17-modda. Soliq solish obyekti
“Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (521-XII-son) · Sana: 14.01.1992 · Amalda
Mahsulot, bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlarni realizatsiya qilish oborotlari soliq solish obyektlaridir.
Oʻzi ishlab chiqargan tovarlarni ham, chetdan sotib olingan va chetda tayyorlangan tovarlarni ham sotish oborotlariga soliq solinishi kerak.
Quyidagilar ham soliq solish obyektlari boʻladi:
korxonaning ichida oʻz isteʼmoli uchun amalga oshirilib, xarajatlarini mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga kiritmaydigan holda, shu jumladan oʻz xodimlariga tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish oborotlari;
tovarlarni bevosita pul toʻlamasdan boshqa tovarlar (xizmatlar)ga ayirboshlash yoʻli bilan sotish oborotlari;
tovarlarni boshqa korxonalar yoki shaxslarga tekinga berish yoki qisman haq olib berish boʻyicha oborotlar, budjetda turadigan muassasalarga va boshqa tashkilotlarga hayriya maqsadlarida berish hollari bundan mustasno;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni chet el valyutasida realizatsiya qilish oborotlari.
