Davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuridik va jismoniy shaxslar bilan oʻzaro hamkorligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (181-son)
23.08.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2005-yil 8-iyuldagi PQ-117-son qarorini bajarish yuzasidan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, ularning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish vositasida jismoniy va yuridik shaxslar bilan tezkor oʻzaro hamkorligini taʼminlash, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlardan keng foydalanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2. Interaktiv davlat xizmatlari reyestrini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga yuklansin.
3. Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
uch oy muddatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlash tadbirlari rejalarini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatish va koʻrsatilayotgan ana shunday xizmatlarni kengaytirish, yuridik va jismoniy shaxslarning interaktiv davlat xizmatlaridan sifatli foydalanishini taʼminlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllash yoʻli bilan davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini koʻrsinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga koʻrsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari boʻyicha axborot, shuningdek moʻljallanayotgan interaktiv davlat xizmatlari boʻyicha takliflarni ularni keyinchalik Interaktiv davlat xizmatlari reyestriga kiritish uchun taqdim etsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zaruriyatga koʻra vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari reyestriga oʻzgartirishlar kiritishga doir umumlashtirilgan takliflar kiritsin.
5. 2013 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasi oʻz majlislarida davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatish, shu jumladan davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining elektron hujjatlar aylanishi tizimlarini joriy etish va axborot tizimlarini integratsiyalash ishlarining ahvolini muntazam ravishda koʻrib chiqsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 23-avgust,
181-son
