8-modda.
Muddatida toʻlanmagan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirib olish toʻgʻrisida (177-I-son) · Sana: 22.12.1995 · Amalda
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga nisbatan boqimandani soʻzsiz undirib olishning quyidagi choralari qoʻllaniladi:
1) boqimandachining bankdagi hisobvaragʻida mavjud boʻlgan summani davlat budjeti foydasiga, budjetdan tashqari davlat jamgʻarmalari hisobvaragʻiga oʻtkazish;
2) solishtiruv dalolatnomasi mavjud boʻlgan taqdirda undiruvni debitorlardan boqimandachiga tegishli summaga qaratish;
3) soliqlar va budjetga toʻlovlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya va Respublika yoʻl jamgʻarmalariga toʻlovlar boʻyicha undiruvni qarzdor korxona mol-mulkiga qaratish.
Boqimanda summasini soʻzsiz undirib olish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomalari soliq organlari tomonidan belgilangan toʻlov muddatidan boshlab uch ish kuni davomida amalga kiritiladi.
Basharti korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tegishli toʻlovni oʻtkazish uchun toʻlov topshiriqnomasini bankka oʻz vaqtida topshirgan boʻlsa, inkasso topshiriqnomasi amalga kiritilmaydi.
Soliqlar va davlat budjetiga boshqa majburiy toʻlovlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya va Respublika yoʻl jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlar boʻyicha undiruvni qarzdor korxonaning mol-mulkiga qaratish soliq organining arizasi asosida sud tomonidan amalga oshiriladi.
