4-modda. Bank operatsiyalari
Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida (216-I-son) · Sana: 25.04.1996 · Kuchini yo'qotgan
Banklar oʻz faoliyatlarida quyidagi bank operatsiyalarini amalga oshiradilar:
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan vakil banklarning hisobvaraqlarini ochish va yuritish, hisobvaraqlar boʻyicha hisob-kitob qilish;
omonatlarni jalb etish;
kreditlarning qaytarilishi, foizliligi va muddatliligi sharti bilan oʻz mablagʻlari va jalb etilgan mablagʻlar hisobidan oʻz nomidan kreditlar berish.
Banklar boshqa turdagi operatsiyalarni ham amalga oshirishlari mumkin, chunonchi:
mablagʻ egasi yoki mablagʻni tasarruf etuvchi bilan tuzilgan shartnomaga binoan pul mablagʻlarini boshqarish;
chet el valyutasini naqd pul va naqd boʻlmagan pul shakllarida yuridik hamda jismoniy shaxslardan sotib olish va ularga sotish;
pul mablagʻlari, veksellar, toʻlov va hisob-kitob hujjatlarini inkasso qilish;
uchinchi shaxslar nomidan majburiyatlarning bajarilishini nazarda tutuvchi kafolatlar berish;
uchinchi shaxslardan majburiyatlarning bajarilishini talab qilish huquqini olish;
qimmatli qogʻozlar chiqarish, xarid qilish, sotish, hisobini yuritish va ularni saqlash, mijoz bilan tuzilgan shartnomaga binoan qimmatli qogʻozlarni boshqarish, qimmatli qogʻozlar bilan boshqa operatsiyalarni bajarish;
bank faoliyati yuzasidan maslahat va axborot xizmati koʻrsatish;
jismoniy va yuridik shaxslarga hujjatlar va boshqa boyliklarni saqlash uchun maxsus binolar yoki ular ichidagi poʻlat sandiqlarni ijaraga berish;
moliyaviy lizing;
mikroqarz berish;
xalqaro bank amaliyotiga muvofiq, litsenziyada maxsus koʻrsatilgan boshqa operatsiyalar.
Banklar bevosita ishlab chiqarish, savdo va sugʻurta faoliyati bilan shugʻullanishga haqli emaslar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
