5-modda. Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmatiga rahbarlik qilish
Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida (113-I-son) · Sana: 31.08.1995 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasining oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmatiga rahbarlikni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspeksiyasi amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspeksiyasi boshligʻini Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda tayinlaydi.
Viloyatlar va Toshkent shahrida oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmatiga viloyatlar va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyalari rahbarlik qiladilar. Viloyatlar va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyalari boshliqlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspeksiyasi tegishli viloyat va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishib turib tayinlaydi.
Tuman va shaharlarda oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmatiga rahbarlikni tuman, shahar oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyalari amalga oshiradilar. Tuman va shahar oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyalari boshliqlarini viloyat oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyalari tegishli tuman va shahar hokimlari bilan kelishib turib tayinlaydi.
Temir yoʻl stansiyalaridagi, aeroportlardagi, daryo portlaridagi, pochtamtlardagi va shosselardagi oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmatini Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspeksiyasi tayinlaydigan mudirlar boshqaradilar.
Viloyatlar, shahar va tumanlardagi oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyalari oʻz vakolatlari doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha tegishli hokimlar va yuqori turuvchi organlarga boʻysunadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
