Respublika yoʻl jamgʻarmasiga advokatlar byurolari mablagʻlar ajratishi lozimligi yoki lozim emasligi toʻgʻrisida sharh berish haqida
30.11.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
Ajrimi
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi Rais B. Eshonov, sudyalar B. Mirboboyev, U. Bozorov, G. Pirjanov va S. Hakimovadan iborat tarkibda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi birinchi qismining 3-bandiga va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 1-moddasiga amal qilgan holda Respublika yoʻl jamgʻarmasiga advokatlar byurolari mablagʻ ajratishi lozim yoki lozim emasligi xoʻjalik sudlari tomonidan turlicha talqin qilinishi bilan bogʻliq masalani ochiq sud majlisida koʻrib chiqdi.
Masala Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining Raisi M. Abdusalomov tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga mos ravishda kiritilgan.
Maʼruzachi sudya U. Bozorovning va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi raisining birinchi oʻrinbosari N. Axmonov, Oʻzbekiston advokatlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi, Toshkent shahar advokatlar hayʼati rayosatining raisi S. Yoqubov, Respublika yoʻl jamgʻarmasi raisi N. Usmonov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yuridik boʻlimining mudiri B. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligining pul muomalasi, narxlar va moliyaviy balanslar boʻlimining boshligʻi A. Nabixoʻjayev, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining birinchi oʻrinbosari Gʻ. Rahimov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining raisi A. Boboqulov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi oʻrinbosari A. Ergashevlarning fikrlarini eshitib, ishga doir materiallar va hujjatlarni oʻrganib chiqib, Konstitutsiyaviy sud quyidagilarni aniqladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Raisi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga advokatlar byurolari mablagʻ ajratishi lozimligi yoki lozim emasligi toʻgʻrisidagi masala boʻyicha qonun va qonun osti hujjatlarini qoʻllashda xoʻjalik sudi sudyalarida ikki xil fikr borligi va unga qonuniy toʻgʻri baho berish zarurligini taʼkidlab Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilgan.
Respublika yoʻl jamgʻarmasi 2001-yilning aprel oyida “Adolat bilimda” advokatlik byurosining hisob raqamidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 5-iyuldagi 334-sonli qarorining 3-bandiga asosan inkassa toʻlov topshiriqnomalari orqali 40078 soʻm miqdordagi ajratmani akseptsiz ravishda jamgʻarma uchun undirib olgan. Advokatlik byurosi esa Respublika yoʻl jamgʻarmasi “Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining talablariga zid ravishda harakat qilib, 40078 soʻmni hisob raqamidan noqonuniy ravishda olgan deb, ushbu summani undirishni soʻrab Toshkent shahar xoʻjalik sudiga murojaat qilgan. Toshkent shahar xoʻjalik sudi 2001-yil 20-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvogarning talabini qanoatlantirishni rad qilgan.
Toshkent shahar xoʻjalik sudining sud hayʼati 2001-yil 9-avgustdagi qarori bilan daʼvogarning apellatsiya shikoyatini rad etib, sudning hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan. Mazkur qarordan daʼvogar norozi boʻlib Oliy xoʻjalik sudiga kassatsiya shikoyati berib, Toshkent shahar xoʻjalik sudining qarorlarini bekor qilishni, daʼvo talabini qanoatlantirishni soʻragan.
Toshkent shahar xoʻjalik sudining 2001-yil 14-martdagi hal qiluv qaroriga asosan esa “Huquqiy xizmat markazi” firmasining Respublika yoʻl jamgʻarmasi tomonidan undirib olingan 19555 soʻmni qaytarib berish toʻgʻrisidagi daʼvosi toʻliq qanoatlantirilgan.
Respublika yoʻl jamgʻarmasini tashkil qilish Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 5-iyuldagi “Respublika yoʻl jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 334-sonli qarori va bu qaror bilan tasdiqlangan “Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va foydalanish toʻgʻrisida”gi Nizom bilan tartibga solinadi. Mazkur Nizomning 6-bandiga muvofiq korxonalar, xoʻjaliklar va tashkilotlar bajarilgan ish, koʻrsatilgan xizmatdan tushgan mablagʻlarning 1,5 foizini yoʻl jamgʻarmasiga oʻtkazishlari belgilangan. Nizomning 18-bandida Respublika yoʻl jamgʻarmasiga ajratmalar toʻlashdan ozod qilingan korxonalar va tashkilotlar roʻyxati belgilangan. Ular quyidagilardan iborat: davlat budjetida turuvchi tashkilot va muassasalar, tomosha korxonalari, sanatoriylar, dam olish uylari va pansionatlar, umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini saqlovchi, taʼmirlovchi, qayta tiklovchi va quruvchi yoʻl xoʻjaligi tashkilotlari, uy-joy ekspluatatsiyasi idoralari va uy-joy boshqarmalari, Markaziy bank muassasalari, davlat sugʻurta organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining tashqi savdo birlashmalari, davlat, kooperativ va jamoat tashkilotlarining respublika va mahalliy boshqaruv organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklarining korxona va tashkilotlari (ularga boʻysunuvchi xoʻjalik hisobidagi xoʻjalik tashkilotlari bundan mustasno).
Bu roʻyxatga advokatlar byurolari, hayʼatlari va firmalari kiritilmagan. Ammo roʻyxatga jamoat tashkilotlarining respublika va mahalliy boshqaruv organlari kiritilgan.
Amaldagi qonun va qonun osti hujjatlarida advokatlar byurolari, hayʼatlari va firmalari jamoat tashkilotlari hisoblanishi yoki hisoblanmasligi toʻgʻrisida aniq norma yoʻq. Ammo 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 11-moddasi birinchi qismiga binoan advokatura notijorat tashkilotdir va faoliyatni oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiradi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 116-moddasiga binoan advokatura fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga “yuridik yordam” berish uchun faoliyat koʻrsatadi va 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunga binoan ham advokatura “yuridik yordam” koʻrsatadi.
Ammo qonun osti normativ-huquqiy hujjatlarda advokatura koʻrsatadigan yuridik yordam “yuridik xizmat” deb belgilangan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasining 1996-yil 7-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1997-yil 5-fevralda 305-raqam bilan roʻyxatga olingan “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga haq evaziga koʻrsatilgan xizmatlarni hisobga olish boʻyicha Yoʻriqnoma”ning 13.1-bandida huquqiy xarakterdagi xizmatlarga yuridik maslahat berish xizmatining qiymati, advokatlar tomonidan fuqarolarga huquqiy yordam berishdan tushgan pul mablagʻlari kiritiladi deyilgan.
Yuqorida koʻrsatilgan qonun normalarini tahlil qilish shuni koʻrsatadiki, advokatlar byurolari, hayʼatlari va firmalari Respublika yoʻl jamgʻarmasiga mablagʻ ajratishi lozimligi yoki lozim emasligini hal qilish qonun normalarini sharxlashni talab etmaydi. Bu masalani asosan, Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 5-iyuldagi “Respublika yoʻl jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 334-sonli qarorining tegishli normalarini sharhlash yoʻli bilan amalga oshirish mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 109-moddasining birinchi qismi 3-bandiga va “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 31-moddasining ikkinchi qismiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining normalariga sharh beradi. Qonun osti normativ-huquqiy hujjatlarning normalariga esa, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 31-moddasi uchinchi qismiga binoan, shu normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ rasmiy sharh berishi lozim. Ushbu normaga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan qarorga Vazirlar Mahkamasining oʻzi sharh beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi Qonunning 25 va 26-moddalariga asoslanib Konstitutsiyaviy sud ajrim qildi:
1. Muhokama natijalariga koʻra, mazkur masala yuzasidan qonun normalariga Konstitutsiyaviy sud tomonidan sharh berish zarurati yoʻq deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudiga Respublika yoʻl jamgʻarmasiga advokatlar byurolari mablagʻ ajratishi lozimligi yoki lozim emasligi masalasi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 5-iyuldagi “Respublika yoʻl jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 334-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va foydalanish toʻgʻrisida”gi Nizomga sharh berishni soʻrab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga murojaat etish tavsiya qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi
Toshkent sh.,
2001-yil 30-noyabr
