Ishlab chiqarilgan etil spirt - rektifikatini sinovdan oʻtkazish va tayyor mahsulotlar omborxonasiga topshirish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida (1714-son)
06.09.2007
OʻZBEKISTON STANDARTLAShTIRISh, METROLOGIYA VA SERTIFIKATLAShTIRISh AGENTLIGI BOSh DIREKTORINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 6-sentabrda 1714-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 31-iyuldagi “Etil spirtining sifati ustidan nazoratni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 159-sonli qarorini bajarilishini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. “Ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikatini sinovdan oʻtkazish va tayyor mahsulotlar omborxonasiga topshirish tartibi toʻgʻrisida nizom” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtgan sanadan 10 kundan keyin kuchga kiritilsin.
3. Ushbu buyruqning bajarilishini nazorat qilish Davalkogolinspeksiya boshligʻi A.B. Umarov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktori R. BOʻRIYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 24-avgust,
214-Q-son
“Oʻzstandart” agentligi Bosh direktorining 2007-yil 24-avgustdagi 214-Q-son buyrugʻi bilan TASDIQLANGAN
Ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikatni sinovdan oʻtkazish va tayyor mahsulotlar omborxonasiga topshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 7-noyabrdagi PQ-505-son qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Etil spirtining sifati ustidan nazoratni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2007-yil 31-iyuldagi 159-son qaroriga muvofiq ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikatni sinovdan oʻtkazish va tayyor mahsulotlar omborxonasiga topshirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Spirt ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikat faqat “Oʻzstandart” agentligi huzuridagi Davalkogolinspeksiya laboratoriyalarida Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan standartlarga muvofiqligi boʻyicha tekshirishdan oʻtgandan keyin tayyor mahsulotlar omboriga topshiriladi.
2. Biriktirilgan laboratoriyalar ish rejimi “Oʻzstandart” agentligining hududiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi tomonidan etil spirt — rektifikat ishlab chiqarish texnologik jarayoni uzluksizligini taʼminlashi lozim.
3. Etil spirt — rektifikat ishlab chiqaruvchi korxonaning (bundan keyingi oʻrinlarda korxona deb yuritiladi) etil spirt — rektifikat ishlab chiqarish prognoz hajmlari asosida korxona maʼmuriyati va laboratoriya mudiri tomonidan kelishilgan jadvalga muvofiq ularning ish faoliyati tashkil etiladi.
II. Ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikatni sinovdan oʻtkazish
4. Ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikat tayyor mahsulot omborxonasiga topshirilishidan oldin har kuni korxonaning moddiy javobgar shaxsi tomonidan sigʻimlarga olinadi va oʻlchanadi.
Ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikatni standart talablari asosida sinovdan oʻtkazish uchun korxonaning moddiy javobgar shaxsi tomonidan mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq ikki nusxada toʻldirilgan bildirishnoma laboratoriya mudiriga taqdim etiladi. Bildirishnomaning bir nusxasi korxonaning moddiy javobgar shaxsida saqlanadi.
5. Laboratoriya mudiri korxona moddiy javobgar shaxsi taqdim etgan bildirishnomani mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq ish daftariga roʻyxatga olib boradi. Ish daftari “Oʻzstandart” agentligining hududiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshligʻi tomonidan belgilangan tartibda imzolangan, muhrlangan, raqamlangan hamda tikilgan boʻlishi lozim.
6. Laboratoriya mutaxassislari va korxonaning moddiy javobgar shaxsi bilan birgalikda tayyorlangan etil spirt — rektifikatdan GOST 5964-93 “Etil spirt. Qabul qilish va sinov usullari qoidalari” standarti asosida namunalar tanlab olishni amalga oshiradilar.
Namunalar korxona tomonidan ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikatdan namunalar tanlash dalolatnomasiga muvofiq olinadi. Dalolatnoma mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan shakl boʻyicha rasmiylashtiriladi.
7. Tanlab olingan namunalarning sinovdan ortgan qismi laboratoriyada 30 kalendar kunidan oshmagan muddatgacha saqlanadi va etil spirt — rektifikat ishlab chiqaruvchi korxonaga qayta topshiriladi.
Namunalarning sinovdan ortgan qismining saqlash muddati oʻtgandan soʻng ularni ishlab chiqarish jarayoniga qaytarilishi laboratoriya mudiri tomonidan amalga oshiriladi. Etil spirt — rektifikatni korxonaga qayta topshirish mazkur Nizomning 4-ilovasida keltirilgan shakl boʻyicha etil spirt — rektifikatni ishlab chiqaruvchi korxonaga qaytarib topshirish daftarida qayd etiladi. Ish daftari “Oʻzstandart” agentligining hududiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshligʻi tomonidan belgilangan tartibda imzolangan, muhrlangan, raqamlangan hamda tikilgan boʻlishi lozim.
8. Laboratoriya xodimlari tomonidan standart talablariga koʻra tanlab olingan etil spirt — rektifikat namunalari GOST 5964-93 “Etil spirt. Qabul qilish va sinov usullari qoidalari” va GOST 5962-67 “Etil spirt — rektifikat. Texnikaviy shartlar” standartlari asosida laboratoriyada sinovdan oʻtkaziladi.
9. Sinov natijalari asosida laboratoriya mudiri tomonidan yozma ravishda mahsulot toʻpining standart talablariga javob berishi yoki bermasligi haqida xulosa tuziladi. Xulosa mazkur Nizomning 5-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
10. Laboratoriyaning etil spirt — rektifikat toʻpi boʻyicha xulosasi ijobiy boʻlsa, mahsulot mazkur Nizomning III boʻlimida nazarda tutilgan tartibda tayyor mahsulotlar omborxonasiga yuboriladi.
11. Qabul qilinayotgan etil spirt — rektifikatning toʻpi standart talablariga javob bermaganda laboratoriya va korxona vakillaridan iborat Hayʼat (bundan keyingi oʻrinlarda Hayʼat deb yuritiladi) tuziladi.
12. Etil spirt — rektifikat Hayʼat tomonidan standart tartiblariga muvofiq qayta sinovdan oʻtkaziladi va oxirgi sinov natijasiga koʻra mahsulotning sifati aniqlanadi.
Hayʼat xulosasiga koʻra etil spirt — rektifikat standart talablariga javob bermagan taqdirda, laboratoriya mudiri bu haqda zudlik bilan korxona rahbari va Davalkogolinspeksiya boshligʻiga yozma ravishda axborot beradi.
13. Standart talablariga javob bermagan etil spirt — rektifikat toʻpi belgilangan tartibda ishlab chiqarish jarayoniga qaytariladi.
14. Laboratoriya mutaxassislari tomonidan sinov uchun olingan etil spirt — rektifikat namunalari sifat koʻrsatkichlari aniqlanib boʻlingandan keyin ishlatilgan etil spirt — rektifikat qayta ishlashga muntazam ravishda topshirib boriladi.
15. Korxonada ishlab chiqarilib, qabul qilingan etil spirt — rektifikatning hajmi va sifati boʻyicha hisobotlar belgilangan tartibda laboratoriya mudiri tomonidan Davalkogolinspeksiya va laboratoriya biriktirilgan “Oʻzstandart” agentligining hududiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmasiga beriladi.
III. Ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikatni tayyor mahsulotlar omborxonasiga topshirish
16. Etil spirt — rektifikat toʻpi boʻyicha laboratoriyaning ijobiy xulosasi asosida korxonaning moddiy javobgar shaxsi, korxonaning laboratoriya xodimi, tayyor mahsulotlar omborxonasi mudiri va Davalkogolinspeksiya laboratoriyasi mudiri ishtirokida etil spirt — rektifikat tayyor mahsulotlar omborxonasiga yuboriladi.
17. Etil spirt — rektifikat tayyor mahsulotlar omborxonasiga ombor mudiri tomonidan laboratoriya bergan sinov natijalari bayonnomasi va korxona tomonidan toʻldirilgan qabul qilish-topshirish dalolatnomasi bilan qabul qilinadi.
18. Tayyor mahsulotlar omborxonasining mudiri omborxonada mavjud sigʻimlarning butligini va tozaligini tekshirib, mahsulotni “Oʻzstandart” agentligi yoxud uning hududiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi tomonidan davlat qiyoslov koʻrigidan oʻtkazilgan 1-sinf oʻlchov vositasi orqali qabul qiladi.
19. Tayyor mahsulotlar omborxonasiga qabul qilingan etil spirt — rektifikat mazkur Nizomning 6-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq omborxona mudiri tomonidan ish daftarida qayd etiladi va ularning hisobini olib boradi. Ish daftari korxona rahbari va hisobchisi tomonidan belgilangan tartibda imzolangan, muhrlangan, raqamlangan hamda tikilgan boʻlishi lozim.
20. Tayyor mahsulotlar omborxonasining mudiri qabul qilib olingan etil spirt — rektifikatning ham miqdoriy, ham sifat koʻrsatkichlari buzilmasligini taʼminlashi shart.
21. Ushbu Nizom “Oʻzspirtsanoat” aksiyadorlar kompaniyasi bilan kelishilgan.
“Oʻzspirtsanoat” AK raisi A. ABDULLAYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 23-avgust
Ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikatni sinovdan oʻtkazish va tayyor mahsulotlar omborxonasiga topshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikatni sinovdan oʻtkazish va tayyor mahsulotlar omborxonasiga topshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Korxona tomonidan taqdim etilgan “Bildirishnoma”larni roʻyxatga olish daftari
Ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikatni sinovdan oʻtkazish va tayyor mahsulotlar omborxonasiga topshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
Ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikatni sinovdan oʻtkazish va tayyor mahsulotlar omborxonasiga topshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 4-ILOVA
Etil spirt — rektifikat ishlab chiqaruvchi korxonaga qaytarib topshirish daftari
Ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikatni sinovdan oʻtkazish va tayyor mahsulotlar omborxonasiga topshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 5-ILOVA
Ishlab chiqarilgan etil spirt — rektifikatni sinovdan oʻtkazish va tayyor mahsulotlar omborxonasiga topshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 6-ILOVA
Tayyor mahsulotlar omborxonasining ish daftari
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 35-36-son, 373-modda)
