3-modda. Asosiy tushunchalar
Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida (O‘RQ-117-son) · Sana: 02.10.2007 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
avtomobil yoʻli — transport vositalari harakatlanishi uchun moʻljallangan, ularning belgilangan tezlikda, ogʻirlikda, oʻlchamlarda muttasil va xavfsiz harakatlanishini taʼminlaydigan muhandislik inshootlari majmuasi, shuningdek ushbu majmuani joylashtirish uchun berilgan yer uchastkalari va majmua ustidagi belgilangan doiradagi boʻshliq;
avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilar — yoʻl harakatining ishtirokchilari boʻlgan yoki ajratilgan mintaqa hamda yoʻl boʻyi mintaqasi doiralarida belgilangan tartibda ruxsat etilgan faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
ajratilgan mintaqa — avtomobil yoʻli, uning tegishli konstruktiv elementlari va muhandislik inshootlari, shuningdek avtomobil yoʻlidan foydalanish uchun zarur boʻlgan binolar, inshootlarni joylashtirish, ihota va manzarali daraxtzorlar barpo etish uchun doimiy foydalanishga qonunchilikda belgilangan tartibda beriladigan yer uchastkasi;
yoʻl boʻyi mintaqasi — ajratilgan mintaqaga tutashgan, chegaralarida aholi xavfsizligini va transportning harakatlanish xavfsizligini taʼminlash uchun yerdan foydalanishning alohida shartlari belgilanadigan yer uchastkasi;
xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari — qishloq joylardan oʻtadigan va xoʻjaliklarni oʻzaro bogʻlaydigan avtomobil yoʻllari. Xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida boʻladi.
