xizmatlarining tizimi va ularning oʻlchashlar birligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan faoliyati;
akkreditatsiya mezonlari — akkreditatsiya arizachisining muvofiq boʻlishi lozim boʻlgan talablar majmuasi;
akkreditatsiya sohasi — muvofiqlikni tasdiqlash boʻyicha maʼlum faoliyat sohasidagi aniq ishlarni bajarish uchun berilgan ariza va (yoki) berilgan akkreditatsiya;
akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnoma — belgilangan akkreditatsiya sohasida akkreditatsiya qilingan metrologik xizmatlarning oʻlchashlar birligini taʼminlash huquqlarini tasdiqlovchi rasmiy hujjat;
akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha Kengash — Milliy akkreditatsiyadan oʻtkazish tizimining oʻtkazilgan akkreditatsiyadan oʻtkazish natijalari boʻyicha qaror qabul qiluvchi rahbariy idorasi (bundan keyin Kengash deb yuritiladi);
texnik ekspert — akkreditatsiya sohasida baholanishga nisbatan maxsus bilimlarni taʼminlash yoki ekspertiza uchun akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ tomonidan tayinlanadigan shaxs;
sifat boʻyicha ekspert — auditor — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan, akkreditatsiya sohasidagi ishlarni olib borish uchun tegishli malakaga ega mutaxassis.
2. Akkreditatsiya oʻzining tibbiy uskunalar va apparaturalarning metrologik normalar va standartlarga muvofiqligini baholash sohasidagi layoqatini tan olish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilgan hamda akkreditatsiyadan oʻtkazish uchun toʻlovlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirgan arizachiga nisbatan akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
3. Tibbiy uskunalar va apparaturalarni baholash boʻyicha ishlarni oʻtkazish huquqini akkreditatsiyadan oʻtkazish tibbiy uskunalar va apparaturalarning metrologik normalar va standartlarga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa berishni amalga oshiruvchi metrologiya xizmatlarining layoqatini tasdiqlash maqsadida oʻtkaziladi.
4. Metrologiya xizmatlari Oʻzbekiston Respublikasining “Metrologiya toʻgʻrisidagi” Qonunida nazarda tutilgan boshqa turdagi metrologiya nazoratiga ham akkreditatsiya qilinishi mumkin, shuningdek oʻzining tarkibida oʻlchash vositalarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda metrologik attestatsiyalash, qiyoslash va tibbiy uskunalar va apparaturalarni kalibrlash huquqiga akkreditatsiya qilingan kalibrlash laboratoriyalariga ega boʻlishi mumkin.
5. Metrologiya xizmatini akkreditatsiyadan oʻtkazish uchun umumiy mezonlar quyidagilar hisoblanadi:
a) tibbiy uskunalar va apparaturalar ishlab chiqaruvchilari, yetkazib beruvchilari va isʼtemolchilaridan mustaqilligi;
b) akkreditatsiyalanuvchi arizachining yuridik holatini tasdiqlovchi va tibbiy uskunalar va apparaturalarni baholash va muvofiqligini tasdiqlovchi ishlarni bajarish qoidalarini belgilovchi hujjatlarning mavjudligi;
v) malakali va metrologik tayyorgarlikka ega, oʻrnatilgan tartibda attestatsiya qilingan mutaxassislarning (bosh metrolog, oʻlchash turlari boʻyicha metrolog) mavjudligi;
g) baholanayotgan obyektlarga normativ hujjatlarning mavjudligi;
d) oʻlchash vositalarini attestatsiya qilish, qiyoslash va/yoki kalibrlashni amalga oshiruvchi akkreditatsiya qilingan laboratoriyalar bilan hamkorligi toʻgʻrisidagi kelishuvlarning mavjudligi (oʻzining tarkibida mutaxassis metrologlar va/yoki akkreditatsiya qilingan laboratoriyalari mavjud boʻlmagan metrologiya xizmatlari uchun).
II. Akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi
6. Metrologiya xizmatlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
a) akkreditatsiyadan oʻtkazish uchun ariza berish, arizani oldindan koʻrib chiqish va u boʻyicha qaror qabul qilish, akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ bilan ekspertiza oʻtkazish toʻgʻrisida shartnoma tuzish, ariza beruvchi tomonidan ekspertiza oʻtkazish uchun toʻlovlarni amalga oshirish;
b) ekspertiza dalolatnomasini rasmiylashtirish bilan birga hujjatlar toʻplamini ekspertiza qilish, baholashga tayyorlash va uni oʻtkazish toʻgʻrisida shartnoma tuzish, akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror loyihasini tayyorlash, baholash oʻtkazilishi uchun arizachi tomonidan toʻlovning amalga oshirilishi;
v) akkreditatsiya obyektini baholashga tayyorlash (komissiya tayinlash, buyruq chiqarish, obyektni joyida baholash dasturini ishlab chiqish);
g) dalolatnoma rasmiylashtirilishi bilan birga arizachini joyida baholash;
d) hujjatlar ekspertizasi natijasi, joyida baholash natijalarini, arizachi tomonidan kamchiliklarning bartaraf etilishi samaradorligini tahlil etish, qaror loyihasini tayyorlash;
e) ekspertiza va baholash hujjatlarini Kengashda koʻrib chiqish, shuningdek akkreditatsiyadan oʻtkazish yoki akkreditatsiyadan oʻtkazishni rad etish haqidagi qarorni qabul qilish;
j) akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnomani rasmiylashtirish, qayd etish va taqdim etish va arizachi tomonidan toʻlovlarni amalga oshirish.
Akkreditatsiyadan oʻtkazishning har bir bosqichi oldingi bosqichning ijobiy natijalari boʻyicha amalga oshiriladi.
7. Akkreditatsiyadan oʻtkazish uchun toʻlovlar Xizmatlarga toʻlovlarni amalga oshirish tartibiga (1999-yil 28-aprel, roʻyxat raqami 722) muvofiq amalga oshiriladi.
8. Akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha toʻlovlar arizachi tomonidan har bir bosqich uchun alohida amalga oshiriladi.
Arizachi tuzilgan shartnomaga koʻra akkreditatsiyadan oʻtkazish ishlari bilan bogʻliq barcha toʻlovlarni ularning natijalaridan qatʼi nazar, toʻlashi shart.
9. Tibbiy uskunalar va apparaturalarning Milliy akkreditatsiyadan oʻtkazish tizimining doirasida metrologiya normalari va standartlariga muvofiqligini baholash sohasidagi oʻzining layoqatini tan olinishi istagini bildiruvchi akkreditatsiya arizachisi akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq ariza va akkreditatsiya mezonlarining bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni yoʻllaydi.
10. Metrologiya xizmatini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida berilgan arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) taʼsis hujjatlari nusxalari;
b) akkreditatsiya sohasining loyihasi;
v) tibbiy uskunalar va apparaturalarning metrologik normalar va standartlarga muvofiqligini baholash va tasdiqlash boʻyicha metrologiya xizmati nizomi loyihasi;
g) tibbiy uskunalar va apparaturalarni baholash va ularni metrologik normalar va standartlarga muvofiqligi boʻyicha xulosalar berish tartibi;
d) metrologiya xizmati mutaxassislarining metrologik tayyorgarligi koʻrsatib oʻtilgan roʻyxati;
e) baholanuvchi uskunalar va apparaturalarning metrologik xossalarini belgilash uchun akkreditatsiya sohasining loyihasida koʻrsatilgan muvofiqlik baholash obyektlarining normativ hujjatlari roʻyxati.
Baholanuvchi uskunalar metrologik xossalarini belgilovchi normativ hujjatlari oʻzgarganda, akkreditatsiya qilingan metrologiya xizmatlari akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organga tegishli axborotni taqdim etadilar.
11. Akkreditatsiyadan oʻtkazish uchun taqdim etilgan ariza va hujjatlarni oʻrganib chiqish natijasi boʻyicha, ariza qayd qilingan kundan boshlab uch kun ichida akkreditatsiya ishlarini olib borish toʻgʻrisida yozma ravishda qaror qabul qilinadi.
12. Akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ ariza boʻyicha qaror qabul qilib ekspertiza oʻtkazilishini taʼminlaydi. Ekspertiza akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ tomonidan ekspertiza uchun toʻlovlar amalga oshirilgandan soʻng oʻtkaziladi. Akkreditatsiyadan oʻtkazish ishlariga (hujjatlar ekspertizasi, metrologiya xizmatini tekshirish va h. k.) akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ shtatiga kirmaydigan ekspert-auditorlar, maslahatchilar va mutaxassislar jalb etilgan holda, ularga toʻlovlar fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
13. Hujjatlar ekspertizasi ariza boʻyicha qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oydan oshmagan muddat ichida amalga oshiriladi. Ekspertiza natijasi sifat boʻyicha ekspert-auditor tomonidan berilgan xulosa bilan rasmiylashtiriladi.
14. Ekspertiza natijalari salbiy boʻlganda akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ akkreditatsiya mezonlariga nomuvofiqligi sababli uni akkreditatsiyadan oʻtkazish rad etilganligi haqida arizachini xabardor qiladi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat beriladi. Ushbu muddat 30 kundan oshmasligi lozim.
15. Akkreditatsiyadan oʻtkazish rad etilganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma arizachiga rad etilish sabablari va kamchiliklar bartaraf etilib, hujjatlar qayta taqdim etilishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma ravishda yuboriladi (taqdim etiladi).
16. Arizachi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazish rad etilishi uchun asos boʻlib xizmat qiluvchi sabablar bartaraf etilganda, hujjatlarning qayta koʻrilishi arizachining arizasi bilan birgalikda barcha zarur hujjatlar olinganidan soʻng oʻn kundan koʻp boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Arizani qayta koʻrish uchun toʻlovlar undirilmaydi. Akkreditatsiyadan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat oʻtganidan soʻng taqdim etilgan ariza yangi taqdim etilgan ariza boʻlib hisoblanadi.
17. Ekspertizaning ijobiy natijalari boʻyicha akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ akkreditatsiya obyektini joyida baholash uchun komissiya tuzadi. Komissiya akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ rahbarining komissiya tarkibi, joyida baholashni oʻtkazish maqsadi, sanasi va muddati koʻrsatilgan buyrugʻi bilan tayinlanadi.
Komissiya raisi sifat boʻyicha ekspert-auditor darajasiga akkreditatsiya qilingan boʻlishi lozim.
Komissiya shakllantirilishida baholash obyektiv oʻtkazilishi uchun zarur boʻlgan layoqat, bilim va malaka hisobga olinadi.
18. Zarur hollarda ekspert-auditorlar rahbarligida ishlashlari lozim boʻlgan texnik ekspertlar jalb etilishi mumkin.
19. Baholash obyektlari va mezonlarini qamrab oluvchi baholash rejasi komissiya tomonidan ishlab chiqiladi va akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ rahbari yoki bunga vakolatli boʻlgan shaxs tomonidan tasdiqlanadi. Baholash buyrugʻi va rejasi baholash oʻtkazilishidan oldin arizachiga tanishib chiqish uchun taqdim etiladi.
20. Akkreditatsiya obyektini joyida baholashda obyektning amaldagi holati arizaga ilova qilingan hujjatlarga muvofiqligi va daʼvo etilayotgan vazifalarni amalga oshirishga qodirligi tekshiriladi.
21. Komissiya akkreditatsiya obyektining akkreditatsiyaning belgilangan mezonlariga muvofiqligini baholash rejasiga muvofiq baholashni oʻtkazadi.
Baholash davomiyligi bir oydan oshmasligi lozim. Akkreditatsiya obyektini joyida baholash natijalari baholash dalolatnomasi (maʼlumotnomasi) bilan ushbu Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq rasmiylashtiriladi.
22. Dalolatnoma komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi. Komissiyaning biror-bir aʼzosi komissiya xulosasi bilan rozi boʻlmagan holda, u baholash dalolatnomasiga ilova qilinadigan yozma eʼtirozini bildirishi mumkin.
23. Akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ arizachi tomonidan taqdim etilgan barcha maʼlumotlarni tekshirib boʻlganidan soʻng, hujjatlar ekspertizasi natijalari, baholash dalolatnomasi, dalolatnoma boʻyicha xulosa va eʼtirozlar, arizachining taqdim qilingan fikrlarini tahlil etadi va Kengashda koʻrib chiqilishi uchun kiritadi.
24. Kengash 15 kundan koʻp boʻlmagan muddatda arizachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va akkreditatsiyadan oʻtkazish yoki akkreditatsiyadan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
25. Akkreditatsiyadan oʻtkazish rad etilgan holda Kengash tomonidan akkreditatsiya obyektiga aniqlangan kamchiliklar va akkreditatsiya talablariga nomuvofiqliklarni bartaraf etish uchun bir oylik muddat beriladi.
26. Qayta baholashda ham kamchiliklar va akkreditatsiya talablariga nomuvofiqliklar aniqlansa, Kengash akkreditatsiyadan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
27. Akkreditatsiyadan oʻtkazish muddati akkreditatsiya obyektning tayyorligiga bogʻliq boʻlib, akkreditatsiyadan oʻtkazish uchun ariza qayd etilgan kundan boshlab olti oydan oshmasligi kerak.
III. Akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnomani berish
28. Akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilinganda, akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ arizachiga ushbu Qoidalarning 3-ilovasida keltirilgan shakldagi akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnoma beradi.
29. Akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnoma Oʻzbekiston Respublikasining Milliy akkreditatsiyadan oʻtkazish tizimi reyestrida (bundan keyin reyestr deb yuritiladi) qayd etiladi.
30. Akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnomaga Akkreditatsiya obyektining nizomi, shuningdek akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ rahbari tomonidan ushbu Qoidalarning 4-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan akkreditatsiya sohasi ilova qilinadi.
31. Akkreditatsiya sohasining har bir sahifasi “Oʻzstandart” agentligining akkreditatsiya boʻlimi boshligʻi hamda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan tashkilot rahbari tomonidan imzolanadi va muhr bilan tasdiqlanadi.
32. Akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnoma muddatsiz beriladi.
33. Akkreditatsiya obyekti faoliyatining belgilangan akkreditatsiya mezonlariga mosligining inspeksiya nazorati akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ tomonidan “Akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish idoralari va sinov laboratoriyalari (markazlari) faoliyatini inspeksiya nazoratidan oʻtkazish qoidalari”ga (2005-yil 20-aprel, roʻyxat raqami 1472) muvofiq amalga oshiriladi.
IV. Akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnomani bekor qilish va toʻxtatib turish
34. Akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnoma akkreditatsiya qilingan organ arizasi, shuningdek “Akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish idoralari va sinov laboratoriyalari (markazlari) faoliyatini inspeksiya nazoratidan oʻtkazish qoidalari”da (2005-yil 20-aprel, roʻyxat raqami 1472) belgilangan hollarda bekor qilinadi va (yoki) toʻxtatib turiladi.
35. Toʻxtatib turilgan akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnomaning amal qilishi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda nomuvofiqliklar bartaraf etilganidan soʻng tasdiqlanishi mumkin. Bunda guvohnoma egasi tomonidan nomuvofiqliklar bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan choralarni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.
36. Akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnoma bekor qilinganda, reyestrga akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnoma bekor qilinganligi toʻgʻrisida tegishli yozuv kiritiladi.
Reyestrga tegishli yozuvlar kiritilgan sanadan boshlab uch ish kuni mobaynida akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnoma egasiga guvohnoma bekor qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumot xati yuboriladi.
Akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma bekor qilinganidan soʻng qayta akkreditatsiyadan oʻtishga ariza mazkur Qoidalarning II-boʻlimi talablariga koʻra taqdim qilinishi mumkin.
V. Yuridik shaxs qayta tashkil etilgan, nomi yoki manzili (pochta manzili) oʻzgarganda hujjatlarni koʻrib chiqish tartibi
37. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda, nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgargan hollarda, akkreditatsiya obyekti qayta qayd etilganidan soʻng bir haftalik muddat ichida akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnomani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi arizani koʻrsatilgan maʼlumotlarning tasdiqlovchi hujjatlarni (Ustavning notarial tasdiqlangan nusxasi, Ustavga kiritilgan oʻzgartirishlar qayd etilganini tasdiqlovchi hujjatlar va avval berilgan akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnomaning asl nusxasi) ilova qilgan holda akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organga topshirishi shart. Ariza hujjatlar toʻplami bilan birgalikda arizachi tomonidan bevosita yoki pochta aloqa vositalari orqali yetkazib beriladi. Guvohnoma qayta rasmiylashtirilguniga qadar akkreditatsiya obyekti oʻz faoliyatini avval berilgan guvohnoma asosida amalga oshiradi.
38. Ariza kelib tushganida akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ yuridik shaxsning qayta tashkil etilgani, nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgarganini tasdiqlovchi taqdim etilgan hujjatlarni va ushbu oʻzgarishlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayd etilganini tekshiradi.
39. Agar arizachi avval akkreditatsiya qilingan yuridik shaxsning huquqiy vorisi boʻlsa, hujjatlar koʻrib chiqilishining keyingi bosqichlari mazkur Qoidalarning II-boʻlimining 2-paragrafida bayon etilgan tartibda amalga oshiriladi.
40. Qayta rasmiylashtirilgan akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi organ tomonidan ariza kelib tushgan kundan boshlab besh kun davomida mazkur Qoidalar talablariga muvofiq beriladi.
VI. Apellyatsiyalarni koʻrib chiqish tartibi
41. Akkreditatsiyadan oʻtkazish natijalari bilan norozi boʻlgan manfaatdor tomon “Oʻzstandart” agentligining apellyatsiya kengashi yoki bevosita sudga murojaat qilish huquqiga ega.
42. Apellyatsiya kengashi qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
VII. Yakuniy qoidalar
43. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 13-avgust
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULASHOV
Toshkent sh.,
2007-yil 13-avgust
Metrologiya xizmatlarini tibbiy uskunalar va apparaturalarning metrologik normalar va standartlarga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish huquqini akkreditatsiyadan oʻtkazish qoidalariga 1-ILOVA
Metrologiya xizmatlarini tibbiy uskunalar va apparaturalarning metrologik normalar va standartlarga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish huquqini akkreditatsiyadan oʻtkazish qoidalariga 2-ILOVA
Metrologiya xizmatlarini tibbiy uskunalar va apparaturalarning metrologik normalar va standartlarga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish huquqini akkreditatsiyadan oʻtkazish qoidalariga 3-ILOVA
Metrologiya xizmatlarini tibbiy uskunalar va apparaturalarning metrologik normalar va standartlarga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berish huquqini akkreditatsiyadan oʻtkazish qoidalariga 4-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 41-42-son, 424-modda)
