Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining davlat taʼlim standartlarini tasdiqlash toʻgʻrisida (400-son)
16.10.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Taʼlim toʻgʻrisida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 13-maydagi 204-son qarori bajarilishini taʼminlash, mazmunan yangi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimini zamon talablari asosidagi davlat taʼlim standartlariga muvofiq tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tomonidan ishlab chiqilgan hamda 1998/1999 va 1999/2000 oʻquv yillarida tajriba-sinovdan oʻtkazilgan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining davlat taʼlim standarti 1-ilovaga muvofiq;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining umumtaʼlim fanlari davlat taʼlim standarti 2-ilovaga muvofiq;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi toʻgʻrisidagi diplomlarning davlat namunalari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat ishlari vazirligi, Badiiy akademiya hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
1998/1999 va 1999/2000 oʻquv yillarida taʼlim muassasalarida tajriba-sinovdan oʻtgan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining oʻquv dasturlari va rejalarini belgilangan tartibda tasdiqlasin;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklari boʻyicha davlat taʼlim standartlarini, oʻquv rejalari va dasturlarini bosqichma-bosqich ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin hamda taʼlim muassasalariga yetkazsin;
yangi davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlariga asosan darsliklar va oʻquv adabiyotlarini yaratsin, ular oʻz vaqtida nashr etilishini, barcha taʼlim muassasalariga yetkazilishini va oʻquv jarayoniga joriy etilishini taʼminlasin;
2000/2001 oʻquv yilidan boshlab pedagog kadrlar yangi davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari asosida faoliyat koʻrsatishlarini taʼminlasin.
3.Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari, ular asosida yaratilgan darsliklar va oʻquv adabiyoti oʻz vaqtida chop etilishi hamda joylarga yetkazib berilishini taʼminlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi huzuridagi “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi buyurtmasiga muvofiq zarur miqdordagi diplom blanklarini chop etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi taqdim etgan smeta asosida davlat taʼlim standartlari, oʻquv reja va dasturlarini, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga beriladigan diplom blanklarini chop etish uchun sarflanadigan mablagʻlarni belgilangan tartibda ajratsin.
6. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi manfaatdor vazirliklar, konsernlar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining ijtimoiy hamkorlari toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Moliya vazirligi va Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan birgalikda uch oy muddatda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilarining kasb faoliyati sohalarini va ularga haq toʻlash razryadlarini tasdiqlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 16-oktabr,
400-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 1-ILOVA
OʻZBEKISTON DAVLAT STANDARTI
Oʻzbekiston uzluksiz taʼlim standartlari davlat tizimi OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMI
GOSUDARSTVENNIY STANDART UZBEKISTANA
Gosudarstvennaya sistema standartov neprerivnogo obrazovaniya v Uzbekistane SREDNEE SPETSIALNOYE, PROFESSIONALNOYE OBRAZOVANIYE
STATE STANDARD OF UZBEKISTAN
State system of standards of continuous education of Uzbekistan SECONDARY SPESIALIZED,VOCATIONAL EDUCATION
I. ASOSIY QOIDALAR
1.1.Qoʻllanish sohasi
1.1.1. Ushbu standart oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi standartlari majmuining negizi hisoblanadi va standartlashtirishning:
maqsad va vazifalarini;
asosiy tushunchalarini, tamoyillarini va standartlashtirish boʻyicha ishlarni tashkil qilishni;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini standartlashtirish sohasidagi meʼyoriy hujjatlarning toifalarini aniqlab beradi.
Ushbu standart:
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi davlat standartlarining tuzilishini;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini standartlashtirish boʻyicha ishlarni tashkil qilishni;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi standartlari talablarining bajarilishini nazorat qilishni belgilaydi.
1.1.2.Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi standartlari taʼlimni boshqarish davlat organlari hamda idoraviy boʻysunishi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qoʻllanilishi majburiydir.
1.2. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining davlat taʼlim standartini ishlab chiqish va joriy etish asoslari
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining davlat taʼlim standartini ishlab chiqishda quyidagi qonunlar va meʼyoriy hujjatlar asos qilib olindi:
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni;
“Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz taʼlim tizimi uchun davlat taʼlim standartlarini ishlab chiqish va amalda joriy etish toʻgʻrisida” 1998-yil 5-yanvardagi 5-son qarori;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 13-maydagi 204-son qarori;
OZ DST 1.0-98. “Oʻzbekiston Respublikasi standartlashtirish davlat tizimi. Asosiy qoidalar”;
Oʻz DST 1.1-92. “Oʻzbekiston Respublikasi standartlashtirish davlat tizimi. Oʻzbekiston Respublikasi standartlarini ishlab chiqish, muvofiqlashtirish, tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish tartiblari”;
Oʻz DST 1.10-93. “Oʻzbekiston Respublikasi standartlashtirish davlat tizimi. Asosiy atamalar va taʼriflar”;
Oʻz DST 1.5-93. “Davlatlararo standartlashtirish boʻyicha ishlar olib borish qoidalari. Standartni tuzish, bayon etish, rasmiylashtirish va ularning mazmuniga qoʻyiladigan talablar”;
Oʻz DST 1.8-94. “Oʻzbekiston Respublikasi standartlashtirish davlat tizimi. Etakchi hujjatlar va tavsiyanomalarni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish, tasdiqlash va davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartiblari”;
Oʻz DST 1.9-95. “Oʻzbekiston Respublikasi standartlashtirish davlat tizimi. Soha standartlarini ishlab chiqish, muvofiqlashtirish, tasdiqlash va davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartiblari”;
Oʻz DST 1.8-94. Oʻzbekiston Respublikasi standartlashtirish davlat tizimi. Amal qiladigan hujjatlarni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish, tasdiqlash, davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi va tavsiyalar.
Oʻz DST 6.01.1-95. Oʻzbekiston Respublikasi texnik-iqtisodiy va ijtimoiy axborotlarni kodlashtirish va tasniflashning yagona tizimi. Asosiy qoidalar.
Oʻz DST 6.01.2-95. Oʻzbekiston Respublikasi texnik-iqtisodiy va ijtimoiy axborotlarni kodlashtirish va tasniflashning yagona tizimi. Tasniflagichlarni ishlab chiqish va yuritish tartibi.
1.3. Taʼriflar
Mazkur standartda quyidagi taʼriflar va atamalar qoʻllanilgan:
1.3.1. Oʻzbekiston uzluksiz taʼlim standartlarining davlat tizimi taʼlim jarayonini belgilab berish, oʻqitishning asosiy mazmunini, taʼlim muassasalari bitiruvchilariga qoʻyiladigan umumiy malaka talablarini, kadrlar tayyorlash sifati va taʼlim muassasalari faoliyatini baholash mezonlari va mexanizmlarini aniqlash orqali kadrlar tayyorlash sohasida eng maqbul tartibga solish darajasiga va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining kafolatlangan darajasi va sifatiga erishishga qaratilgan meʼyoriy hujjatlar majmui.
1.3.2. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi (OʻMKHT) tarmoq standarti — malaka talablariga mos holda kasbiy tavsifnoma asosida muayyan tayyorlov yoʻnalishi va kasb-hunar boʻyicha taʼlim mazmunining majburiy minimumini va soʻnggi maqsadlarini, oʻquv yuklamalari hajmini aniqlovchi hamda taʼlim sifatining standart talablariga muvofiqligini taʼminlovchi meʼyoriy hujjat.
1.3.3. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklarning umumdavlat tasniflagichi (OʻMKHTTYKIUT) — oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklarining tizimlashtirilgan roʻyxati.
1.3.4. Kasb faoliyati sohasi — kasbga doir bilim, malaka va koʻnikmalarning qoʻllanish doirasidir; uning nomlanishi iqtisodiyot sohalari bilan muvofiqlashtiriladi.
1.3.5. OʻMKHT muassasalaridagi tayyorlov yoʻnalishlari — aniq kasb faoliyati sohasida mutaxassislarga kasb taʼlimi berish doirasidir. Mutaxassislarni kasb faoliyatining aniq sohasi boʻyicha tayyorlash yoʻnalishlarining nomi mehnat faoliyatining mazmuni bilan belgilanadi.
1.3.6. OʻMKHT ning umumiy taʼlim dasturi — umumiy taʼlim tayyorgarligi mazmunini aniqlovchi hujjatlar toʻplami. Umumiy taʼlim dasturini muvaffaqiyatli egallash akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga ularning oliy taʼlim muassasalarida taʼlimni davom ettirishlari uchun teng imkoniyat va huquqlarni taʼminlaydi.
Umumiy taʼlim dasturi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini taʼlimning navbatdagi pogʻonalarida bilim olishga tayyorlashni taʼminlash hajmidagi ijtimoiy, tabiiy-ilmiy va aniq fanlarni oʻz ichiga oladi.
1.3.7. OʻMKHT ning kasb-hunar taʼlimi dasturi — kasb-hunar taʼlimi tayyorgarligining asosiy mazmunini aniqlovchi hujjatlar toʻplami. Kasb-hunar taʼlimi dasturi kasb-hunar kolleji bitiruvchisiga egallagan kasbi boʻyicha ishni malakali bajarish imkonini berish hajmidagi maʼlum kasbga doir umumkasbiy va maxsus fanlarni hamda ishlab chiqarish taʼlimi va amaliyotini oʻz ichiga oladi.
Kasb-hunar taʼlimi dasturini muvaffaqiyatli egallash kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini kasbi va ixtisosligi boʻyicha mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi bilan taʼminlaydi.
1.3.8. Maxsus kasb-hunar taʼlimi dasturi — maxsus kasb-hunar taʼlimi tayyorgarligi mazmunini belgilovchi, akademik litseylarning tayyorlov yoʻnalishiga mos keladigan va oʻquvchilarning aqliy rivojlanishini jadallashtiradigan, ularda maxsus kasb-hunar koʻnikmalarini shakllantiradigan, oʻquvchilarning oliy oʻquv yurtlarida oʻqishni davom ettirishini yoki ularni mehnat faoliyatiga yoʻllashni nazarda tutgan fanlarni chuqur oʻrganishga yoʻnaltirilgan hujjatlar toʻplamidir.
Maxsus kasb-hunar taʼlimi dasturi fanlarni chuqur oʻrganishga yoʻnaltirilgan alohida ijtimoiy, tabiiy-ilmiy yoki ilmiy-texnik va aniq fanlarni oʻz ichiga oladi.
1.4. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini standartlashtirishning maqsadi va vazifalari
1.4.1. OʻMKHT standartlarining joriy etilishi quyidagi maqsadlar amalga oshirilishini nazarda tutadi:
OʻMKHTning yuksak sifatini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan chuqur iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni, rivojlangan demokratik davlat barpo etish talablariga javob beruvchi raqobatbardosh kadrlar tayyorlanishini taʼminlash;
mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqib kadrlar tayyorlash mazmunini tartibga solish;
OʻMKHTning demokratlashuvi, insonparvarlashuvi va ijtimoiylashuvi, taʼlim oluvchilarning huquqiy va iqtisodiy bilimlari darajasini, shuningdek taʼlim jarayoni samaradorligini oshirish;
sifatli taʼlim xizmatlari koʻrsatish, taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasida shaxsning, jamiyat va davlatning manfaatlarini himoya qilish;
kadrlar tayyorlash sifatini va taʼlim faoliyatini baholash mezonlarini va tartibini belgilash;
OʻMKHT jarayonini va kadrlar tayyorlashning izchilligi va uzluksizligini taʼminlash;
mehnat va taʼlim xizmatlari bozorida raqobatbardoshlikni taʼminlash.
1.4.2. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi davlat taʼlim standartlarining vazifalari:
OʻMKHT sifatiga va kadrlar tayyorlashga, koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlari turlariga nisbatan qoʻyiladigan maqbul talablarni belgilash;
OʻMKHTga va uning pirovard natijalariga, taʼlim oluvchilarning bilimi va kasb malakasi darajasini vaqti-vaqti bilan baholash tartibiga, shuningdek taʼlim faoliyati sifati ustidan nazorat qilishga nisbatan qoʻyiladigan tegishli talablarni belgilovchi meʼyoriy negizni yaratish;
xalqning boy aql-zakovat merosi va umuminsoniy qadriyatlar asosida taʼlim oluvchilarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
OʻMKHT oʻquv-tarbiya va taʼlim jarayoniga, pedagogik va axborot texnologiyalari bilan taʼminlashga, taʼlim darajasini nazorat qilishga, taʼlim muassasalarida taʼlim oluvchilar va ularni bitiruvchilarning malakasiga nisbatan meʼyorlar va talablarni belgilash;
kadrlarni maqsadli va sifatli tayyorlash uchun taʼlim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini taʼminlash.
1.5. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini standartlashtirish tamoyillari
OʻMKHT standartlarini ishlab chiqishda quyidagilarni taʼminlash zarur:
taʼlimning uzluksizligi va uzviyligi;
mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishi, fan-texnika va texnologiyalarning istiqbolli rivojlanishi, jamiyat talablari va ularning zamonaviy holatini hisobga olish;
taʼlim, fan va ishlab chiqarishning mujassamligi;
matnlar bayonining aniqligi va yagona qiymatliligi;
fan, texnika hamda texnologiyaning zamonaviy yutuqlariga, respublikadagi va chet ellardagi ilgʻor tajribalarga mos kelishi;
OʻMKHT maqsad va vazifalarining amalga oshirilishi.
1.6. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini standartlashtirish boʻyicha ishlarni tashkil qilish
1.6.1. Respublikada OʻMKHT ni standartlashtirishni tashkil qilish, muvofiqlashtirish, unga metodik rahbarlik qilish va uning maqbul darajasini taʼminlash Taʼlimni boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi (TBBVDO) tomonidan amalga oshiriladi.
1.6.2. OʻMKHT standartlarining mazmuni, Davlat standartlari tizimining OZ DSt 1.0-98 “Oʻzbekiston Respublikasi standartlarni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish, tasdiqlash va roʻyxatga olish tartibi”ga toʻgʻri kelishi zarur.
1.6.3. OʻMKHT davlat standartlari va ularga kiritiladigan oʻzgartirishlar Oʻzbekiston davlat standartlashtirish, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilishi taqozo etiladi.
OʻMKHTning tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklari boʻyicha taʼlim standartlarini tasdiqlash 3 yillik toʻliq taʼlim sikli mobaynida pedagogik tajriba-sinov ishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, ularga ekspert baho berilgach, amalga oshirilishi taqozo etiladi.
1.6.4. Davlat taʼlim standartlari (DTS)ga oʻzgartirishlar kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga mos ravishda, taʼlim darajasi va kadrlarni tayyorlashga qoʻyiladigan talablarini eʼtiborga olgan holda, DTSlarini tasdiqlash uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
1.7. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini standartlashtirish sohasidagi meʼyoriy hujjatlarning toifalari, standart turlari
1.7.1. OʻMKHT standartlari quyidagi toifa va turlarga boʻlinadi:
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi davlat standartlari (Oz DTS) — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan standartlar.
OʻMKHT tayyorlov yoʻnalishlari va kasblar boʻyicha tarmoq standartlari (TSt) — Oʻzbekiston Respublikasi TBBVDO tomonidan tasdiqlangan standartlar. Ular quyidagilardir:
Akademik litseylar tayyorlov yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim standartlari;
Kasb-hunar kollejlari uchun tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisoslar boʻyicha taʼlim standartlari;
“Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi uchun oʻquv rejalari va dasturlari ishlab chiqishga qoʻyiladigan talablar” standarti.
OʻMKHT tayyorlov yoʻnalishlari va kasblar boʻyicha tarmoq standartlari (TSt) ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari, korxonalar, tashkilotlar va taʼlim faoliyatining boshqa subyektlari tomonidan ishlab chiqiladi.
1.8. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tarmoq standartlarining tuzilishi
1.8.1. Akademik litseylar tayyorlov yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim standartlari quyidagi tuzilishga ega:
Zarvaraq (Titul varagʻi)
Qoʻllanish sohasi
Meʼyoriy hujjatlar
Standartning maqsadi va vazifalari
Akademik litseylarda taʼlim mazmunining majburiy minimumi
Akademik litsey bitiruvchilariga qoʻyiladigan umumiy talablar
Akademik litsey tayyorlov yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim mazmunining majburiy minimumi (fanning nomi, asosiy oʻquv elementlari)
Standart talablari bajarilishini nazorat qilish
1.8.2. Kasb-hunar kollejlari uchun tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklar boʻyicha taʼlim standartlari quyidagi tuzilishga ega:
Zarvaraq (Titul varagʻi)
Qoʻllanish sohasi
Meʼyoriy hujjatlar
Standartning maqsadi va vazifalari
Taʼriflar
Kasbiy tavsifnoma:
tayyorlov yoʻnalishi, kasb va ixtisosliklarning nomlari;
tayyorlov yoʻnalishining qoʻllanish sohasi va vazifalari;
malaka;
oʻqishga qabul qilish shartlari (mazkur mutaxassislikni egallash uchun shaxsning tayanch hisoblanuvchi ruhiy-fiziologik sifatlari minimumi, yosh va jinsiy xususiyatlari, tibbiy cheklanishlar boʻyicha ishga qabul qilish tartibi haqida maʼlumotlar koʻrsatiladi).
Kasb-hunar tayyorgarligi mazmunining majburiy minimumi (oʻquv davrlari, fan sohalari, shuningdek mazkur fan sohalarining oʻquv elementlari va ularni oʻzlashtirish darajalari koʻrsatiladi).
Namunaviy oʻquv reja quyidagi qismlardan tashkil topadi:
umumiy taʼlim qismi;
kasbiy taʼlim qismi (umumkasbiy, maxsus fanlar);
oʻquv va ishlab chiqarish amaliyoti;
Taʼlim muassasasi ixtiyoridagi soat;
Standart talablarining bajarilishini nazorat qilish.
1.9. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi davlat standartlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish
1.9.1. OʻMKHT davlat standartlari talablariga rioya qilish ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli davlat organi amalga oshiradi.
1.9.2. Nazorat qilishning bosh vazifasi, OʻMKHT davlat standartlari va tarmoq standartlari talablarining buzilishini aniqlash, oldini olish va bartaraf qilishdir.
1.9.3. Ushbu standart talablariga rioya qilish ustidan nazorat quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
davlat taʼlim standartlari asosida turli oʻquv muassasalarida bitiruvchilar egallashi lozim boʻlgan bilim, koʻnikma va malakalarga baho berish;
oʻquv reja va dasturlarni tahlil qilish;
oʻquv muassasasida foydalaniladigan pedagogik texnologiyalarni tahlil qilish.
1.9.4. Standart talablarining buzilganligi uchun javobgarlik amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq taʼlim muassasasi rahbariyatiga yuklanadi.
II. OʻRTA MAXSUS, KASB-XUNAR TAʼLIMI MUASSASALARI BITIRUVChILARIGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
2.1. OʻMKHT muassasalari bitiruvchilariga qoʻyiladigan talablarni standartlashtirish:
OʻMKHT muassasalari bitiruvchilarining bilim sifati va kasbiy malakasiga qoʻyiladigan talablarni standartlashtirishning maqsad va vazifalarini belgilashdan;
OʻMKHT muassasalari bitiruvchilariga qoʻyiladigan talablarni standartlashtirish sohasidagi asosiy tushunchalarni aniqlashdan;
OʻMKHT muassasalari bitiruvchilariga qoʻyiladigan umumiy talablar, shu jumladan malaka talablari mazmunini belgilashdan;
Standart talablarining bajarilishi ustidan nazorat qilishni amalga oshirishdan iborat.
2.2. “OʻMKHT muassasalari bitiruvchilariga qoʻyiladigan talablar” idoraviy boʻysunishidan va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, yakka shaxslarni ham hisobga olgan holda barcha davlat boshqaruv organlari va taʼlim faoliyati bilan mashgʻul boʻlgan subyektlar tomonidan bajarilishi shart.
2.3. OʻMKHT muassasalari bitiruvchilariga qoʻyiladigan talablarni standartlashtirishning maqsad va vazifalari
2.3.1. OʻMKHT muassasalari bitiruvchilariga qoʻyiladigan talablarni standartlashtirishning maqsadi davlat va jamiyat, mehnat va taʼlim xizmatlari bozorlari talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlashning davlat kafolatlarini taʼminlashdir.
2.3.2. Taʼlim muassasalari bitiruvchilariga qoʻyiladigan talablarni standartlashtirishning vazifalari quyidagilar:
kasb-hunar kollejlarida kichik mutaxassislar darajasida kadrlar tayyorlash koʻrsatkichlarini belgilab berish;
akademik litseylar bitiruvchilarini oʻrta maxsus taʼlim darajasida tayyorlash koʻrsatkichlarini belgilab berish;
OʻMKHT muassasalari uchun pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish, taʼlim beruvchilarni ishonchli axborot bilan taʼminlash.
2.4. OʻMKHT muassasalari bitiruvchilariga qoʻyiladigan umumiy talablar
OʻMKHT muassasalari bitiruvchilariga qoʻyiladigan talablar quyidagi koʻrsatkichlarning umumlashtirilgan tavsifnomasidan iborat:
fundamental fanlar va aniq kasb sohasi doirasida nazariy va amaliy bilimlar, kasbiy malaka va koʻnikmalarga ega boʻlish;
kasbiy mohirlik va tafakkur doirasining yetarli shakllanganligi;
tashkilotchilik va tadbirkorlik xislatlarining shakllangan boʻlishi;
davlatning tuzilishi, uning ijtimoiy va siyosiy rivojlanishi haqida aniq bilimlarga ega boʻlish, xalqaro voqea, hodisa va muammolarni tushuna olish;
mustaqil va ijodiy fikrlash, fikrlarini yozma va ogʻzaki ravon bayon etish malakalari shakllangan boʻlishi;
turli vaziyatlarni tanqidiy baholash, yangiliklarga doimiy intilish;
oʻzbek tilini mukammal bilish, davlat tilida yozma va ogʻzaki ravishda erkin muloqotda boʻlish;
umuminsoniy fazilatlariga ega boʻlish, oʻz millatini va vatanini sevish, u bilan faxrlanish, milliy urf-odatlar, qadriyatlarni hurmat qilish;
kompyuterlar va boshqa telekommunikatsiya vositalaridan foydalana olish;
rus tilini yaxshi oʻzlashtirgan holda, boshqa chet tilini mukammal bilish;
oʻzlashtirilgan nazariy bilimlarni amaliyotga, boshlangʻich kasbiy koʻnikmalarni kundalik hayotga, turmushga tatbiq eta olish;
jismoniy baquvvat, sogʻlom boʻlish, harbiy xizmatga va tezkor tibbiy yordam koʻrsatishga layoqatli boʻlish;
maʼnaviy, ruhiy, jismoniy jihatdan oʻzini oʻzi doimo takomillashtirish xislatlariga ega boʻlish;
bilimlarni doimo oshirib, yangilab borishga intilish, oʻquv va mehnat faoliyatiga ijodiy, mustaqil yondashish sifatlariga ega boʻlish;
mantiqiy fikrlashning uslublari va usullarini bilish, ularni amaliy faoliyatda qoʻllay olish malakasiga ega boʻlish;
huquqiy bilimlar asoslariga ega boʻlish;
iqtisodiy bilimlar asoslariga ega boʻlish;
zamonaviy axborot vositalari bilan ishlashning amaliy koʻnikmalarini mustahkam egallash;
maʼnaviy-axloqiy madaniyatga ega boʻlish;
siyosiy madaniyatga egalik, fuqarolik burch va masʼuliyat hislari shakllangan boʻlishi;
ekologik madaniyatga egalik kasbiy faoliyatda ekologik masʼuliyatni his qilish, tabiat muhofazasi sohasidagi bilimlarga ega boʻlish;
oʻquv fanlari boʻyicha oliy taʼlim muassasasida tahsil olish uchun zarur boʻlgan bilimlar majmuiga ega boʻlish.
2.5. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tayanch oʻquv rejasi
2.5.1. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi standartining tayanch oʻquv rejalari taʼlim mazmunidan kelib chiqib akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari tayyorlov yoʻnalishlari boʻyicha alohida tuziladi.
Tayanch oʻquv rejalari Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining ishchi oʻquv rejalarini ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.
2.5.2. Tayanch oʻquv rejasida oʻquv yili 40 hafta va 2 semestrdan iborat. Har bir semestr 20 haftani oʻz ichiga oladi.
2.5.3. Tayanch oʻquv rejalarida umumiy 4470 soatdan 80 soati taʼlim muassasasi pedagogik kengashi qaroriga asosan oʻquv fanlarini oʻqitishga ajratiladi.
2.5.4. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻquvchilarining umumiy haftalik yuklamalari 54 soatni, shundan 36-38 soati auditoriya yuklamasi va 18-16 soat mustaqil ishni tashkil etadi.
Barcha oʻquv mashgʻulotlari uchun ikki akademik oʻquv soati davomiyligi 80 daqiqa etib belgilanadi.
2.5.5. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining pedagogik kengashlariga ishchi oʻquv rejalarini tuzishda namunaviy oʻquv rejalari asosida umumiy soatlar hajmi doirasida ayrim boʻlimlar uchun ajratilgan soatlar miqdoriga oʻzgartirish huquqi beriladi.
Oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun yetarli xonalarga ega boʻlgan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida quyidagi hollarda guruhlarni ikkita kichik guruhga boʻlib oʻqitishga ruxsat etiladi:
taʼlim rus tilida olib borilmaydigan guruhlarda rus tili;
taʼlim oʻzbek tilida olib borilmaydigan guruhlarda oʻzbek tili;
xorijiy til;
informatika va axborot texnologiyalari fanining amaliy mashgʻulotlari;
jismoniy tarbiya (har bir guruhda kamida 15 nafar yigit va qiz boʻlganda) mashgʻulotlarini.
Kasb-hunar kollejlarining manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan kelishuvdan oʻtkazilib tasdiqlangan namunaviy oʻquv rejalari asosida tibbiyot, taʼlim (musiqa xodimi), madaniyat, sport, tasviriy, amaliy va dizayn sanʼati yoʻnalishlari boʻyicha maxsus mutaxassislik fanlarining amaliy mashgʻulotlari kichik guruhlarda boʻlib oʻqitiladi. Bunda tegishli xarajatlarni moliyalashtirish davlat budjetida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari xarajatlari uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
Boshqa fanlar boʻyicha guruhlarni kichik guruhlarga boʻlib oʻqitish (oʻquv amaliyoti bundan mustasno) taqiqlanadi.
Kasb-hunar kollejlarida oʻquv amaliyotini kichik guruhlarga boʻlib oʻqitilishi ishlab chiqarish taʼlimi ustasi lavozimini kiritish meʼyori doirasida amalga oshiriladi.
2.5.6. Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari uchun tayanch oʻquv rejalarining tuzilishi 1 — 4-jadvallarda keltirilgan.
Izoh: Akademik litseylar tayanch oʻquv rejasiga ajratilgan umumiy soatlar miqdori doirasida (4470) namunaviy oʻquv rejalarini ishlab chiqishda ikkinchi va uchinchi boʻlimlarga ajratilgan soatlar miqdorini 20% gacha oʻzgartirish kiritish mumkin.
Izoh: Kasb-hunar kollejlari tayanch oʻquv rejasiga ajratilgan umumiy soatlar miqdori doirasida (4470) namunaviy oʻquv rejalarini ishlab chiqishda tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklarning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda kasbiy taʼlim fanlari, oʻquv va ishlab chiqarish amaliyoti boʻlimlariga ajratilgan soatlar miqdoriga 20% gacha oʻzgartirish kiritish mumkin.
Izoh: Namunaviy oʻquv rejalarini ishlab chiqishda taʼlim yoʻnalishlarining xususiyatlaridan kelib chiqib, haftalik oʻquv yuklamasi soatlarini moslashtirish uchun umumtaʼlim fanlariga ajratilgan soatlar miqdorini 10 soatgacha oʻzgartirish mumkin.
Izoh: Namunaviy oʻquv rejalarini ishlab chiqishda tayyorlov yoʻnalishlarining xususiyatlaridan kelib chiqib, haftalik oʻquv yuklamasi soatlarini moslashtirish uchun umumtaʼlim fanlariga ajratilgan soatlar miqdorini 10 soatgacha oʻzgartirish mumkin.
2.6. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sifatini nazorat qilish
2.6.1. OʻMKHT sifatini nazorat qilish quyidagi usullarda olib boriladi:
Ichki nazorat — OʻMKHT muassasasi tomonidan amalga oshiriladi;
oʻqitish sifatining ichki nazorati taʼlimni boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi tasdiqlagan “Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilarining bilim saviyasi, koʻnikma va malakalarini nazorat qilishning reyting tizimi toʻgʻrisida”gi Nizom asosida reyting-nazorat shaklida oʻtkaziladi. Nazoratning reyting tizimi quyidagi nazorat tadbirlari oʻtkazilishini koʻzda tutadi:
joriy nazorat — ogʻzaki soʻrov, kollokviumlar, seminarlar, yozma ishlar, laboratoriya ishlari, texnikaviy diktant, kurs loyihalari, uy vazifasi va hokazo, yaʼni oʻqituvchi oʻz amaliyotida qoʻllaydigan barcha soʻrov turlarini oʻz ichiga oladi.
oraliq nazorat — fanning maʼlum bir qismi, boʻlimi yakunlangandan soʻng oʻtkaziladi. Oraliq nazoratning oʻtkazilish tartibi, shakli taʼlim muassasasining ilmiy-pedagogik kengashi tomonidan belgilanadi.
yakuniy nazorat — semestr tamom boʻlganda va oʻquv dasturining tegishli boʻlimi tugallangandan keyin amalga oshiriladi. Yakuniy nazoratning oʻtkazilish tartibi, shakli taʼlim muassasasining ilmiy-pedagogik kengashi tomonidan belgilanadi.
Tashqi nazorat — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshiriladi;
Davlat-jamoat nazorati — taʼlimni boshqaruvchi vakolatli davlat organi va u bilan kelishilgan holda jamoat tashkilotlari va kadrlarga talabgorlar tomonidan amalga oshiriladi;
Yakuniy davlat attestatsiyasi — davlat imtihonlari va malakaviy bitiruv diplom ishi (loyiha)ni himoya qilish bilan yakunlanadi.
2.6.2. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini bitiruvchilarga oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi toʻgʻrisida davlat namunasidagi diplom beriladi, unda:
akademik litseylar uchun fanlar boʻyicha oʻqitilgan soha;
kasb-hunar kollejlari uchun Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimidagi tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklar umumdavlat tasniflagichi (OʻMKXTTYKIUT)ga muvofiq kasblar va ixtisosliklar boʻyicha berilgan malaka koʻrsatiladi.
Diplomlarga oʻzlashtirilgan umumtaʼlim va maxsus (kasb-hunar) fanlar (kurslar), soatlar hajmi va ular boʻyicha baholar (reytinglar), shuningdek, bitiruvchining umumiy reytingi va yakuniy davlat attestatsiyasining natijalari koʻrsatilgan qoʻshimcha varaq ilova qilinadi.
Akademik litseyni tugatganlik toʻgʻrisidagi diplom oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish hamda olingan bilimlarni mehnat faoliyatida roʻyobga chiqarish huquqini beradi.
Kasb-hunar kollejini tugatganlik toʻgʻrisidagi diplom olingan mutaxassislikka muvofiq mehnat faoliyatini amalga oshirish hamda oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish huquqini beradi.
III. OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMIDAGI TAYYORLOV YOʻNALIShLARI, KASBLAR VA IXTISOSLIKLARNING UMUMDAVLAT TASNIFLAGIChINI IShLAB ChIQIShGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
3.1. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimidagi tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklarning umumdavlat tasniflagichining maqsad va vazifalari
3.1.1. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimidagi tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklar umumdavlat tasniflagichi (OʻMKXTTYKIUT)ning maqsadi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimidagi tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklar boʻyicha malakali kichik mutaxassislarni tayyorlashning tizimlashtirilgan roʻyxatini belgilashdir.
3.1.2. OʻMKXTTYKIUTning asosiy vazifalari:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida kasb faoliyati sohalari boʻyicha bir xil tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklarga ega boʻlgan kichik mutaxassislarni tayyorlashni taʼminlash;
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining idoraviy boʻysunishi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, foydalanishlari majburiyligini taʼminlash;
OʻMKXTTYKIUTni taʼlim haqidagi meʼyoriy hujjatlar (taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO) va Oliy taʼlimning yoʻnalishlar va ixtisosliklar tasniflagichi)ni indeksatsiyalash maqsadida boshqa taʼlim turlari bilan muvofiqlashtirish.
3.2. Kichik mutaxassislarning kasb faoliyati sohalari
3.2.1. OʻMKXT muassasalarida kichik mutaxassislarni tayyorlash quyidagi sohalar boʻyicha amalga oshiriladi:
Sanoat (mashinasozlik, energetika, samolyotsozlik, avtomobilsozlik, metallurgiya, geologiya va foydali qazilmalarni ishlab chiqish, kimyo sanoati, yengil sanoat, matbaa, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish)
Transport
Aloqa
Qurilish
Uy-joy va kommunal xoʻjaligi
Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi
Sogʻliqni saqlash
Taʼlim
Madaniyat va sanʼat
Ijtimoiy va iqtisodiy soha
Savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish sohalari.
3.2.2. OʻMKXTTYKIUTning tasniflash obyektlari boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari, tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklar hisoblanadi.
3.3. OʻMKHT tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklari umumdavlat tasniflagichining kodlari
3.3.1. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimidagi tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklarni tasniflash olti raqamli sonlar bilan kodlanadi.
Koddagi birinchi uchta raqam ixtisosliklarning kasbiy sohalari; toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi raqamlar tayyorlov yoʻnalishlari hamda kasblarning tartib raqamini ifodalaydi.
3.3.2. OʻMKHT tayyorlov yoʻnalishlari kasblar va ixtisosliklar kodi kasb faoliyati sohalariga muvofiq kasblar va ixtisosliklar boʻyicha tayyorlov yoʻnalishlari roʻyxatining raqamli belgisi.
3.3.3. Uzluksiz taʼlim tizimidagi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi va oliy taʼlim (bakalavriat) orasidagi uzviylikni aniqlash va uni taʼminlash maqsadida OʻMKHTTYKIUTda oliy taʼlimning bakalavriat yoʻnalishlari kodlari ham qavs ichida keltiriladi.
3.3.4. OʻMKHTTYKIUTda tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklarning kodlariga mos keladigan “Taʼlimning xalqaro standartlashtirish tasniflagichi” (MSKO) kodlari ham keltirilishi lozim.
3.3.5. Tasniflagichni tuzishda davlat, jamiyat va mehnat bozori talablari, kasbiy tayyorgarlikdagi tajribalar, ijtimoiy hamkorlar, ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar talablari hisobga olinishi lozim.
3.5.Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimidagi tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklarning umumdavlat tasniflagichiga oʻzgartirishlar kiritish tartibi
3.5.1. Tasniflagich tayyorlov yoʻnalishlari, kasblar va ixtisosliklarning asos boʻluvchi roʻyxati boʻlib, u qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish uchun ochiqdir.
3.5.2. Tasniflagichga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritishga oid takliflar oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini boshqarish vakolatiga ega boʻlgan davlat organiga taqdim etiladi.
3.5.3. Tasniflagichga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini boshqarish vakolatiga ega boʻlgan davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 2-ILOVA
OʻZBEKISTON DAVLAT STANDARTI
Oʻzbekiston uzluksiz taʼlim standartlari davlat tizimi OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMI
OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMI
UMUMTAʼLIM FANLARI
GOSUDARSTVENNIY STANDART UZBEKISTANA
Gosudarstvennaya sistema standartov neprerivnogo obrazovaniya v Uzbekistane
SREDNEE SPETSIALNOYE, PROFESSIONALNOYE OBRAZOVANIYE
OBShEOBRAZOVATELNIE PREDMETI
STATE STANDARD OF UZBEKISTAN
State system of standards of continuous education of Uzbekistan
SECONDARY SPESIALIZED, VOCATIONAL EDUCATION GENERAL SUBJECTS
1. Qoʻllanish sohasi
Ushbu davlat taʼlim standarti akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilarining umumtaʼlim fanlari boʻyicha majburiy oʻquv yuklamasi hajmini, bitiruvchilar saviyasiga qoʻyiladigan talablarni belgilab beradi.
Davlat taʼlim standarti oʻzining idoraviy boʻysunishi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, taʼlimni boshqarish davlat organlari va taʼlim faoliyati subyektlari tomonidan tatbiq etilishi majburiydir. Davlat taʼlim standarti Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga joriy etiladi.
Davlat taʼlim standarti akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining barcha turdagi oʻquv-meʼyoriy hujjatlarini yaratish uchun asos hisoblanadi.
2. Meʼyoriy hujjatlar
1. “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni.
2. “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni.
3. “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz taʼlim tizimi uchun taʼlim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish toʻgʻrisida” 1998-yil 5-yanvardagi 5-son qarori.
5. OZ DST 1.0-98 “Oʻzbekiston Respublikasi standartlashtirish davlat tizimi. Asosiy qoidalar”.
3. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi umumtaʼlim fanlarini standartlashtirishning maqsad va vazifalari
3.1. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi (OʻMKHT) umumtaʼlim fanlarini standartlashtirishdan maqsad oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida umumtaʼlim fanlari boʻyicha taʼlim berishda ushbu fanlar mazmunini tanlash, oʻquv yuklamalari koʻlamini hamda oʻquv-meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish uchun zaruriy asoslarni aniqlash, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida taʼlim standartining mohiyatini belgilashdan iborat.
3.2. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi umumtaʼlim fanlari davlat taʼlim standartining vazifalari:
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida umumtaʼlim fanlarini oʻrganish boʻyicha taʼlim mazmunini belgilash;
taʼlim oluvchilarning bilimi, koʻnikma va malakalari darajasini davriy ravishda baholash tartibiga, shuningdek, taʼlim faoliyati sifati ustidan nazorat qilishga nisbatan qoʻyiladigan tegishli talablarni belgilovchi meʼyoriy negizni yaratish;
xalqning boy aql-zakovat merosi va umuminsoniy qadriyatlar asosida taʼlim oluvchilarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
OʻMKHT oʻquv-tarbiya va taʼlim jarayonini, pedagogik va axborot texnologiyalari bilan taʼminlashga, taʼlim darajasini nazorat qilishga, taʼlim muassasalarida taʼlim oluvchilar va ularni bitiruvchilarning malakasiga nisbatan meʼyorlar va talablarni belgilash;
taʼlim oluvchilarga fundamental bilimlarni oʻzlashtirishning faol usullarini joriy qilish, ijodiy fikrlash va keng tafakkurga ega boʻlish malakasini shakllantirish;
kasb-hunar kollejlarida kasb va ixtisoslik olish hamda oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni davom ettirish uchun umumtaʼlim fanlari boʻyicha zaruriy bilimlar darajasini belgilashdan iborat.
4. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilariga umumtaʼlim fanlari boʻyicha qoʻyiladigan umumiy talablar
Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga umumtaʼlim fanlari boʻyicha qoʻyiladigan umumiy talablar quyidagilardan iborat:
fundamental bilimlarni oʻzlashtira olish, oʻzlashtirilgan nazariy bilimlarni amaliyotga, boshlangʻich kasbiy koʻnikmalarni kundalik hayotga, mehnat faoliyatiga tatbiq eta olish;
akademik litseylar hamda kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari tayyorlov yoʻnalishlari va ixtisosliklari boʻyicha chuqurlashtirilgan, yoʻnaltirilgan, maxsus fanlar asoslarini egallashlari uchun zarur boʻladigan asosiy bilimlarga ega boʻlish;
mustaqil va ijodiy fikrlash, oʻz fikrlarini yozma va ogʻzaki ravon bayon etish malakalarini egallash;
bilimlarni muntazam oshirib, yangilab borishga intilish, oʻquv va mehnat faoliyatiga ijodiy, mustaqil yondashish sifatlariga ega boʻlish;
mantiqiy fikrlashning uslublari va usullarini bilish, ularni amaliy faoliyatda qoʻllay olish malakasiga ega boʻlish;
kompyuterlar va boshqa telekommunikatsiya vositalaridan foydalana olish;
zamonaviy axborot vositalari bilan ishlashning amaliy koʻnikmalarini mustahkam egallash;
turli vaziyatlarni tanqidiy baholash, yangiliklarga doimiy intilish;
maʼnaviy-axloqiy madaniyatga ega boʻlish;
siyosiy madaniyatga, fuqarolik burchlari va javobgarligi hislariga egalik;
ekologik madaniyatga egalik;
davlatning tuzilishi, uning ijtimoiy va siyosiy rivojlanishi haqida aniq bilimlarga ega boʻlish, xalqaro voqea, hodisa va muammolarni tushuna olish;
umuminsoniy fazilatlariga ega boʻlish, oʻz millatini va vatanini sevish, u bilan faxrlanish, milliy urf-odatlar, qadriyatlarni hurmat qilish;
jismoniy baquvvat, sogʻlom boʻlish, harbiy xizmatga va tezkor tibbiy yordam koʻrsatishga layoqatli, maʼnaviy sogʻlom, ruhiy, jismoniy jihatdan oʻzini oʻzi doimo takomillashtirishga intilish;
oliy taʼlim muassasalarida (bakalavriat) taʼlim olishni davom ettirish uchun zarur bilimlar majmuiga ega boʻlish.
5. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari oʻzlashtirishi zarur boʻlgan umumtaʼlim fanlari mazmuniga qoʻyiladigan talablar
(5-boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 8-maydagi 124-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 20-son, 251-modda)
7. Ctandartning joriy etilishini nazorat qilish
OʻMKHT muassasalari oʻquvchilarning umumtaʼlim fanlaridan olgan bilimlari ustidan nazorat olib boradilar. Shu maqsadda quyidagi nazorat amallarini kiritish nazarda tutiladi:
kirish nazorati — abituriyentlarning qobiliyatlarini, kasb-hunarga ishtiyoqini va qiziqishini hisobga olgan holda kasbga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik tashxis markazlari tomonidan beriladigan tavsiyanomalar asosida taʼlim muassasasiga kirishida amalga oshiriladi (suhbat orqali va boshqa turdagi tadbirlar asosida).
joriy nazorat — ogʻzaki soʻrov, kollokviumlar, seminarlar, yozma ishlar, laboratoriya ishlari, texnikaviy diktant, kurs loyihalari, uy vazifasi va hokazo, yaʼni oʻqituvchi oʻz amaliyotida qoʻllaydigan barcha soʻrov turlarini oʻz ichiga oladi.
oraliq nazorat — fanning maʼlum bir qismi, boʻlimi yakunlangandan soʻng oʻtkaziladi. Oraliq nazoratning oʻtkazilish tartibi, shakli taʼlim muassasasining ilmiy-pedagogik kengashi tomonidan belgilanadi.
yakuniy nazorat — semestr tamom boʻlganda va oʻquv dasturining tegishli boʻlimi tugallangandan keyin amalga oshiriladi. Yakuniy nazoratning oʻtkazilish tartibi, shakli taʼlim muassasasining ilmiy-pedagogik kengashi tomonidan belgilanadi.
Akademik litseylarda va kasb-hunar kollejlarida davlat taʼlim standartini joriy etish ishini nazorat qilish umumtaʼlim fanlari kursi tugagandan soʻng davlat imtihon komissiyalari, oʻquvchilarning reyting koʻrsatkichlari natijalari va davlat attestatsiya komissiyasi belgilagan mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Umumtaʼlim fanlaridan taʼlim mazmunining oʻrnatilgan minimumiga erishish barcha oʻquvchilar uchun majburiydir. Oʻquvchining umumtaʼlim fanlaridan olgan bilimlari akademik litsey yoki kasb-hunar kollejini tugatgandan soʻnggi amaliy faoliyatida hamda uning oliy taʼlim muassasasida davom ettiradigan keyingi oʻqish faoliyatida ham ishonchli vosita boʻlib xizmat qilmogʻi lozim.
Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida oʻquvchilarning bilimlarini nazorat qilish oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tomonidan tasdiqlangan “Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilarining bilim saviyasi, koʻnikma va malakalarini nazorat qilishning reyting tizimi toʻgʻrisida”gi Nizom asosida amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 3-ILOVANING davomi
OʻRTA MAXSUS, KASB-XUNAR TAʼLIMI TOʻGʻRISIDAGI DAVLAT NAMUNASIDAGI DIPLOMLAR (tavsifi)
I. Akademik litseyni bitirganlik toʻgʻrisida diplom
Akademik litseyni bitirganlik toʻgʻrisidagi diplom 111x151 mm oʻlchovda yaxlit qoplangan toʻq-koʻk rangli lederindan tayyorlangan koʻrinishga ega. Uning yuz tomonida bosma naqsh usulida oltin rangda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Gerbi tasviri tushiriladi va undan pastroqda oʻzbek tilida DIPLOM soʻzi yoziladi.
Diplomning ichki qismi qalin qogʻozda ofset bosma usulida besh rangda: matn qismi uchun qora, och qizgʻish, moviy, yashil va qizil rangda tasviriy elementlar bosiladi.
Diplom markazida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Gerbi oq sathda moviy rangda bosilgan (sath diametri 60 mm boʻlgan aylanaga 450 burchak ostida 55 mm boʻlgan kvadrat tushirish orqali hosil qilinadi). Atrofida rozetka rastrdan iborat och zargʻaldoq tusdagi fon bor. Fon ustida yoʻl-yoʻl chiziqning yuqori va quyi qismlarida ikkitadan moviy rangli 3 mm kenglikda milliy naqsh sakkiz qirrali yulduz koʻrinishda aks ettiriladi. Yulduzlar 23 mm kvadratlarni ustma-ust qoʻyib chizish yoʻli bilan yasaladi. Ramka ham rozetkali rastrda bosiladi. Toʻrtta yulduzning har birining ichida kichikroq oʻlchamda:
4 mm kenglikda yashil rangda rozetkali rastr bilan yulduz bosiladi (kvadratning oʻlchami 14 mm);
yulduz markazida qizil rangda 1 mm kenglikda sakkiz qirrali yulduz ichiga (kvadratning oʻlchami 5 mm) yarim oy va besh qirrali yulduz joylashtiriladi.
Matn qismi ikki tilda soʻl tomonda oʻzbek tilida, oʻng tomonda ingliz tilida qora rangda bosiladi.
Imtiyozli diplomlar uchun “OZBEKISTON RESPUBLIKASI AKADEMIK LITSEY DIPLOMI” “REPUBLIK OF UZBEKISTAN DIPLOMA OF AKADEMIK LYCEUM” soʻzlaridan quyida qizil rangda “imtiyozli” soʻzi oʻzbek va ingliz tillarida yoziladi.
Diplomning har ikki varagʻida yettita pozitsiyada: L harfi va oltita raqamli tartib nomeri yoziladi.
Diplom 7 darajali himoyaga ega:
1) ikki xil usuldagi chop etishdan foydalanish: asosiy qism uchun ofset bosma usuli, raqamlarni chop etish uchun yuqori usul;
2) mashinada nusxa koʻchirishni qiyinlashtiradigan zaif boʻyoqlardan foydalanish;
3) har xil shakldagi rastrli setkalardan foydalanish;
4) har xil shakldagi rastrli setkalarni tushirish natijasida yangi ranglar hosil qilish;
5) maxsus qogʻoz ishlatish;
6) Davlat Gerbini moviy rangda tavsirlash;
7) olti shaklli oʻzgaradigan raqamdan foydalanish.
Akademik litseyni tamomlagan shaxslarga diplom bilan birga oʻzlashtirishning yakuniy baholari (reyting ballari)dan koʻchirma beriladi. Koʻchirmada akademik litsey nomi, oʻquv rejasidagi fanlar va ulardan olingan reyting ballari hamda Davlat attestatsiyasi natijalari koʻrsatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 3-ILOVANING davomi
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 3-ILOVANING davomi
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 3-ILOVANING davomi
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 3-ILOVANING davomi
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 3-ILOVANING davomi
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 3-ILOVANING davomi
II. KASB-HUNAR KOLLEJINI BITIRGANLIK TOʻGʻRISIDA DIPLOM
Kasb-hunar kollejini bitirganlik toʻgʻrisidagi diplom 111x151 mm oʻlchovda yaxlit qoplangan yashil rangli lederindan tayyorlangan koʻrinishga ega. Uning yuz tomonida bosma naqsh usulida oltin rangda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Gerbi tasviri tushiriladi va undan pastroqda oʻzbek tilida DIPLOM soʻzi yoziladi.
Diplomning ichki qismi qalin qogʻozda ofset bosma usulida besh rangda: matn qismi uchun qora, och qizgʻish, moviy, yashil va qizil rangda tasviriy elementlar bosiladi.
Diplom markazida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Gerbi oq sathda moviy rangda bosilgan (sath diametri 60 mm boʻlgan aylanaga 450 burchak ostida 55 mm boʻlgan kvadrat tushirish orqali hosil qilinadi). Atrofida rozetka rastrdan iborat och zargʻaldoq tusdagi fon bor. Fon ustida yoʻl-yoʻl chiziqning yuqori va quyi qismlarida ikkitadan moviy rangli 3 mm kenglikda milliy naqsh sakkiz qirrali yulduz koʻrinishda aks ettiriladi. Yulduzlar 23 mm kvadratlarni ustma-ust qoʻyib chizish yoʻli bilan yasaladi. Ramka ham rozetkali rastrda bosiladi. Toʻrtta yulduzning har birining ichida kichikroq oʻlchamda:
4 mm kenglikda yashil rangda rozetkali rastr bilan yulduz bosiladi (kvadratning oʻlchami 14 mm);
yulduz markazida qizil rangda 1 mm kenglikda sakkiz qirrali yulduz ichiga (kvadratning oʻlchami 5 mm) yarim oy va besh qirrali yulduz joylashtiriladi.
Matn qismi ikki tilda soʻl tomonda oʻzbek tilida, oʻng tomonda ingliz tilida qora rangda bosiladi.
Imtiyozli diplomlar uchun “OZBEKISTON RESPUBLIKASI KASB-HUNAR KOLLEJI DIPLOMI” “REPUBLIK OF UZBEKISTAN DIPLOMA OF PROFESSIONAL COLLEGE” soʻzlaridan quyida qizil rangda “imtiyozli” soʻzi oʻzbek va ingliz tillarida yoziladi.
Diplomning har ikki varagʻida yettita pozitsiyada: K harfi va oltita raqamli tartib nomeri yoziladi.
Diplom 7 darajali himoyaga ega:
1) ikki xil usuldagi chop etishdan foydalanish: asosiy qism uchun ofset bosma usuli, raqamlarni chop etish uchun yuqori usul;
2) mashinada nusxa koʻchirishni qiyinlashtiradigan zaif boʻyoqlardan foydalanish;
3) har xil shakldagi rastrli setkalardan foydalanish;
4) har xil shakldagi rastrli setkalarni tushirish natijasida yangi ranglar hosil qilish;
5) maxsus qogʻoz ishlatish;
6) Davlat Gerbini moviy rangda tavsirlash;
7) olti shaklli oʻzgaradigan raqamdan foydalanish.
Kasb-hunar kollejini tamomlagan shaxslarga diplom bilan birga oʻzlashtirishning yakuniy baholari (reyting ballari)dan koʻchirma beriladi. Koʻchirmada kasb-hunar kolleji nomi; oʻquv rejasiga muvofiq ravishda kasb-hunar yoʻnalishining nomi; oʻtilgan fanlar va ulardan olingan reyting ballari, shuningdek bajarilgan diplom loyihasi hamda Davlat attestatsiyasi natijalari koʻrsatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 3-ILOVANING davomi
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 3-ILOVANING davomi
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 3-ILOVANING davomi
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son qaroriga 3-ILOVANING davomi
