9-modda. Soliqdan ozod etish
“Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (521-XII-son) · Sana: 14.01.1992 · Amalda
Quyidagi korxonalar daromad soligʻi toʻlashdan ozod etiladilar:
a) asosiy xodimlarining umumiy sonida:
— nogironlar kamida 50 foiz boʻlgan;
— oʻrta maktab oʻquvchilari va hunar-texnika bilim yurtining talabalari kamida 75 foiz boʻlgan korxonalar;
b) protez-ortopediya buyumlari ishlab chiqarishga, nogironlarga protez tayyorlab berishga ixtisoslashgan korxonalar;
v) tarix va madaniyat yodgorliklarini taʼmirlash va tiklash ishlarini amalga oshirishdan daromad oladigan korxonalar;
g) davolash muassasalari huzuridagi davolash-ishlab chiqarish ustaxonalari;
d) belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan nogironlarning jamoat tashkilotlari, ularga qarashli muassasalar, oʻquv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari;
e) Qizil Yarim oy jamiyati, Urush va mehnat faxriylari jamiyati, Afgʻoniston faxriylarining ittifoqi, “Orol”, Ulugʻbek, Navoiy, Oybek, Qodiriy nomidagi jamgʻarmalar, rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalarga yordam jamgʻarmasi, Xalq diplomatiyasi bosh missiyasi jamgʻarmasi, Oʻzbekiston madaniyati uyushmasi, Baynalmilalchi jangchilar uyushmasi hamda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan boshqa hayriya jamgʻarmalari va uyushmalari va ularning boʻlinmalari hamda yoshlar jamgʻarmalari oʻz ustav faoliyatlarini amalga oshirishga qaratiladigan daromadlari boʻyicha;
j) oliy, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, oʻrta va hunar-texnika bilim yurtlari huzurida yoshlar, kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan tuzilgan korxonalarning talabalar va oʻquvchilar ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilashga qaratiladigan daromadlari;
z) dehqon bozorlarining qurilishga va oʻz moddiy-texnika bazasini kengaytirishga, oʻziga qarashli mehmonxonalarni rivojlantirishga, obodonlashtirishga, bozorlarni ishlatish xarajatlarini qoplashga qaratiladigan daromadlari;
i) shahar passajir transportining daromadlari (taksidan tashqari);
k) matbuot tarqatish boʻyicha aholiga xizmat koʻrsatishdan keladigan daromadlar;
l) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini taʼmirlash va saqlash ishlaridan olingan daromadlar;
m) urush va mehnat veteranlari kengashlari huzurida tuzilgan urush va mehnat veteranlarining korxonalari, birlashmalari va tashkilotlari, basharti, ularda ishlayotganlarning kamida 50 foizini pensiya yoshiga etganlar (pensionerlar) tashkil etsa.
