2-modda. Xalqaro shartnomalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida (172-I-son) · Sana: 22.12.1995 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, shuningdek ushbu Qonunga hamda shartnomaning oʻz qoidalariga muvofiq tuziladi, bajariladi, toʻxtatiladi, toʻxtatib turiladi va denonsatsiya qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish, bajarish, toʻxtatish, toʻxtatib turish va denonsatsiya qilishning ushbu Qonun bilan belgilangan tartibi ularning turi, shakli va nomlanishidan qatʼi nazar, Oʻzbekistonning barcha xalqaro shartnomalariga nisbatan qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi qonunini, Oliy Majlis qarorini qabul qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonini yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorini, farmoyishini chiqarish lozim boʻlgan hollarda, manfaatdor vazirliklar va idoralar Adliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda shunday aktni qabul qilish toʻgʻrisida belgilangan tartibda taklif kiritadilar.
