9-modda. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari
Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida (O‘RQ-117-son) · Sana: 02.10.2007 · Amalda
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari davlat mulki boʻlib, avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilar uchun ochiqdir. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari aholi ehtiyojlarini, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va mudofaa ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun shaharlar hamda boshqa aholi punktlari oʻrtasida yuklar va yoʻlovchilar tashishni taʼminlaydi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yoʻllariga boʻlinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq xalqaro avtomobil yoʻllari tarmogʻiga kiradigan yoʻllar xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻllari jumlasiga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi viloyatlari va tumanlarining maʼmuriy markazlari, viloyatga boʻysunuvchi shaharlar, madaniyat hamda sanoat markazlari oʻrtasida transport qatnovini taʼminlaydigan, mazkur markazlarni esa, xalqaro ahamiyatga molik yoʻllar bilan, aeroportlar, temir yoʻl stansiyalari, portlar va kema toʻxtash joylari, shuningdek qoʻshni davlatlar bilan bogʻlaydigan yoʻllar davlat ahamiyatiga molik avtomobil yoʻllari jumlasiga kiradi.
Tumanlarning maʼmuriy markazlarini shaharchalar, qishloqlar va ovullar bilan, shuningdek davlat ahamiyatiga molik yoʻllar bilan bogʻlaydigan yoʻllar mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yoʻllari jumlasiga kiradi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari maxsus vakolatli organ ixtiyorida boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari roʻyxati belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
