15-modda. Deponentning huquqlari
Qimmatli qogʻozlar bozorida depozitariylar faoliyati toʻgʻrisida (672-I-son) · Sana: 29.08.1998 · Amalda
Deponent quyidagi huquqlarga egadir:
depozitariydagi oʻzining depo hisobvaragʻida boʻlgan qimmatli qogʻozlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartib va doirada tasarruf etish. Deponentda depozitariyda hisobga olinadigan qimmatli qogʻozlarni tasarruf etish huquqi qimmatli qogʻozlar uning depo hisobvaragʻiga kiritilgan paytdan eʼtiboran vujudga keladi;
depozitariyga oʻz depo hisobvaragʻi boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish yuzasidan topshiriq berish (uchinchi shaxslar oldida zimmasiga majburiyatlar yuklangan qimmatli qogʻozlarni ularga yuklangan majburiyatlar tugaganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmay turib oʻtkazish toʻgʻrisidagi farmoyish bundan mustasno), soʻrov kiritish, topshiriqlar bajarilganligi toʻgʻrisidagi hisobotni talab qilish;
oʻziga tegishli naqd qimmatli qogʻozlarni saqlash va istalgan depozitariyga naqd va naqd boʻlmagan qimmatli qogʻozlarga nisbatan mulk egaligi huquqini hamda boshqa ashyoviy huquqlarni hisobga olishni topshirish;
depozitar shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilgunga qadar depozitariyda qimmatli qogʻozlarni saqlash va hisobga olish qoidalari bilan tanishish;
depozitar shartnoma shartlariga muvofiq oʻz depo hisobvaragʻining holati haqida guvohnoma olish va oʻzining depo hisobvaragʻi boʻyicha depozitariy tomonidan oʻtkazilgan operatsiyalar toʻgʻrisida hisobot olish.
Deponent qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham egadir.
