20-modda. Avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibi
Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida (O‘RQ-117-son) · Sana: 02.10.2007 · Amalda
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibi maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
Xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllaridan, shaharlarning, shahar posyolkalarining, qishloqlarning va ovullarning koʻchalaridan foydalanish tartibi maxsus vakolatli organ bilan kelishilgan holda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi.
Xoʻjalik avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibi mazkur avtomobil yoʻllari qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida boʻlsa, oʻsha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan belgilanadi.
Avtomobil yoʻllaridan oʻqiga tushadigan yuk va ogʻirligi belgilangan normalardan ortiq boʻlmagan transport vositalari, oʻziyurar mashinalar hamda mexanizmlarning oʻtishiga ruxsat beriladi.
Oʻqiga tushadigan yuk va oʻlchamlari muayyan avtomobil yoʻli uchun belgilangan normalardan ortiq boʻlgan transport vositalarining oʻtishi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda haq undiriladi. Avtomobil yoʻli elementlari shikastlangan taqdirda, avtomobil yoʻlidan foydalanish uchun ruxsat berilganligi bunday transport vositalari egalarini javobgarlikdan ozod etmaydi.
Chet davlatlar transport vositalarining avtomobil yoʻllaridan oʻtishi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
