Davlat aktivlarini sotishdan tushgan, xoʻjalik boshqaruvi ayrim organlari ustav fondini shakllantirish uchun berilgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisida (202-son)
25.09.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlariga muvofiq davlat aktivlarini sotishdan tushayotgan, xoʻjalik boshqaruvi ayrim organlari ustav fondini shakllantirish uchun berilgan mablagʻlarni taqsimlashni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasiga 1-ilovaga* muvofiq tegishli xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan ularning ustav fondidan chiqarilayotgan davlat aktivlarini, sotishdan tushadigan mablagʻlarni Davlat mulkini xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlar jamgʻarmasida jamlagan holda, sotish huquqi berilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi hamda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining mazkur qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan davlat aktivlarini sotishdan olingan mablagʻlarni 2-ilovaga* muvofiq taqsimlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat mulki qoʻmitasi va “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi bilan birgalikda mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq uyushmaga tushayotgan mablagʻlarni jamlash va ulardan uyushma tomonidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bir oy muddatda belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin, unda:
mablagʻlarning qaytarish, shuningdek yiliga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda toʻlov toʻlash shartlari bilan paxta tozalash korxonalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilishga yoʻnaltirilishi;
uyushma tomonidan unga tushgan mablagʻlarning 2012-yildan boshlab 3 yil mobaynida davlatga qaytarilishi nazarda tutilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 25-sentabr,
202-son
