38-modda. Bank siri
Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida (216-I-son) · Sana: 25.04.1996 · Kuchini yo'qotgan
Banklar oʻz mijozlari va vakillarining operatsiyalari, hisobvaraqlari hamda jamgʻarmalariga doir maʼlumotlar sir saqlanishiga kafolat beradi. Bankning barcha xizmatchilari bank, uning mijozlari va vakillarining bank operatsiyalari, hisobvaraqlari va jamgʻarmalariga doir maʼlumotlarni sir saqlashlari shart.
Yuridik shaxslar va boshqa tashkilotlarning operatsiyalari hamda hisobvaraqlariga doir maʼlumotnomalar ana shu tashkilotlarning oʻziga, prokuror, sudlarga, jinoiy ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa surishtiruv va tergov organlariga beriladi.
Jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari va omonatlariga doir maʼlumotnomalar mijozlarning oʻziga va ularning qonuniy vakillariga; mijozlarning hisobvaraqlari va omonatlarida turgan pul mablagʻlari hamda boshqa qimmatbaho narsalar xatlanishi, ularga undiruv qaratilishi yoki mol-mulk musodara etilishi mumkin boʻlgan hollarda yuritilayotgan ishlar boʻyicha sudlar, surishtiruv va tergov organlariga beriladi.
Hisobvaraqlar va omonatning egalari vafot etganda ushbu hisobvaraqlar hamda omonatga doir maʼlumotnomalar mazkur hisobvaraq yoki omonat egasi bankka topshirgan vasiyatnomasida koʻrsatgan shaxslarga, vafot etgan omonatchilarning jamgʻarmalariga doir meros ishlarini yuritayotgan davlat notarial idoralariga, chet el fuqarolarining hisobvaraqlariga doir maʼlumotnomalar esa — chet el konsullik muassasalariga beriladi.
Banklar pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar toʻgʻrisidagi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan axborotni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi.
Xizmat burchi yuzasidan bank axborotidan xabardor boʻlgan shaxslar xizmat sirini oshkor qilganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Banklar oʻz mijozlari boʻlgan korxonalarning operatsiyalari toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni ular soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻliq va toʻgʻri toʻlayotganliklarini nazorat qilish uchun soliq organlarining soʻroviga binoan taqdim etadi.
Banklar kredit axborotini kredit byurolariga kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnoma asosida taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan maqsadli va oqilona foydalanilishini oʻrganish uchun bank hisobvaraqlari boʻyicha davlat pul mablagʻlarining harakatlanishi bilan bogʻliq operatsiyalar toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni va axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining soʻroviga binoan taqdim etadi.
