Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning maxsus jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha kiritish haqida (177-3-son)
17.05.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
Buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 17-mayda 177-3-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va mustahkamlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2007-yil 19-martdagi PF-3864-son Farmonining 2-bandiga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1995-yil 8-sentabrda 98-son bilan tasdiqlangan Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning maxsus jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomning (1995-yil 20-sentabr, roʻyxat raqami 177) II-bobi quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bolalar, qariyalar va nogironlarning “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylari, jismoniy rivojlanish imkoniyati cheklangan va jismoniy nuqsonlari boʻlgan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kollejlar, urush va mehnat faxriylari sanatoriylari, nogironlar reabilitatsiya markazlari va uyda ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish fondi mehnatga haq toʻlash fondi hisobidan 25% miqdorda tashkil etiladi.
2. Mazkur buyruq 2007-yil 1-sentabrdan kuchga kiritilsin.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 30-aprel,
45-son
