6-modda. Soliq stavkalari
“Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (521-XII-son) · Sana: 14.01.1992 · Amalda
4-moddaga muvofiq hisoblab chiqilgan soliq solish bazasiga quyidagi tarzda soliq solinadi:
1) mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalarning daromadlariga, ushbu moddaning 2, 3, 4 va 5-bandlarida sanab oʻtilganlaridan tashqari, 18 foiz stavka boʻyicha soliq solinadi.
Xalq xoʻjaligining ayrim tarmoqlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan eng kamida 12 foizgacha pasaytirilgan stavkalar va koʻpi bilan 30 foizgacha oshirilgan stavkalar belgilanishi mumkin;
2) banklar, ularning filiallari va vakolatxonalari, davlat tasarrufida boʻlmagan tijorat sugʻurta tashkilotlarining daromadlariga 30 foizgacha stavka boʻyicha soliq belgilanadi. Bank va sugʻurta idoralariga soliq solishning oʻziga xos jihatlari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
3) videosalonlar (video koʻrsatuvlar), kim oshdi savdolari, kazinolar, pul yutugʻi chiqadigan oʻyin avtomatlari, davlatga qarashli boʻlmagan idoralar oʻtkazadigan lotereya oʻyinlaridan va ommaviy konsert-tomosha tadbirlari oʻtkazishdan olinadigan daromadlarga 60 foiz stavka boʻyicha soliq solinadi;
4) chet el kapitalining ulushi ustav fondining 30 foizidan kamni tashkil etgan qoʻshma korxonalarning daromadlariga ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq ustav fondida chet el kapitalining ulushi 30 foizdan koʻp boʻlgan korxonalarning, shuningdek chet el korxonalarining, ular filiallarining, vakolatxonalarining va shuʼba korxonalarining daromadlariga esa 10 foiz stavka boʻyicha soliq solinadi;
Ustav fondida chet el kapitali boʻlgan qoʻshma korxonalar xorijiy qatnashchilarining daromadlari chet elga oʻtkazilayotganda, basharti, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida oʻzga tartib belgilanmagan boʻlsa, ularga 15 foiz hajmda soliq solinishi kerak.
Daromadlar chet elga oʻtkazilayotganda soliq toʻlovining summasi oʻtkazilayotgan daromad valyutasida toʻlanadi;
5) ajnabiy yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatga bogʻliq boʻlmagan daromadlar olganlarida dividendlardan, foizlardan, mualliflik huquqlari va litsenziyalardan, fraxtdan, ijara toʻlovlaridan hamda manbai Oʻzbekiston Respublikasida boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan oʻzga daromadlardan, basharti, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida oʻzga tartib belgilanmagan boʻlsa, doimiy vakolatxonalar orqali daromadning 20 foizi (fraxtdan olingan daromaddan tashqari) miqdoridagi stavka boʻyicha soliq toʻlaydilar;
