Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining “Oʻzekspomarkaz” respublika savdo-koʻrgazma markazining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (134-son)
08.04.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Madaniy-sogʻlomlashtirish kompleksi asbob-uskunalari lizingi boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida taʼminlash, koʻrsatiladigan xizmatlarning aholi keng qatlamlari uchun maqbul boʻlgan narxlarini saqlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining “Oʻzekspomarkaz” respublika savdo-koʻrgazma markazining koʻrgazma-yarmarkalar tashkil etish boʻyicha faoliyatini yanada faollashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining “Oʻzekspomarkaz” respublika savdo-koʻrgazma markazi hududida doimiy ravishda ishlaydigan “Oʻzbekistonning eksport salohiyati” ekspozitsiyasini notijorat asosda tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzekspomarkaz” respublika savdo-koʻrgazma markaziga beriladigan soliq imtiyozlari toʻgʻrisida” 1996-yil 26-iyuldagi 267-son qarori bilan berilgan soliq imtiyozlarining amal qilish muddati 2003-yil 31-dekabrgacha uzaytirilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 8-aprel,
134-son
