16 yoshgacha boʻlgan bolalarga nogironlikni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1695-son)
27.06.2007
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASh VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VAZIRLIGINING
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 27-iyunda 1695-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2007-yil 23-yanvardagi PQ-573-son qaroriga muvofiq qaror qilamiz:
1. 16 yoshgacha boʻlgan bolalarga nogironlikni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
3. Ushbu qaror kuchga kirgan kundan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining 1993-yil 31-dekabrdagi 678-son buyrugʻi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari A.Kamilov hamda Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vaziri oʻrinbosari K.Kamilov zimmasiga yuklatilsin.
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-iyun,
6-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b A. HAITOV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-iyun,
29/1-son
Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2007-yil 12-iyundagi 6, 29/1-son qarori bilan TASDIQLANGAN
16 yoshgacha boʻlgan bolalarga nogironlikni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2007-yil 23-yanvardagi PQ-573-son qaroriga muvofiq 16 yoshgacha boʻlgan bolalarga (keyingi oʻrinlarda matnda bolalar deb yuritiladi) nogironlikni tayinlash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Jismoniy yoki aqliy nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan ijtimoiy yordam va himoyaga muhtoj boʻlgan bolalar nogiron deb hisoblanadi.
Bolalarning turmush faoliyati cheklanganligi ularning oʻz-oʻziga xizmat qilish, yurish, yoʻlni topa olish, muloqot qilish, oʻz xatti-harakatini nazorat qilish, shuningdek taʼlim olish va mehnat faoliyati bilan shugʻullanish qobiliyati yoki imkoniyatini toʻla yoxud qisman yoʻqotganligida ifodalanadi.
2. Bolalarni nogiron deb topish ularning qonuniy vakillari — ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari (homiylari)ning doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan vrachlik maslahat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda matnda VMK deb yuritiladi) tomonidan mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3. VMKga tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasasi bosh shifokori raislik qiladi.
VMK tarkibi bosh shifokor oʻrinbosari, boʻlim boshligʻi va davolovchi shifokorlar (pediatr, terapevt, psixiatr, ftiziatr va boshqa mutaxassislar)dan iborat tarkibda tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasasi bosh shifokori tomonidan tasdiqlanadi.
4. VMK tomonidan beriladigan bolalarni nogiron deb topish toʻgʻrisida tibbiy xulosa (keyingi oʻrinlarda matnda tibbiy xulosa) nogiron bolalarga ijtimoiy nafaqa tayinlashga asos boʻlib hisoblanadi.
II. Bolalarni nogiron deb topish tartibi
5. Bolalarni tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazish jarayonida shifokorlar (pediatr, terapevt, psixiatr, ftiziatr va boshqalar) tomonidan ularda ushbu Nizomning 1-ilovasida berilgan “Tibbiy koʻrsatmalar roʻyxati”da koʻrsatilgan kasalliklar va nogironlik belgilarini aniqlagan holatlarda, bolalarning tibbiy hujjatlari (kasallik tarixidan koʻchirma, zaruriyat boʻlgan hollarda rentgen UZI, EEG, kompyuter tomografiyasi, laboratoriya-bioximik sinamalari oʻtkazilgan tekshiruvlar) ularning qonuniy vakillari — ota-onalari yoki vasiylarining (homiylarining) doimiy yashash joyidagi VMKga taqdim etiladi.
6. Bolalar VMK tomonidan beriladigan tibbiy xulosa asosida nogiron deb topiladi.
7. VMK tibbiy xulosani berishda quyidagilarni eʼtiborga oladi:
bolalarning tibbiy hujjatlaridagi maʼlumotlar (kasallik tarixidan koʻchirma, ayrim hollarda rentgen UZI, EEG, kompyuter tomografiyasi, laboratoriya-bioximik sinamalari oʻtkazilgan tekshiruvlar);
nogironlikka sabab boʻlgan holatlar (tugʻma, nasldan-naslga oʻtadigan kasalliklar yoki jarohat va surunkali kasalliklar, orttirilgan patologik holatlar natijasida yuzaga kelgan nogironlik);
nogironlikning hajmi va tarkibi;
kasallikning xususiyati, bolalarning yoshi, uning aʼzolari funksiyasining buzilish darajasi, kompensator mexanizmlar holati, kasalliklarning kechishi, ijtimoiy moslashuv imkoniyatlari;
bolalarning tibbiy, shaxsiy-psixologik, ijtimoiy-pedagogik omillar komplekslarini qamrab olgan yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturi tarzida belgilanadigan ijtimoiy himoya muhtojligi va boshqalar.
8. Tibbiy xulosa bolalarni belgilangan tartibda ambulatoriya va shifoxonalar sharoitida toʻliq tekshiruvlardan oʻtkazilgandan soʻng VMK qaroriga muvofiq beriladi.
9. VMK tibbiy xulosani berishda ushbu Nizomning 1-ilovasida berilgan “Tibbiy koʻrsatmalar roʻyxati”ga asoslanadi.
10. Kasalliklar va ularning patologik holatlariga muvofiq tibbiy xulosalar 1 yil muddatga, 2 yil muddatga va undan koʻp boʻlgan muddatga beriladi.
11. “Tibbiy koʻrsatmalar roʻyxati”ning I-boʻlimida koʻrsatilgan holatlar, yaʼni kasalliklar jarohat yoki amalga oshirilgan tibbiy amaliyotlar natijasida bolalarning aʼzosi va aʼzolar tizimlarining funksiyasi buzilishi sababli, garchi davolash natijasida koʻrsatilgan holatlar tiklanishi mumkin boʻlsada, bolalarning yashash faoliyatini cheklanishiga va ijtimoiy hayotga moslasha olmaslikka olib kelgan holatlarda tibbiy xulosalar 1 yil muddatga beriladi. Bunda tibbiy xulosa berish bolalarning shifoxonalarda (shu jumladan ixtisoslashtirilgan shifoxonalarda) hamda ambulatoriya-poliklinika sharoitida 6 oy davomida davom etgan patologik oʻzgarishlarni inobatga olgan holda VMK tomonidan amalga oshiriladi.
12. “Tibbiy koʻrsatmalar roʻyxati”ning II-boʻlimida koʻrsatilgan holatlar, yaʼni bolalar organizmi funksiyalarining kuchli ravishda buzilgan, ularning oʻzgalar yordamiga muhtojligi sezilgan va oʻz-oʻziga xizmat qilish chegaralangan, lekin bolalarda tuzalish ehtimoli boʻlgan holatlarda tibbiy xulosa 2 yil muddatga beriladi. Bunda tibbiy xulosalar VMK tomonidan har 2 yilda qayta rasmiylashtiriladi. Tibbiy xulosalarni qayta rasmiylashtirishda bolalarning fiziologik, anatomik, aʼzo va uning tizimlarining kompensator holatlari, ularning tez oʻsuvchanligi va tiklanishi hisobga olinadi.
13. “Tibbiy koʻrsatmalar roʻyxati”ning III-boʻlimida koʻrsatilgan holatlar, yaʼni oʻz-oʻziga xizmat qilishning toʻliq yoʻqolishiga olib keluvchi organizm faoliyatining keskin, turgʻun va orqaga qaytmas buzilishi natijasida bolalarning yashash faoliyatining kuchli darajada chegaralanishiga va ijtimoiy hayotga moslasha olmaslikka olib boradigan aʼzo va uning tizimlarining patologik holatlarida tibbiy xulosa bolalarning 16 yoshga toʻlgungacha boʻlgan muddatga beriladi. Bunda bolalarning ahvolini dinamik kuzatish, ularni reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash va hayotga moslashuvchanligini belgilash maqsadida tibbiy xulosa dastlab 2 yil muddatga beriladi. Mazkur muddat tugagach VMK tomonidan tibbiy xulosa bolalarning 16 yoshga toʻlgungacha boʻlgan muddatga beriladi.
14. Nogiron bolalarga tibbiy xulosa berilishi bilan birga VMK tomonidan nogiron bolalarning ota-onalariga farzandlariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishlari lozimligi, shu bilan birga, bolalarga protez-ortopediya mahsulotlari hamda reabilitatsiya texnik vositalari ajratilishi zarurligi tushuntiriladi.
15. VMK kasallik tavsifiga koʻra har bir nogiron bolaga yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturini tuzadi va uning ijrosini taʼminlaydi.
III. Bolalarni nogiron deb topish toʻgʻrisida tibbiy xulosani rasmiylashtirish tartibi
16. Tibbiy xulosaga bolaning kasallik tarixidan olingan maʼlumotlar hamda uning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi, ota-onasi yoki vasiysining (homiysining) pasportidagi maʼlumotlar, shuningdek, hududiy davolash-profilaktika muassasasining bosh shifokori hamda VMK aʼzolarining ismi, familiyasi va lavozimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi.
17. Tibbiy xulosa 1 yoki 2 yillik muddatga berilgan holatlarda tibbiy xulosada 16-bandda koʻrsatilgan maʼlumotlardan tashqari, shuningdek bolaning navbatdagi tibbiy koʻrikdan oʻtish sanasi ham koʻrsatiladi.
Bolani qayta koʻrikdan oʻtkazish muddatlari kasallikning ogʻirlik darajasi, uning kechishi, funksional yetishmovchilikning turgʻunligi, oʻz-oʻziga xizmat qila olish holati, harakatlanish, chamalash, muloqot, oʻqish, oʻz yurish-turishini nazorat qilish qobiliyatining bashorat qilinadigan dinamikasiga qarab belgilanadi.
18. Nizomning 2-ilovasida koʻrsatilgan kasalliklar va ularning patalogik holatlari nogiron bolalarda mavjud boʻlgan taqdirda tibbiy xulosada mazkur bolalar uchun lozim boʻlgan yordamchi vositalar (maxsus asbob-uskuna, moslamalar va harakat uchun vositalar) koʻrsatilishi lozim.
19. Tibbiy xulosalar VMK tomonidan bolalarga taalluqli tibbiy hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab 1 oylik muddatda beriladi.
20. Tibbiy xulosa VMK tomonidan ushbu Nizomning 3-ilovasida belgilangan shaklda rasmiylashtiriladi va hududiy davolash-profilaktika muassasasining bosh shifokori va VMK aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda mazkur davolash-profilaktika muassasasining yumaloq muhri bilan tasdiqlanadi.
21. Tibbiy xulosa berilgach bu haqda bolalarning ambulator kartasiga (112 shakl) qayd kiritiladi.
22. Bolalarning ota-onalari yoki vasiylari (homiylari) VMK tomonidan tibbiy xulosalar berilgan kundan boshlab 10 kun muddat ichida tibbiy xulosani oʻzlari doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) ijtimoiy taʼminot boʻlimlariga topshirishlari lozim.
23. Tibbiy xulosa berish bilan bogʻliq barcha hujjatlarning saqlanishi VMK raisi tomonidan taʼminlanadi.
24. Nogiron bolalarga tibbiy xulosa berish masʼuliyati VMK raisi zimmasiga, uning nazorati esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markaziy shifoxonalari bosh shifokorlari hamda Toshkent shahrining tuman (hududiy) tibbiy birlashmalari boshliqlari zimmasiga yuklatiladi.
IV. Nizolarni hal etish va javobgarlik
25. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markaziy shifoxonalari hamda Toshkent shahrining tuman (hududiy) tibbiy birlashmalari qoshida bolalarga nogironlikni belgilashda yuzaga keladigan nizolarni koʻrib chiqish uchun Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
26. Apellyatsiya komissiyasi tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markaziy shifoxonalari bosh shifokori hamda Toshkent shahrining tuman (hududiy) tibbiy birlashmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanadi.
27. Tibbiy xulosa natijalaridan norozi boʻlgan nogiron bolalarning ota-onalari yoki vasiy (homiy)lari tibbiy xulosa berilgan kundan boshlab bir oy muddat davomida bu toʻgʻrisida Apellyatsiya komissiyasiga yoki sudga murojaat qilishlari mumkin.
28. Apellyatsiya komissiyasining xulosasi yakuniy deb hisoblanadi va tibbiy xulosa mazkur komissiya xulosasi asosida bolalarning qonuniy vakillari — ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari (homiylari)ning doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan VMK tomonidan beriladi.
29. Tibbiy xulosa berish tartibini buzgan aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
16 yoshgacha boʻlgan bolalarga nogironlikni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
16 yoshgacha boʻlgan bolalarga nogironlikni belgilash uchun
TIBBIY KOʻRSATMALAR ROʻYXATI
I. 1 yil muddatga nogironlik belgilanadigan kasalliklarning nomlari va ularning patologik holatlari
II. 2 yil muddatga nogironlik belgilanadigan kasalliklarning nomlari va ularning patologik holatlari
A. Asab tizimi faoliyatining buzilishi
V. Ichki aʼzolar va tizimlarning buzilishi
G. Ortopedik va xirurgik kasalliklar
III. 16 yoshgacha boʻlgan muddatga nogironlik belgilanadigan kasalliklarning nomi va ularning patologik holatlari
A. Nerv sistemasining kasalliklari va ruhiy buzilishlar
1. Serebral falaj va boshqa falajli sindromlar (qoʻl-oyoqlarning uzoq vaqt falajligi yoki chuqur parezlari, turgʻun ikkilamchi tarqoq atetoz tipidagi giperkinezlar, xoreoatetoz, koordinatsiyaning yaqqol buzilishi).
2. 2 yil va undan ortiq doimiy ravishda davolashga qaramay davom etayotgan tez-tez qaytalanuvchi epilepsiya (oyiga 4 va undan ortiq katta yoki kunda tez-tez kichik yoki tutqanoqsiz kechuvchi).
3. Tashxisi tasdiqlangan nasl-genetik va degenerativ kasalliklar (stabil va zoʻrayuvchi turlari).
4. Kelib chiqishi har xil boʻlgan aqliy zaiflikning chuqur va ogʻir turi.
5. 6 oy davom etadigan (surunkali) ogʻir shizofreniya va boshqa ruhiy buzilishlar va xulq-atvor buzilishlari.
B. Koʻz va uning qoʻshimcha apparati kasalliklari va jarohatlari
Koʻrish oʻtkirligining yaxshi koʻradigan koʻzda 0.04 — 0,08 (korreksiya bilan)ga pasayishi yoki koʻrish maydonining bogʻlanish nuqtasidan hamma yoʻnalish boʻyicha 15 gradusgacha torayishiga olib keladigan ikki tomonlama orqaga qaytmaydigan turgʻun va davolab boʻlmaydigan tugʻma va orttirilgan koʻrish aʼzosi shikastlanishlari.
V. Ichki aʼzolar kasalliklari
1. Bronx — oʻpka tizimining tugʻma va irsiy kasalliklari (aniqlanmagan kistozli fibroz — mukovissidoz, alveolit surunkali kechishi bilan va oʻpka tugʻma anomaliyalari).
2. Tugʻma va orttirilgan xarakterdagi bronx — oʻpka kasalliklarida II-III darajali turgʻun nafas yetishmovchiligi, shu bilan birgalikda yaqqol intoksikatsiya bilan kechuvchi surunkali sil kasalligi. Bronxial astmaning gormonga bogʻliq turi.
3. Yurakning inoperabel fonida II-III darajali qon aylanishining turgʻun yetishmovchiligi.
4. Jigarning tugʻma, irsiy, orttirilgan kasalliklarida kuchli turgʻun qayta tiklanmaydigan funksional buzilishlari.
5. Surunkali buyrak yetishmovchiligining III-bosqichi.
6. Birlamchi arterial gipertoniya (gipertoniya kasalligi), buyraklar shikastlanishi ustunligi bilan.
7. Diabetik nefroskleroz.
G. Oʻsma kasalliklar
Inkurabel yomon sifatli oʻsmalarning ogʻir shakli. Aʼzolar funksiyasining kuchli buzilishi kuzatilganda xirurgik muolajalar mumkin boʻlmagan holatdagi xavfsiz sifatli oʻsmalar.
D. Xirurgik kasalliklar va anatomik nuqsonlar hamda deformatsiyalar:
1. Tuzatib boʻlmaydigan doimiy najas va siydikni tutaolmaslik, yoʻgʻon, toʻgʻri ichak va orqa chiqaruv teshigining tugʻma va orttirilgan oqmalari, siydik, tanosil aʼzolari oqmalari.
2. Muhim aʼzolar: oʻpka, jigar, ichaklar va anorektal sohasining, oʻt yoʻllarining atreziyasi, buyrak, siydik pufagining yoʻqligi, yaqqol rivojlanmaganligi tufayli patologik asoratlarda muhim aʼzolarning turgʻun funksional buzilishlari.
3. Suyak-mushak sistema va biriktiruvchi toʻqima kasalliklarida yaqqol qayta tiklanmaydigan funksional buzilishlari:
a) bir yoki undan ortiq oyoq va qoʻllarda orttirilgan deformatsiyalar;
b) ankiloz, kontraktura, patologik sinish, skelet deformatsiyasiga olib keladigan umurtqa pogʻonasining tizimli zararlanishi;
v) tayanch-harakat apparatining rivojlanish nuqsonlari tufayli mustaqil harakat va oʻz-oʻziga xizmat qilish imkoniyati yoʻqligi.
E. Endokrin tizimi kasalliklari
Ichki sekretsiya bezlari funksiyasining yetishmovchiligi:
qandli diabet (insulinga bogʻliq qandli diabet);
qandsiz diabet (pitiutrin-rezistent shakli);
Itsengo-Kushinga sindromi, surunkali buyrak usti bezlarining boshqa buzilishlari (Adisson krizi), total adrenoektomiyadan keyingi holati, buyrak usti bezi poʻstlogʻining ogʻir tugʻma disfunksiyasi, ogʻir tugʻma yod yetishmovchiligi sindromi, gipofizar nanizm, tugʻma va orttirilgan gipotireozning ogʻir shakli, gipoparatireoz, tireotoksikoz.
J. Qon va qon yaratuvchi organlar kasalliklari
1. Leykozlar Xodjkin kasalligi (limfogranulomatoz), xavfli gistiotsitoz.
2. Qon ishlab chiqarishning tugʻma va orttirilgan gipo-aplastik holatlari. Gemoglobin 60g/l, koʻruv maydonida leykotsitlar 3000 mm/kubdan kam, anizotsitoz, poykilotsitoz, mikrotsitoz.
3. Purpura va boshqa gemorragik holatlar, koagulopatiya va trombotsitopatiyaning ogʻir shakllari. Ogʻir gemorragik kriz bilan kechuvchi doimo qaytalanib turuvchi surunkali trombotsitopenik purpura (trombotsitlarning qonda 50 ming va undan kamroq boʻlishi).
Z. Immun mexanizmini jalb etuvchi ayrim buzilishlar
1. Tugʻma immun tizim tanqislik holatlari:
a) ogʻir mujassamlashtirilgan antitelalar (antitanachalar) yetishmovchiligi ustun boʻlgan immunodefitsit holatlar, polimorfyadroli neytrofillar funksional buzilishlari, septik granulamatoz — jigar, oʻpka, limfa tugunlari va boshqa aʼzolarning qaytalanib turuvchi bakterial shikastlanishi bilan kechishi;
b) qon zardobida immunoglobulin E ning konsentratsiyasi 1000 KED/l.dan yuqori boʻlishi bilan jigarda, oʻpkada, teri ostida “sovuq” abssesslarning qaytalanishi bilan kechuvchi giperimmunoglobulin E sindromi.
2. Orttirilgan immuntanqislik holatlari:
a) OIV infeksiyasining yoyiq tasviri;
b) OITS — odam immun tanqisligi sindromi
I. Quloq, tomoq va burun kasalliklari
1. Konduktiv va neyrosensor karlik yoki eshitish qobiliyatining toʻla yoʻqotilishi.
2. Eshitishning buzilishiga olib keluvchi quloq tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari). Ikki tomonlama quloqning tugʻma rivojlanmasligi yoki tuzatib boʻlmas anomaliyasi (quloq suprasi va tashqi eshituv yoʻlining boʻlmasligi).
3. Xiqildoq tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari).
4. Xiqildoq va kekirdak yuqori qismining orttirilgan chandiqli torayishi, 2-3-darajali nafas yetishmovchiligi bilan.
5. LOR organlari moxovi (leprasi).
6. Ogʻiz boʻshligʻi shilliq qavatining granulyoma va granulamasimon shikastlanishlari.
7. Surunkali rinit — Ozena (sassiq tumov).
16 yoshgacha boʻlgan bolalarga nogironlikni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Nogiron bolalarga yordamchi vositalar, protez-ortopediya mahsulotlari va alohida harakat vositalarini berish uchun
TIBBIY KOʻRSATMALAR ROʻYXATI
Yordamchi vositalar — bu quyidagi funksional buzilishlar yoki anatomik defektlarda buzilgan funksiyalarni kompensatsiya qilish va ijtimoiy maishiy moslashuvni yengillashtirish uchun qoʻllaniladigan moslashtirish asboblari, maxsus asbob-uskunalar:
1. Kuchli namoyon boʻlgan mono-gemi “paraparez”, “tetraparez”.
2. Kuchli namoyon boʻlgan ataksiya.
3. Kuchli namoyon boʻlgan giperkinetik sindrom.
4. Doimiy ravishdagi siydik va najas tuta olmaslik, shu bilan birgalikda siydik va najas oqmalari.
5. Yaxshi eshitmaslik (tugouxost), karlik.
6. 4 barmoqsiz kaft choʻltogʻi.
7. Qoʻl-oyoq boʻgʻimlarining kuchli namoyon boʻlgan kontrakturalari.
8. Elka, tirsak yoki tizza boʻgʻimlarining doimiy ravishda osilib turishi.
9. Shopar boʻyicha tovon choʻltoqligi va undan balandroq amputatsion defektlar.
10. Toʻliq koʻrlik: ikkala yoki yaxshiroq koʻrayotgan koʻzning xira koʻrishi. (koʻrish oʻtkirligi 0,08o korreksiya bilan, koʻrish maydonini hamma yoʻnalishlar boʻyicha 15o torayishi).
11. Mukovissidoz.
12. Yurak ritmining buzilishi.
13. Gemofiliya.
14. Qandli diabet.
Alohida harakat vositalari bilan taʼminlash uchun tibbiy koʻrsatmalar
Alohida harakat vositalariga kreslo-aravacha kiradi va yoʻqotilgan harakat funksiyasini yoki boʻsh joyda chamalashni kompensatsiya qilish maqsadida beriladi.
Kreslo-aravacha, sayr qildiradigan kreslo-aravacha 3 yoshdan oshgan nogiron bolalari bor oilalarga beriladi.
Kreslo-aravacha berilishi uchun tibbiy koʻrsatmalar
1. Yurak yetishmovchiligining II B - III darajasi
2. Koordinatsiyaning kuchli buzilishi.
3. Bir nechta qoʻl yoki oyoqlarning falaji yoki kuchli parezi.
4. Ikkala boldir choʻltogʻi va undan yuqoriroq satxdagi amputatsiyalar.
Sayr qilish uchun kreslo-aravachani berilishiga tibbiy koʻrsatmalar
1. Ikki qoʻl yoki ikkala oyoqlarning falaji, kuchli parezlari.
2. Ikkala boldirning choʻltogʻi yoki undan yuqoriroq satxdagi amputatsiyalar.
16 yoshgacha boʻlgan bolalarga nogironlikni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
16 yoshgacha boʻlgan bolani nogiron deb topish
TIBBIY XULOSA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 25-26-son, 277-modda)
