Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar muomalasi, rezidentlar tomonidan chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni sotib olinishi, shuningdek rezidentlar chiqargan qimmatli qogʻozlarning norezidentlar tomonidan sotib olinishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1692-son)
22.06.2007
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKI QOʻMITASI HUZURIDAGI QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORI FAOLIYATINI MUVOFIQLASHTIRISH VA NAZORAT QILISH MARKAZI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 22-iyunda 1692-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida” va “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 27-sentabrdagi PQ-475-sonli “Qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 39-son, 387-modda, 51-52-son, 507-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi va Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Markazi va Markaziy bank Boshqaruvining 2006-yil 27-dekabrdagi 2006-16 , 284-V-sonli, Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar muomalasi, rezidentlar tomonidan chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni sotib olinishi, shuningdek rezidentlar chiqargan qimmatli qogʻozlarning norezidentlar tomonidan sotib olinishi tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqidagi qarori bekor qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar muomalasi, rezidentlar tomonidan chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni sotib olinishi, shuningdek rezidentlar chiqargan qimmatli qogʻozlarning norezidentlar tomonidan sotib olinishi tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab, oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Bosh direktori K. TOLIPOV
Toshkent sh.,
2007-yil 4-aprel,
2007-04-son
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 4-aprel,
290-V-son
Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi, Markaziy banki Boshqaruvining 2007-yil 4-apreldagi 2007-04, 290-V-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar muomalasi, rezidentlar tomonidan chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni sotib olinishi, shuningdek rezidentlar chiqargan qimmatli qogʻozlarning norezidentlar tomonidan sotib olinishi tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”, “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar muomalasi, rezidentlar tomonidan chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni sotib olinishi, shuningdek rezidentlar chiqargan qimmatli qogʻozlarning norezidentlar tomonidan sotib olinishi tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan aksiya, obligatsiya va boshqa qimmatli qogʻozlarga (bundan keyingi oʻrinlarda — qimmatli qogʻozlar) nisbatan tatbiq etiladi.
§ 1. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadlari uchun quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar — Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari yoki xorijiy davlatlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq qimmatli qogʻozlar jumlasiga kiritilgan, qiymati chet el valyutasida ifodalangan hujjatlari;
chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar muomalasi — Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan, qimmatli qogʻozlar egasining almashishiga olib keladigan chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni sotib olish va sotish hamda ular bilan bogʻliq boshqa harakatlar;
hisob-kitob-kliring palatasi (keyingi oʻrinlarda — HKP) — oʻzaro majburiyatlarni (qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar boʻyicha axborotni toʻplash, solishtirish, tuzatish va ularga doir hujjatlarini tayyorlash) aniqlash hamda qimmatli qogʻozlarni yetkazib berish va ular yuzasidan hisob-kitoblar boʻyicha oʻzaro majburiyatlarni hisobga olish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs.
qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi — qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs.
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi;
savdolar tashkilotchisi — qimmatli qogʻozlar bilan birja va birjadan tashqari savdolarni tashkil etish boʻyicha faoliyatni belgilangan tartibda amalga oshiradigan va Markaziy depozitariy va HKP bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma tuzgan yuridik shaxs;
xizmat koʻrsatuvchi bank — chet el valyutasida operatsiyalar oʻtkazish uchun litsenziyaga ega boʻlgan, HKP aʼzolari va mijozlarining pul mablagʻlarining hisobini yuritish va saqlashga moʻljallangan HKPning chet el valyutasidagi ikkilamchi talab qilinguncha depozit hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzgan vakolatli bank;
savdolar tashkilotchisining qoidalari — qimmatli qogʻozlarni muomalaga kiritish va muomaladan chiqarish qoidalarini, qimmatli qogʻozlarning kotirovka narxlarini belgilash, savdolar tashkilotchisi tomonidan qatnashchilarni savdoda ishtirok etishlariga ruxsat berish tartibini, axborotlarni oshkor qilish tartibini va qonunchilikda belgilangan boshqa hujjatlarni oʻz ichiga oluvchi savdolar tashkilotchisi tomonidan tasdiqlangan qimmatli qogʻozlar bilan savdo qilish qoidalari.
§ 2. Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarning muomalasi
2. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashtirish va ularning muomalasiga, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyingina yoʻl qoʻyiladi.
3. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
4. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarning majburiy rekvizitlari roʻyxati qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
5. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda emitent mazkur chiqarilishdagi qimmatli qogʻozlar nominal qiymatining 0,01 foizi miqdorida respublika budjetiga yigʻim toʻlaydi.
Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini davlat roʻyxatiga olishga doir hujjatlarni koʻrib chiqish uchun olinadigan yigʻim emitentlar tomonidan eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida toʻlanadi.
6. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarning nominal qiymati chet el valyutasida yaxlit oʻlchamlarda koʻrsatiladi.
7. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar emitentlar tomonidan faqat hujjatsiz shaklda chiqariladi.
8. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni saqlash, ularning hisobini yuritish va chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni tasdiqlash, shuningdek chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar zimmasiga yuklangan majburiyatlarni va bunday yuklashlarni tugatish holatlari hisobi Markaziy depozitariyda amalga oshiriladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarning muomalasi va ularni joylashtirish, shu jumladan ularni Markaziy depozitariyda hisobga qoʻyish faqat qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organida ularni chiqarish davlat roʻyxatiga olingandan soʻng amalga oshiriladi.
10. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida qimmatli qogʻozlarning birja va birjadan tashqari bozorlarida muomalada boʻlishi mumkin.
11. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarning joylashtirish boʻyicha oldi-sotdi bitishuvlari birja bozorlarida kabi birjadan tashqari bozorlarda ham amalga oshirilishi mumkin.
12. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarning muomalasi boʻyicha oldi-sotdi bitishuvlari faqat birja va tashkillashtirilgan birjadan tashqari bozorlarda amalga oshiriladi.
Egasining almashishiga olib keladigan chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq boshqa operatsiyalar birjadan tashqari bozorda amalga oshirilishi mumkin va ular qonunchilik hujjatlarida milliy valyutada muomalaga chiqaralayotgan qimmatli qogʻozlar uchun belgilangan tartibda va muddatlarda albatta roʻyxatdan oʻtkazilishi shart.
13. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar oldi-sotdi bitishuvlari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida norezidentlar tomonidan sotib olingan qimmatli qogʻozlarni chet el valyutasida toʻlash holatlaridan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha milliy valyutada amalga oshiriladi.
§ 3. Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari chiqargan qimmatli qogʻozlarni norezidentlar tomonidan sotib olinishi
14. Qimmatli qogʻozlarni chiqarish shartlari norezidentlarga ushbu qimmatli qogʻozlarga egalik qilishni taqiqlamagan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqarishga yoʻl qoʻyilgan har qanday qimmatli qogʻozlarni norezedent xorijiy valyutada sotib olishi mumkin.
15. Norezident tomonidan sotib olingan qimmatli qogʻozlar birja va birjadan tashqari bozorlarda qonunchilik hujjatlarida milliy valyutadagi qimmatli qogʻozlar sotilishi uchun belgilangan tartibda sotilishi mumkin.
Norezidentlar tomonidan sotib olingan qimmatli qogʻozlarni rezidentlarga sotish Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida amalga oshiriladi.
16. Norezidentlar tomonidan qimmatli qogʻozlarni sotib olish uchun pul mablagʻlarini deponentga qoʻyish tartibi, shuningdek toʻlov muddatlari HKP va savdolar tashkilotchilarining qoidalari bilan belgilanadi.
17. Tashkillashtirilgan birja bozorida rezidentlar tomonidan emissiya qilingan qimmatli qogʻozlar norezident tomonidan sotib olinayotgan yoki sotilayotganda, uning tomonidan vakolat qilingan qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi topshiriq (komissiya) shartnomasiga asosan, savdoda qimmatli qogʻozlarni sotib oladi yoki sotadi va qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilgan bitishuv toʻgʻrisida norezidentga hisobot beradi.
Rezidentlar chiqargan qimmatli qogʻozlarni tashkillashtirilgan birjadan tashqari bozorda sotib olinayotganda yoki sotilayotganda, norezident bitishuvni xuddi shu tartibda yoki mustaqil amalga oshirishi mumkin.
18. Norezidentning “depo” hisobvaragʻiga kelib tushgan qimmatli qogʻozlar hisobi norezident bilan belgilangan shaklda shartnoma tuzilgan depozitariyda yuritiladi.
19. Norezidentlar tomonidan davlat aktivlarini aksiya koʻrinishida sotib olish tartibi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
§ 4. Tijorat banklari aksiyalarini olishning oʻziga xos xususiyatlari
21. Mazkur Nizomning 22 va 23-bandlarida koʻrsatilgan shaxslar tomonidan bank-rezidentlar aksiyalarini olishga doir bitishuvlar faqat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 56-sonli “Tadbirkorlik subyektlarining bank ishi sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining oldindan ruxsati olinganidan soʻng amalga oshiriladi.
22. Oʻzbekiston Respublikasi bank-rezidentlari aksiyalarini olish uchun quyidagi shaxslar (bundan keyingi oʻrinlarda oluvchi deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankning oldindan ruxsatini olishlari shart:
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari;
ellik foizdan ortiq aksiyalari (ishtirokchilar badallari) Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining egaligida, foydalanuvida va(yoki) tasarrufida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari — yuridik shaxslari.
23. Oluvchilarning mablagʻlarini tasarruf etuvchilari (ishonchli vakillari) boʻlib hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari, shuningdek, oluvchilar uchun bank-rezidentlarning aksiyalarini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankning oldindan ruxsatini olishlari shart.
24. Offshor zonalarda roʻyxatga olingan oluvchilar — yuridik shaxslar banklar-rezidentlar aksiyalarini olishlari mumkin emas.
33. Mazkur Nizom va qonunchilik hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda bank-rezident aksiyalarini olgan oluvchi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq bank aksiyadorlari reyestriga kiritiladi.
§ 5. Oʻzbekiston Respublikasi hududida norezidentlar ishtirokida qimmatli qogʻozlarning oldi-sotdisini amalga oshirishda oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish
34. Tashkillashtirilgan bozorlarda chet el valyutasida tuziladigan qimmatli qogʻozlar oldi-sotdi bitishuvlari boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblar qonunchilik hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda chet el valyutasidagi HKPning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisobvaragʻi orqali amalga oshiriladi.
35. Oʻzbekiston Respublikasining tashkillashtirilgan bozorlarida norezidentlar, shuningdek xorijiy hisobvaraqlaridan foydalangan rezidentlar tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan tuziladigan bitishuvlari boʻyicha pul mablagʻlarining hisob-kitobi Oʻzbekiston Respublikasi hududida HKP ishtirokida amalga oshiriladi.
36. Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qimmatli qogʻozlarni norezidentlar tomonidan xarid qilish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa bitishuvlar boʻyicha hisob-kitoblar Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu bitishuvlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatga olinganidan soʻnggina amalga oshiriladi.
37. Norezident tomonidan xarid qilingan qimmatli qogʻozlar toʻliq qiymatining toʻlov muddatlari milliy valyutadagi qimmatli qogʻozlar boʻyicha bitishuvlar uchun qonunchilik hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
39. Oʻzbekiston Respublikasi hududida norezidentlar tomonidan joylashtirilgan chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar oldi-sotdi bitishuvlari boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblar HKPning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisobvaragʻi orqali milliy valyutada naqd pulsiz shaklda, shuningdek agar qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boʻlsa, chet el valyutasida ham amalga oshiriladi.
§ 6. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar boʻyicha daromadlarni toʻlash, chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni soʻndirish
40. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar boʻyicha barcha daromadlar toʻlov kuniga, agar ularni chiqarish shartlarida boshqacha shartlar belgilangan boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida toʻlanadi.
41. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni soʻndirish, qiymati milliy valyutada ifodalangan qimmatli qogʻozlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
42. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitent chiqarish toʻgʻrisidagi qarorida va emissiya risolasida qimmatli qogʻozlarni soʻndirish (sotib olish) valyutasini koʻrsatishi lozim.
43. Norezidentlarning qimmatli qogʻozlarni sotishdan tushgan milliy valyutadagi mablagʻlari zaruriyat boʻlganda, chet el banklarining milliy valyutadagi “loro” vakillik hisobvaraqlariga kiritilishi, shuningdek qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qimmatli qogʻozlarni sotib olish uchun foydalanishi mumkin.
§ 7. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar boʻyicha axborotlarni oshkor qilish va hisobotlarni taqdim qilish
44. Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari va savdo tashkilotchilari chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar boʻyicha oʻzlari amalga oshirayotgan barcha operatsiyalar va bitimlar hisobini yuritadilar va ular boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga maʼlumotlar taqdim etadilar.
45. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar emitenti qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga hisobotlarni qimmatli qogʻozlarni milliy valyutada chiqaradigan emitentlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etadi.
46. Chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar emitenti axborotlarni oshkor etilishini, qimmatli qogʻozlarni milliy valyutada chiqargan emitentlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi, va oshkor etilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni ingliz tilida, shuningdek emitentning xohishiga koʻra har qanday boshqa chet tilida qoʻshimcha ravishda respublika matbuotida chop etishga haqlidir.
§ 8. Yakuniy qoidalar
47. Norezidentlar ishtirokidagi bitishuvlarni, shu jumladan, muddatida toʻlovi amalga oshirilmagan bitishuvlarni bekor qilish va ularni haqiqiy emas deb topish shartlari va tartibi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
48. Qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari mazkur Nizom talablariga rioya etmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
49. Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki ushbu Nizom talablariga rioya qilinmaganlik uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq choralar koʻrishga haqli.
