2010-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida mikromoliyalashtirishni rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida (114-son)
08.06.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholining faol qismi oʻz biznesini tashkil etishi va boshlashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ayniqsa qishloq joylarda aholi bandligini oshirishga koʻmaklashuvchi kichik va mikrobiznes subyektlari faoliyatini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2010-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida mikromoliyalashtirishni rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagi vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish Dasturning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
mikromoliyaviy xizmatlarga muhtoj boʻlgan aholi toʻliq qamrab olinishini taʼminlagan holda mamlakatning barcha mintaqalarida kredit uyushmalari va mikrokredit tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish uchun iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratish;
normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda kredit uyushmalari va mikrokredit tashkilotlarining barqaror rivojlanishini taʼminlovchi ular faoliyatini tartibga solishning samarali tizimini yaratish;
moliyalashtirishning tijorat manbalari, xususan xalqaro moliya institutlari, tijorat banklari va davlat maqsadli jamgʻarmalarining kredit liniyalari hisobiga kredit uyushmalari va mikrokredit tashkilotlarining resurs bazasini shakllantirishga koʻmaklashish;
mikromoliyalashtirish xizmatlarini kengaytirish, xususan mikrolizing xizmatlarini rivojlantirish;
kredit uyushmalari va mikrokredit tashkilotlari professional xizmatlarga va zarur kredit axborotlariga kirib borishini taʼminlovchi yordamchi xizmatlarni va infratuzilmani rivojlantirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga yilning har choragida Vazirlar Mahkamasiga tegishli tahliliy axborotni taqdim etgan holda Dasturni amalga oshirishning samaradorligi ustidan monitoring oʻrnatish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 8-iyun,
114-son
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 8-iyundagi 114-son qaroriga ILOVA
2010-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida mikromoliyalashtirishni rivojlantirish dasturi
Mazkur Dastur Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 2007-yil 12-fevralda Vazirlar Mahkamasi majlisidagi maʼruzasida belgilab berilgan mamlakatni iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ustuvorliklari amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
I. Mikromoliyaviy xizmatlar sohasining joriy holati
Hozirgi vaqtda respublikada mikromoliyalashtirishni rivojlantirish uchun zarur normativ-huquqiy baza yaratilgan. Jumladan, “Mikromoliyalashtirish toʻgʻrisida”, “Kredit uyushmalari toʻgʻrisida”, “Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Vazirlar Mahkamasining “Mikromoliyaviy xizmatlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 19-fevraldagi 37-son qarori qabul qilingan.
Qabul qilingan qonun hujjatlarini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan mikromoliyaviy muassasalarni litsenziyalash tartib-qoidalarini boshqaradigan normativ hujjatlar, ular tomonidan moliya operatsiyalari amalga oshirilishi qoidalari, buxgalteriya hisobi hisob raqamlari rejasi ishlab chiqilgan.
2007-yil 1-maydagi holatiga koʻra Markaziy bank tomonidan 38 ta kredit uyushmasi roʻyxatga olingan. Faoliyat koʻrsatayotgan kredit uyushmalari aʼzolari soni 50 ming kishidan oshdi (2006-yil boshida — 33 ming kishi). Kredit uyushmalarining asosiy qismi Buxoro viloyatida (4), Fargʻona viloyatida (6), Andijon viloyatida (6) va Toshkent shahrida (10) joylashgan.
Kredit uyushmalarining jami aktivlari 2007-yil 1-maydagi holatiga koʻra 26,0 mlrd. soʻmni tashkil etdi (2006-yilning tegishli davridagiga taqqoslaganda oʻsish 160%). Bunda kredit uyushmalari aktivlarining 85 foizidan ortigʻini kredit qoʻyilmalari tashkil etadi, bu ushbu moliyaviy institutlar tomonidan oʻz aʼzolarini kredit bilan qoʻllab-quvvatlash uchun pul resurslaridan faol foydalanilishini aks ettiradi. Kredit uyushmalari tomonidan beriladigan kreditlar asosan oʻzida kasanachilikni rivojlantirishga, ixcham ishlab chiqarishlarni tashkil etishga, dehqon va fermer xoʻjaliklarini kengaytirishga hamda uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni sotib olish uchun isteʼmol kreditlariga yoʻnaltiriladigan uncha koʻp boʻlmagan summani ifodalaydi (oʻrtacha 700-800 ming soʻm).
2. Mikromoliyalashtirishni rivojlantirish dasturining maqsadlari va yoʻnalishlari
Ayniqsa qishloq joylarda mikromoliyalashtirishni rivojlantirish yoʻli bilan quyidagilarni taʼminlash ushbu Dasturning asosiy maqsadi hisoblanadi:
aholining faol qismi oʻz biznesini tashkil etishi va boshlashi uchun shart-sharoitlar yaratish;
aholining ish bilan bandligini oshirishiga koʻmaklashadigan kichik va mikrobiznes subyektlari faoliyatini rivojlantirish;
mikromoliyalashtirish xizmatlariga muhtoj boʻlgan aholini mikromoliyalashtirish xizmatlari bilan toʻliq qamrab olish;
umuman mamlakatda moliya tizimini yanada rivojlantirish.
Koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarga erishish uchun quyidagilar ushbu dasturning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
mikromoliyaviy xizmatlarga muhtoj boʻlgan aholi toʻliq qamrab olinishini taʼminlagan holda mamlakatning barcha mintaqalarida kredit uyushmalari va mikrokredit tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish uchun iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratish;
normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda kredit uyushmalari va mikrokredit tashkilotlarining barqaror rivojlanishini taʼminlovchi ular faoliyatini tartibga solishning samarali tizimini yaratish;
moliyalashtirishning tijorat manbalari, xususan xalqaro moliya institutlari, tijorat banklari va davlat maqsadli jamgʻarmalarining kredit liniyalari hisobiga kredit uyushmalari va mikrokredit tashkilotlarining resurs bazasini shakllantirishga koʻmaklashish;
mikromoliyalashtirish xizmatlarini kengaytirish, xususan mikrolizing xizmatlarini rivojlantirish;
kredit uyushmalari va mikrokredit tashkilotlari professional xizmatlarga va zarur kredit axborotlariga kirib borishini taʼminlovchi yordamchi xizmatlarni va infratuzilmani rivojlantirish.
3. Dasturni amalga oshirish mexanizmi
Dasturni samarali amalga oshirish uchun turli darajalardagi manfaatdor tomonlar — Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, moliyaviy muassasalarning saʼy-harakatlarini birlashtirish zarur. Respublika manfaatlaridan kelib chiqib xalqaro institutlar tomonidan texnik koʻmaklashish, shuningdek maqsadli grantlar va kreditlar shaklida taqdim etiladigan qoʻllab-quvvatlashdan samarali va maqsadli foydalanish muhim yoʻnalish hisoblanadi.
Dasturning asosiy maqsadlarini amalga oshirish yoʻllari mazkur Dasturga 1-ilovaga muvofiq chora-tadbirlarda aks ettirilgan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda mikromoliyaviy muassasalar uchun tegishli huquqiy va tartibga soluvchi muhitni taʼminlaydi, shuningdek ular faoliyati ustidan nazorat qilishning samarali tizimini yaratish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻradi.
Kredit uyushmalari va mikrokredit tashkilotlari uyushmasi mikromoliyaviy muassasalarda mikromoliyalashtirishning ilgʻor xalqaro amaliyotini joriy etish, maslahat xizmatlari koʻrsatish, taʼlim beradigan kurslar va seminarlar tashkil etish, institutsional salohiyatni kuchaytirish, ayniqsa boshqaruv tizimida qatʼiyroq standartlarni joriy etish va faoliyatning ochiq-oshkoraligi vositasida barqarorlikka ega boʻlish va kasb mahoratining oʻsishi boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi.
Xalqaro tashkilotlarning grantlari va kreditlarini jalb etish va taqsimlashning samarali, ochiq-oshkora mexanizmini yaratish Dasturning muhim qismi hisoblanadi. Ushbu maqsadlarda “Mikrokreditbank”ni mikromoliyalashtirish uchun manbalar sifatida respublikaga tushayotgan moliyaviy mablagʻlarning asosiy oluvchisi va taqsimlovchisi etib belgilash taklif qilinadi. Bunda “Mikrokreditbank” xalqaro tashkilotlarning jalb etilgan mablagʻlarini bir ish oʻrni yoki yangi biznes birlik yaratishga kredit mablagʻlaridan foydalanishning samaradorligidan kelib chiqib tanlov asosida mikromoliyaviy muassasalar oʻrtasida taqsimlaydi.
Respublika mintaqalarida kredit uyushmalari va mikrokredit tashkilotlarining faoliyatini ragʻbatlantirish ishida va mazkur Dasturning aniq vazifalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining faol ishtirok etishi nazarda tutiladi.
4. Kutilayotgan natijalar
Mazkur Dastur amalga oshirilishi quyidagilarni taʼminlaydi:
mazkur Dasturga 2-ilovaga muvofiq respublikaning barcha mintaqalaridagi va mikromoliyaviy xizmatlarga muhtoj boʻlgan aholini (hisoblangan 350 — 400 ming kishi) toʻliq qamrab oladigan mikromoliyalashtirishning samarali va raqobatga bardoshli tizimini yaratish (97 mikrokredit tashkiloti va 67 kredit uyushmasi);
kredit uyushmalari va mikrokredit tashkilotlarining kredit qoʻyilmalari jami hajmini 2007-yil 1-maydagi holati boʻyicha 22,9 mlrd. soʻmdan 2010-yil boshida 127 mlrd. soʻmgacha koʻpaytirish;
samarali nazorat qilishni taʼminlaydigan yaxlit qonunchilik va tartibga solish bazasini yaratish hamda tegishli ravishda mikromoliyaviy xizmatlar bozorida ochiq-oshkora faoliyat koʻrsatish tizimiga ega boʻlgan sogʻlom mikromoliyaviy muassasalarning hozir boʻlishi hisobiga mikromoliyaviy sektorni va uning infratuzilmasini barqaror rivojlantirish.
2010-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida mikromoliyalashtirishni rivojlantirish dasturiga 1-ILOVA
2010-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida mikromoliyalashtirishni rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari
2010-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida mikromoliyalashtirishni rivojlantirish dasturiga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi mintaqalari boʻyicha mikromoliyalashtirish tashkilotlari va kredit uyushmalari tarmogʻini yaratish va kengaytirishning prognoz parametrlari
* Prognoz parametrlar xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqilgan, unga koʻra iqtisodiy faol aholining 3 foizi mikromoliyaviy muassasalarning faol qarz oluvchilari hisoblanadi. Bunda bitta mikromoliyaviy muassasaga taxminan 2 ming qarz oluvchi toʻgʻri keladi, qarzning oʻrtacha summasi 400—500 ming soʻmdan ortiq boʻlmaydi
