Oʻzbekiston Respublikasining davlat korxonalari va muassasalari hisobi va reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1708-son)
03.09.2007
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh DAVLAT QOʻMITASINING
QARORI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 3-sentabrda 1708-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 13-noyabrdagi PF-4483-son “Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-oktabrdagi 215-son “Ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning samarali boshqarilishini va davlat mulkining zarur darajada hisobga olinishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi 374-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining davlat korxonalari va muassasalari hisobi va reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Davlat mulki qoʻmitasi raisi D. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 13-iyul,
01/16-712-son
Davlat mulki qoʻmitasining 2007-yil 13-iyuldagi 01/16-712-sonli qarori bilan TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasining davlat korxonalari va muassasalari hisobi va reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Prezidentning 2012-yil 13-noyabrdagi PF-4483-son “Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-oktabrdagi 215-son “Ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning samarali boshqarilishini va davlat mulkining zarur darajada hisobga olinishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi 374-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining davlat korxonalari va muassasalari hisobi va reyestrini yuritish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasining davlat korxonalari va muassasalari reyestri (keyingi oʻrinlarda Reyestr deb ataladi) — hisob obyektlarining tizimlashtirilgan roʻyxati va ular haqidagi maʼlumotlardan iborat yagona maʼlumotlar banki;
hisob obyektlari — Oʻzbekiston Respublikasining davlat korxonalari va muassasalari;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat korxonalari va muassasalarini reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi guvohnoma (keyingi oʻrinlarda Guvohnoma deb ataladi) — Reyestrga hisob obyekti toʻgʻrisida tegishli yozuv kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat;
davlat korxonasi — davlat mulkidagi, oʻziga tezkorlik bilan boshqarish uchun berilgan mulk negizida tashkil etilgan davlat unitar korxonasi shaklidagi tijorat tashkilotidir, u oʻziga biriktirilgan mulkdan qonunda belgilangan doirada, oʻz faoliyati maqsadlariga, mulkdorning (yoki uning topshirigʻiga koʻra u vakolat bergan davlat organi — muassisning) topshiriqlariga hamda egalik qilish huquqidagi mulkning maqsadiga muvofiq mulkdan foydalanishni va uni tasarruf etishni amalga oshiradi;
davlat muassasasi — davlat mulkini tasarruf etuvchisi tomonidan boshqaruv, ijtimoiy-madaniy vazifalarni yoki tijorat xususiyatiga ega boʻlmagan boshqa vazifalarni amalga oshirish uchun tashkil etilgan va toʻliq yoki qisman davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyaviy taʼminlanadigan tashkilot.
II. Davlat korxonalari va muassasalarining hisobini yuritish
2. Davlat raqobat qoʻmitasi va uning hududiy organlari tomonidan davlat korxonalari va muassasalarining hisobi, ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Reyestrga kiritish va davriy ravishda yangilash orqali olib boriladi.
3. Hisob davlat korxonalari va muassasalarining maʼlumotlar bankini birgalikda tashkil etuvchi maʼlumotlar bazasini boshqarish tizimi va maʼlumotlar bazasining oʻzidan iborat boʻlgan amaliy dasturiy vositalar yordamida amalga oshiriladi.
4. Davlat sirini tashkil etuvchi maxfiy vazifa yuklatilgan davlat korxonalari va muassasalari hisobi qonunchiligida belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan olib boriladi.
III. Reyestr yuritish
5. Reyestr yuritish quyidagi tartibotlarni oʻz ichiga oladi:
hisob obyektlariga reyestr raqami berish bilan birga ular haqidagi zarur axborotni maʼlumotlar bazasiga kiritish;
ushbu Nizomning IV bobga muvofiq hisob obyektlari haqidagi maʼlumotlarni davriy ravishda yangilash va mulkchilik shakli oʻzgarganda yoki begonalashtirilganda ularni Reyestrdan chiqarish.
6. Yangidan tashkil etilgan davlat korxonasi yoki muassasasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin majburiy tartibda bir haftalik muddatda ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni Reyestrga kiritish uchun taqdim etishi lozim.
7. Reyestr shakllantirilayotgan paytda mavjud boʻlgan davlat korxonalari va muassasalari ushbu Nizom kuchga kirgandan soʻng majburiy tartibda uch oylik muddatda Reyestrga kiritish uchun hujjatlarni taqdim etishlari lozim.
8. Davlat korxonasi yoki muassasasi Reyestrga kiritish uchun tegishli ravishda Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organiga ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilarni ilova qilgan holda taqdim etadi:
davlat korxonasi yoki muassasasini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorning nusxasi;
davlat korxonasi yoki muassasasining roʻyxatdan oʻtkazilgan ustavi nusxasi;
davlat mulkini berish uchun asos hisoblanadigan hujjatning nusxasi;
davlat mulkini topshirish-qabul qilish dalolatnomasi nusxalari.
9. Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organi Reyestrga kiritish boʻyicha murojaat kelib tushgan paytdan boshlab ikki haftalik muddatda taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqligini koʻrib chiqadi.
Taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda, davlat korxonasi yoki muassasasiga ushbu kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha xabarnoma yuboradi.
10. Davlat korxonasi yoki muassasasi xabarnomani olgandan keyin 10 kunlik muddatda mavjud kamchiliklar bartaraf etilgan hujjatlarni Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organiga taqdim etishi lozim.
11. Taqdim etilgan hujjatlar boʻyicha ijobiy xulosa mavjud boʻlganda (bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi), Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organi uch ish kuni mobaynida:
hujjatlar toʻplamini Davlat raqobat qoʻmitasiga yuboradi va reyestr raqamini oladi;
ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq Guvohnoma rasmiylashtiradi;
Guvohnoma davlat korxonasi yoki muassasasiga tilxat asosida topshiriladi.
12. Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan har bir davlat korxonasi va muassasasiga alohida guvohnoma beriladi.
13. Davlat korxonasi yoki muassasasi tomonidan Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi guvohnoma yoʻqotilgan taqdirda, unga Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organiga dublikat berish toʻgʻrisida ariza topshirgan kunidan boshlab 7 kun ichida guvohnomaning dublikati beriladi.
14. Davlat raqobat qoʻmitasi yoki uning hududiy organi quyidagi hollarda Guvohnoma berishni rad etishi mumkin:
hisob obyekti Oʻzbekiston Respublikasi mulki hisoblanmasligi holati aniqlanganda;
hujjatlar ushbu Nizomda belgilangan tartibda rasmiylashtirilmay taqdim etilganda va/yoki toʻliq topshirilmaganda.
IV. Reyestrga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki chiqarish
15. Reyestrga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki hisob obyektlarini Reyestrdan chiqarish Davlat raqobat qoʻmitasi va uning hududiy organlari tomonidan bunga asos boʻluvchi tegishli hujjatlar bilan birga murojaat kelib tushgandan keyin 10 kunlik muddatda amalga oshiriladi.
16. Hisob obyektlari tugatilayotgan yoki qayta tashkil etilayotgan paytda tugatish komissiyasi yoki tugatish (qayta tashkil etish)ga vakolatli boʻlgan boshqa organ bir haftalik muddatda tegishli ravishda Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organiga hisob obyektlarini Reyestrdan chiqarish uchun ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi arizaga quyidagilarni ilova qilgan holda taqdim etishi lozim:
Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organi tomonidan avval berilgan guvohnomaning asl nusxasi;
davlat korxonasi yoki muassasasiga berilgan davlat mulkining holati boʻyicha oxirgi sanaga ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq maʼlumot;
hisob obyektlarini Reyestrdan chiqarish uchun asos hisoblangan hujjatlar nusxasi (taʼsischi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarori, sud qarori, oldi-sotdi shartnomasi va boshqalar);
davlat mulkini topshirish-qabul qilish dalolatnomalarining nusxalari.
17. Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organi yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarni olganidan soʻng tegishli hisob obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Davlat raqobat qoʻmitasiga Reyestrdan chiqarish uchun yuboradi.
18. Hisob obyekti Reyestrdan chiqarilganda ikki haftalik muddatda ariza beruvchiga Reyestrdan chiqarilganlik toʻgʻrisidagi bildirish xati yuboriladi.
19. Davlat korxonalari va muassasalari har yarim yilda, hisobot davridan keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmay, Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organlariga 4-ilovaga muvofiq davlat mulklarining holati toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etadilar.
V. Reyestrdan axborot taqdim etish
20. Reyestrda mavjud hisob obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yopiq maʼlumotlar hisoblanib, davlat korxonalari va muassasalariga yoki ular tomonidan vakolat berilgan organlarga rasmiy soʻrovnomaga muvofiq taqdim etiladi.
21. Hisob obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumot yoki uni taqdim etmaslik boʻyicha asoslangan javob davlat korxonalari va muassasalariga soʻrovnoma olingan kundan boshlab oʻn kunlik muddatda maʼlum qilinadi.
VI. Davlat korxonalari va muassasalari hisobini yurituvchi organlarning asosiy funksiyalari
22. Davlat raqobat qoʻmitasi:
hisob obyektlari Reyestrini yuritadi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan davlat korxonalari va muassasalariga reyestr raqami beradi;
hududiy boshqarmalar tomonidan Reyestrga kiritiladigan obyektlar boʻyicha maʼlumotlar kelib tushishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish, uslubiy va tashkiliy rahbarlikni amalga oshiradi;
axborotni himoyalash choralarini koʻradi.
23. Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organlari:
Reyestrga kiritilgan davlat korxonalari va muassasalari hisobini yuritadi;
Davlat raqobat qoʻmitasiga davlat korxonalari va muassasalariga reyestr raqamini berish uchun ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi;
davlat korxonalari va muassasalariga Guvohnoma rasmiylashtiradi va beradi;
hisob obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritadi va ularni belgilangan tartibda Davlat raqobat qoʻmitasiga yuboradi.
VI. Davlat korxonalari va muassasalari tomonidan foydalanishda boʻlgan davlat mulklarining hisobini yuritish boʻyicha masʼuliyat va javobgarlik
24. Davlat mulklari tezkor boshqarish huquqi asosida biriktirilgan davlat korxonalari va muassasalari:
ushbu Nizomga muvofiq tegishli hujjatlarni majburiy tartibda Reyestrga qoʻshish yoki oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish uchun taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda davlat mulklari hisobini yuritilishi, samarali boshqarilishi, saqlanishi va maqsadli foydalanilishini taʼminlaydi.
25. Davlat raqobat qoʻmitasi va uning hududiy organlariga davlat korxonalari va muassasalarining balansida boʻlgan davlat mulklari haqidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etilishi va ishonchliligi uchun javobgarlik davlat korxonasi yoki muassasasining rahbariga yuklatiladi.
26. Davlat korxonasi yoki muassasasi rahbari ushbu Nizom talablariga rioya qilmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga koʻra javobgarlikka tortiladi.
VII. Yakuniy qoidalar
27. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil
Davlat statistika qoʻmitasi raisi oʻ. QUDRATOV
Toshkent sh.,
2007-yil
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
Toshkent sh.,
2007-yil
Oʻzbekiston Respublikasi davlat korxonalari va muassasalarini hisobga olish va ularning Reyestrini yuritish toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2016-yil 25-oktabrdagi 01/14-26/42-sonli qarori (roʻyxat raqami 1708-2, 04.10.2016-y.) tahririda —OʻR QHT, 2016-y., 44-son, 519-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi davlat korxonalari va muassasalarini hisobga olish va ularning Reyestrini yuritish toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2015-yil 22-iyundagi 01/14-26/17-sonli qarori (roʻyxat raqami 1708-1, 09.07.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 27-son, 361-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi davlat korxonalari va muassasalarini hisobga olish va ularning Reyestrini yuritish toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2016-yil 25-oktabrdagi 01/14-26/42-sonli qarori (roʻyxat raqami 1708-2, 04.10.2016-y.) tahririda —OʻR QHT, 2016-y., 44-son, 519-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi davlat korxonalari va muassasalarini hisobga olish va ularning Reyestrini yuritish toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
(4-ilovaning jadvali Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2016-yil 25-oktabrdagi 01/14-26/42-sonli qarori (roʻyxat raqami 1708-2, 04.10.2016-y.) tahririda —OʻR QHT, 2016-y., 44-son, 519-modda)
* Ijara, tezkor (operativ) boshqarish, boshqalar.
** Roʻyxat har bir obyekt boʻyicha alohida taqdim etiladi.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2015-yil 22-iyundagi 01/14-26/17-sonli qarori (roʻyxat raqami 1708-1, 09.07.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 27-son, 361-modda)
