17-modda. Depozitariyning huquqlari
Qimmatli qogʻozlar bozorida depozitariylar faoliyati toʻgʻrisida (672-I-son) · Sana: 29.08.1998 · Amalda
Depozitariy quyidagi huquqlarga egadir:
belgilangan tartibda naqd qimmatli qogʻozlarning haqiqiyligini tekshirish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda naqd qimmatli qogʻozlarni inkassatsiya qilish va tashish;
deponentlarning topshirigʻiga binoan ularga tegishli qimmatli qogʻozlar boʻyicha daromadlarni oʻtkazish.
Depozitariy qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham egadir.
Depozitariy quyidagilarga haqli emas:
oʻziga saqlash uchun berilgan mulkdan qimmatli qogʻozlar sifatida foydalanish yoki depo hisobvaraqlaridan deponentning ruxsatisiz qimmatli qogʻozlarni oʻtkazish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
oʻzi chiqargan qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquq hisobini yuritish;
qimmatli qogʻozlar bilan oldi-sotdi, vositachilik, topshiriq, hadya, ayirboshlash shartnomalarini va boshqa turdagi bitimlarni tuzish, depozitariyning oʻzi chiqargan qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar bundan mustasno.
Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Markaziy depozitariy quyidagilarga ham haqli emas:
davlatga tegishli boʻlmagan naqd va naqd boʻlmagan qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquq hisobini yuritish, ushbu Qonunning 7 va 10-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
aksiyadorlar reyestrini yuritish;
boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga moliyaviy yordam koʻrsatish;
boshqa yuridik shaxslarning ustav jamgʻarmasida qatnashish.
