94-modda. Aktuariy
“Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-108-son) · Sana: 14.09.2007 · Amalda
Aktuariy quyidagilarni oʻz ichiga oladigan aktuar xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik yoki jismoniy shaxsdir:
sugʻurta voqeasi yuz berishining matematik jihatdan ehtimolligi hisob-kitobini amalga oshirish, ham alohida tavakkalchilik guruhlarida, ham umuman sugʻurta majmui boʻyicha zarar yetkazilishining takroriyligini va ularning oqibatlari ogʻirligi darajasini belgilash;
sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) zarur sugʻurta zaxiralari va fondlarini matematik jihatdan asoslash hamda hisob-kitob qilish, ularni shakllantirish usullarini ishlab chiqish;
sugʻurtalovchining investitsiyalar sifatida toʻplangan badallardan foydalanishida kapital qoʻyilma normasi va netto-stavka miqdori oʻrtasidagi bogʻliqlikni tarif stavkalarini investitsiya daromadi summasiga kamaytirishga koʻmaklashadigan tarzda aniqlash;
sugʻurta jarayonini tashkil etish uchun zarur xarajatlarni asoslash va sugʻurta xizmatlari tannarxini hisob-kitob qilish;
sugʻurtaning (qayta sugʻurta qilishning) har bir turi boʻyicha tarif stavkalarini sugʻurtalovchilar uchun ularni oʻtkazishning uzoq muddatli va qisqa muddatli xususiyatini hisobga olgan holda belgilash;
sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) investitsiya faoliyati natijalarini aktuar hisob-kitoblardan foydalangan holda baholash;
sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) daromadlarini sugʻurtaning (qayta sugʻurta qilishning) har xil turlari boʻyicha rejalashtirish.
Aktuariy sugʻurtalovchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq faqat aktuar xizmatlari koʻrsatadi.
Aktuariy, agar u aktuar tashkilot shtatida turgan boʻlsa yoki aktuar tashkilot tomonidan u bilan fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzilgan taqdirda, aktuar xizmatlari koʻrsatishga jalb etilishi mumkin.
Aktuariy sifatsiz aktuar xizmatlarini koʻrsatganlik, tijorat yoki boshqa sirni oshkor qilganlik va aktuar tashkilot zarar koʻrishiga olib kelgan oʻzga xatti-harakatlar natijasida yetkazilgan zarar uchun aktuar tashkilot oldida javobgar boʻladi.
Aktuar xizmatlari koʻrsatish uchun aktuariy maxsus vakolatli davlat organi belgilagan tartibda aktuariy malaka sertifikatini olishi shart.
Yuridik shaxs boʻlgan aktuariy oʻz shtatida aktuariy malaka sertifikatiga ega boʻlgan kamida bitta aktuariyga ega boʻlishi kerak.
