3-modda. Soliq solish obyekti
“Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (521-XII-son) · Sana: 14.01.1992 · Amalda
1. Korxonaning hisobot davridagi yalpi daromadi soliq solish obyekti boʻladi.
Soliq solish maqsadlarida korxonaning hisoblab chiqilgan yalpi daromadi mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)ni oʻzga moddiy boyliklarni realizatsiya qilishdan kelgan tushum summasidan hamda realizatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlmagan operatsiyalarning natijasidan iborat boʻladi.
2. Ushbu Qonunda mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan kelgan tushum deganda ortib joʻnatilgan mahsulot va bajarilgan ish hamda koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlangan schyotlar boʻyicha summa, shuningdek realizatsiya qilingan mahsulot uchun haq sifatida soliq solinadigan davr tugagunga qadar korxonalarning bankdagi schyotlariga, kassalariga amalda tushgan pul mablagʻlari va boshqa tushumlar tushuniladi, basharti maxsus normativ hujjatlarda oʻzgacha tartib koʻzda tutilmagan boʻlsa.
3. Xarid mollari bilan savdo qiluvchi korxonalar uchun soliq solish maqsadlarida realizatsiya (tushum)dan olinadigan daromadlar deganda realizatsiya qilingan tovarlarning sotib olingan va sotilgan qiymati oʻrtasidagi farq tushuniladi.
4. Vositachilik faoliyatidan (komission mukofot sifatida) daromad olayotgan korxonalar uchun soliq undirish maqsadlarida realizatsiyadan olinadigan daromadlar deganda soliq olinadigan davrda amalga oshirilgan barcha bitimlar yuzasidan olingan komission mukofotlar (foizlar) summasi tushuniladi.
5. Realizatsiyaga oid boʻlmagan operatsiyalarning natijalari deganda mulkni ijaraga topshirishdan kelgan tushumlar, olingan jarimalar va neustoykalar, obligatsiyalardan olingan daromadlar, berilgan ssudalar boʻyicha olingan foizlar va daromadlarga kiruvchi boshqa tushumlar tushuniladi.
Soliq solish maqsadlarida hisoblab chiqiladigan realizatsiyaga oid boʻlmagan operatsiyalarning natijalariga aksiyalardan olingan dividendlar va oʻzga korxonalarning ustav fondlariga kiritilgan kapitaldan olingan daromadlar kirmaydi.
6. Ham bevosita ayirboshlash orqali, ham mahsulotni tannarxidan arzonroq bahoda berish orqali tovar ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshiruvchi korxonalar uchun realizatsiya qilishdan olingan daromad deganda bitimning summasi tushuniladi, bu summa xuddi shunday mahsulotni realizatsiya qilishda bitimni amalga oshirish tariqasida qoʻllanilgan bahodan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
