Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 24-avgustdagi 394-son qarori bilan tasdiqlangan “Pedagog xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzishning kontrakt shakli toʻgʻrisidagi nizom”ning konstitutsiyaviyligini tekshirish haqidagi ish boʻyicha qaror
17.06.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Rais B. Eshonov, sudyalar O. Ernazarov, Gʻ. Abdumajidov, G. Pirjanovlardan iborat tarkibda,
Vazirlar Mahkamasining taraf sifatidagi manfaatlarini ifodalovchi L. Krutsova, ekspert, dotsent M. Gasanov ishtirokida,
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 109-moddasi 1-bandiga va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 1-moddasiga amal qilgan holda,
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 24-avgustdagi 394-son qarori bilan tasdiqlangan “Pedagog xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzishning kontrakt shakli toʻgʻrisidagi Nizom”ning Konstitutsiyaga muvofiqligi haqidagi ishni ochiq sud majlisida koʻrib chiqdi.
Ishni yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasi birinchi qismi, Konstitutsiyaviy sud toʻgʻrisidagi Qonunning 19-moddasi asosida Konstitutsiyaviy sud tashabbusi bilan qoʻzgʻatildi.
Vazirlar Mahkamasining pedagog xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzishning kontrakt shakli shartlarini tartibga soluvchi normativ hujjati tekshirilishi lozim edi.
Sudya G. Pirjanovning axborotini, ekspert M. Gasanovning fikrini eshitib, ish materiallarini oʻrganib chiqib, Konstitutsiyaviy sud quyidagilarni aniqladi:
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 24-avgustdagi 394-son qarori bilan “Pedagog xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzishning kontrakt shakli toʻgʻrisidagi Nizom” tasdiqlangan. Mazkur Nizomga muvofiq davlat oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari, umumtaʼlim maktablarining pedagog xodimlari bilan mehnat shartnomasi kontrakt asosida 1 yildan 5 yilgacha boʻlgan muddatga tuziladi.
Vazirlar Mahkamasining vakilini, ekspertning xulosasini eshitib, ish materiallarini oʻrganib chiqib, Konstitutsiya, Mehnat kodeksi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun normalarini tahlil etib, Konstitutsiyaviy sud Vazirlar Mahkamasining yuqorida aytib oʻtilgan Nizomi Konstitutsiyaga muvofiq emas hamda oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari, umumiy taʼlim maktablari professor-oʻqituvchilari tarkibining mehnat huquqlarini cheklab qoʻyadi degan xulosaga keldi.
Birinchidan. Konstitutsiyaning 14-moddasida deyilganki, davlat oʻz faoliyatini inson va jamiyat manfaatlarini koʻzlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi. Konstitutsiyaning 18-moddasida belgilab qoʻyilganki, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, qonun oldida tengdirlar. Konstitutsiyaning 37-moddasi barcha fuqarolarga mehnat qilish va adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqini kafolatlaydi.
Ikkinchidan. Har kimga ishga ega boʻlishda, mehnat qilish va ish bilan taʼminlanish shart-sharoitlarida teng imkoniyatlar yaratib berilishi Mehnat kodeksining 58-moddasida ham nazarda tutilgan. Mehnat kodeksining 76-moddasiga binoan muddatli mehnat shartnomalari bajarilajak ishning xususiyatlari, uni bajarish shartlari yoki xodimning manfaatlarini hisobga olgan holda, muayyan muddatga moʻljallangan mehnat shartnomalarini tuzish mumkin boʻlmagan, shuningdek qonunda nazarda tutilgan hollardagina tuziladi.
Muddatli mehnat shartnomasini faqat aniq belgilangan hollarda tuzish mumkinligi toʻgʻrisidagi Mehnat kodeksida mustahkamlab qoʻyilgan norma umumiy xususiyatga ega boʻlib, barcha xodimlarga, shu jumladan pedagoglarga nisbatan tatbiq etiladi. Boshqa hollarda pedagog xodimlar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzish Mehnat kodeksining 76-moddasi talablariga muvofiq emas, demak Konstitutsiyaning Konstitutsiya va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ustunligi mustahkamlab qoʻyilgan 15-moddasiga ham muvofiq emas.
Shu tariqa, Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 24-avgustdagi 394-son qarori va u bilan tasdiqlangan Davlat oliy, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari va umumiy taʼlim maktablarining pedagog xodimlari bilan mehnat shartnomalari tuzishning kontrakt shakli toʻgʻrisidagi Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 14, 15, 18 va 37-moddalariga ziddir.
Bayon qilinganlar asosida va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 19, 25, 26 va 27-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 24-avgustda qabul qilingan “Pedagog xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzishning kontrakt shakliga oʻtish toʻgʻrisida”gi 394-son qarori Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topilsin.
2. Ushbu qaror ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinsin.
3. Qaror matbuotda eʼlon qilingan paytdan kuchga kiradi, qatʼiy, uning ustidan shikoyatga oʻrin yoʻq.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi
Toshkent sh.,
1997-yil 17-iyun
