Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (86-son)
28.04.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Davlat budjeti parametrlarida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga mablagʻlarni nazarda tutsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 28-aprel,
86-son
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 28-apreldagi 86-son qaroriga ILOVA
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanish huquqiga ega boʻlgan nodavlat notijorat tashkilotlariga (keyingi oʻrinlarda NNT deb ataladi) davlat subsidiyalari ajratish, davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmasi berish shaklida ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibini belgilaydi.
2. Adliya organlarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan va kamida bir yil faoliyat koʻrsatayotgan yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritilgan NNT faoliyatining davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishiga talabgor boʻlishlari mumkin.
3. NNT faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalaridan ajratiladigan mablagʻlar hajmi har yili Davlat budjeti xarajatlarining asosiy parametrlarida alohida satrda tasdiqlanadi, uning doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu Nizomning 1-bandida koʻrsatilgan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash shakllaridan har biriga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar hajmi belgilanadi.
II. Davlat subsidiyasi ajratish tartibi
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari (keyingi oʻrinlarda davlat subsidiyalari deb ataladi) mablagʻlari hisobiga NNT faoliyatini hamda maxsus loyihalarning amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlmagan faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun beriladigan moliyaviy yoki boshqacha moddiy yordam davlat subsidiyasi hisoblanadi.
5. NNT faoliyatini davlat subsidiyalari ajratish shaklida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
6. Ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan faoliyatni amalga oshiruvchi, fuqarolik jamiyati institutlari tizimini rivojlantirishda qatnashuvchi NNT davlat subsidiyalari olishga talabgor boʻlishlari mumkin.
7. Davlat subsidiyalari faqat NNTning ustavdagi maqsadlari va vazifalarini bajarish uchun, shu jumladan joriy taʼminot, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan tadbirlarni oʻtkazish uchun ajratiladi va foydalaniladi.
8. Davlat budjeti asosiy parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasidagi davlat subsidiyalarini NNT oʻrtasida taqsimlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Davlat budjeti qabul qilingandan keyin 15 kun mobaynida NNT Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun davlat subsidiyalari ajratish toʻgʻrisida, ulardan foydalanish yoʻnalishlarini koʻrsatgan holda yozma buyurtmanoma bilan murojaat qiladilar;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tushgan buyurtmanomalarni NNT ish tajribasi, ustavdagi vazifalarining bajarilishi, faoliyatining ijtimoiy ahamiyati darajasi toʻgʻrisida xulosalar taqdim etish uchun — Adliya vazirligiga hamda NNTga ilgari ajratilgan davlat mablagʻlaridan foydalanishda moliya intizomiga rioya etilishi masalasi boʻyicha xulosalar taqdim etish uchun — Moliya vazirligiga joʻnatadi;
Adliya vazirligi va Moliya vazirligi har bir NNT boʻyicha materiallarni koʻrib chiqib Vazirlar Mahkamasiga uch haftadan ortiq boʻlmagan muddatda oʻz xulosalarini joʻnatadilar.
Vazirlar Mahkamasi taqdim etilgan xulosalarni hisobga olgan holda, NNT murojaat qilgan kundan boshlab bir oy mobaynida davlat subsidiyalari ajratish toʻgʻrisida qaror qiladi.
9. Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining har chorakda teng ulushlarda davlat subsidiyalari ajratish toʻgʻrisidagi qaroriga muvofiq har bir NNTni tasdiqlangan hajmlar doirasida moliyalashtirishni amalga oshiradi. Ajratilgan davlat subsidiyalarini hisobga kiritish va sarflash davlat subsidiyalari oladigan NNT uchun maxsus ochilgan budjet hisob raqamlaridan amalga oshiriladi.
10. Davlat subsidiyalari mablagʻlarining yil oxiridagi foydalanilmay qolgan qoldiqlari budjetga qaytariladi.
11. Davlat subsidiyalari oladigan NNT har chorakda Moliya vazirligiga budjet tashkilotlari uchun belgilangan muddatlarda va tartibda davlat subsidiyalari mablagʻlaridan foydalanilishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadilar.
12. Ajratilgan davlat subsidiyalarining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
III. Davlat granti ajratish tartibi
13. Ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga yoʻnaltirilgan loyihalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga, tanlov asosida NNTga beriladigan pul mablagʻlari va moddiy resurslar davlat granti hisoblanadi.
14. NNT faoliyatini davlat granti ajratish shaklida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
15. Vazirlar Mahkamasi Davlat budjeti qabul qilingandan keyin 15 kun mobaynida davlat grantlari hajmlarini belgilash bilan bir vaqtda NNT tomonidan davlat grantlari mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalarni tanlab olishni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan muvofiqlashtiruvchilarni (keyingi oʻrinlarda Muvofiqlashtiruvchi deb ataladi) belgilaydi. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, fuqarolik jamiyati institutlari tizimini rivojlantirishda qatnashuvchi va milliy maqomga ega boʻlgan NNT uyushmalari va birlashmalari (Oʻzbekiston nodavlat, notijorat tashkilotlari milliy uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi ommaviy axborot elektron vositalari milliy uyushmasi, Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va boshqalar) muvofiqlashtiruvchilar boʻlishi mumkin.
16. Davlat grantlari mablagʻlari hisobiga Muvofiqlashtiruvchilar tomonidan belgilanadigan yoxud NNT tomonidan tavsiya qilingan loyihalar amalga oshiriladi.
17. Ikkala holatda ham Muvofiqlashtiruvchi davlat grantlari uchun ajratiladigan mablagʻlar hajmlari belgilangandan keyin bir oy muddatda tanlov komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tuzadi va grant olish uchun NNTdan buyurtmanomalar qabul qilishni tashkil etadi.
18. Davlat granti olish uchun NNT komissiyaga davlat granti olish yuzasidan buyurtmanomalarni Muvofiqlashtiruvchilar loyihalari boʻyicha ham, NNTning oʻzlari tavsiya qiladigan loyihalar boʻyicha ham tanlov shartlarida belgilangan tartibda va muddatlarda taqdim etadilar.
19. Muvofiqlashtiruvchi buyurtmanomalarni qabul qilishning belgilangan muddati oʻtgandan keyin bir hafta muddatda tanlov qatnashchilari roʻyxatini amalga oshirish uchun tavsiya qilinayotgan loyihaning NNTning ustavdagi faoliyatiga, maqsadlari va vazifalariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar olish uchun — Adliya vazirligiga hamda NNTga ilgari ajratilgan davlat mablagʻlaridan foydalanishda moliya intizomiga rioya qilinishi masalasi boʻyicha xulosa olish uchun — Moliya vazirligiga joʻnatadi.
20. Adliya vazirligi va Moliya vazirligi har bir NNT boʻyicha materiallarni koʻrib chiqib Muvofiqlashtiruvchiga uch haftadan ortiq boʻlmagan muddatda oʻz xulosalarini joʻnatadilar.
21. Komissiya taqdim etilgan xulosalarni hisobga olgan holda NNT murojaat qilgan kundan boshlab bir oy mobaynida davlat granti ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, Muvofiqlashtiruvchi ushbu qaror asosida har bir NNT — grant oluvchi bilan tegishli shartnoma tuzadi.
22. Muvofiqlashtiruvchilar NNTga ajratiladigan davlat grantlari maqsadi va hajmlari toʻgʻrisida Adliya vazirligiga va Moliya vazirligiga axborot beradilar.
23. NNT — davlat grantlari oluvchilarni moliyalashtirish Muvofiqlashtiruvchilar orqali Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
24. Moliyalashtirish uchun Muvofiqlashtiruvchiga va har bir NNTga ajratilgan davlat grantlarini hisobga olish va sarflash maqsadida xizmat koʻrsatuvchi banklarda budjet hisob raqamlari ochiladi.
25. Davlat granti mablagʻlarining yil oxiridagi foydalanilmay qolgan qoldiqlari budjetga qaytariladi.
26. Bir moliya yili mobaynida NNTga bittadan ortiq grant berish taqiqlanadi.
27. Davlat grantlari olgan NNT Muvofiqlashtiruvchilarga grantlar ajratish toʻgʻrisidagi shartnoma (bitim) shartlarida belgilangan muddatlarda va tartibda, Muvofiqlashtiruvchilar esa har chorakda budjet tashkilotlari uchun belgilangan muddatlarda — ajratilgan mablagʻlardan foydalanilishi toʻgʻrisida Moliya vazirligiga hisobot taqdim etadilar.
28. Ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan nazorat belgilangan tartibda Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Muvofiqlashtiruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
IV. Davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish tartibi
29. Davlat organi va NNT oʻrtasida shartnoma tuzish yoʻli bilan ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan loyihalarni amalga oshirish uchun ishlarni bajarish yoki tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan davlat topshirigʻi NNTga beriladigan davlat ijtimoiy buyurtmasi hisoblanadi.
30. NNT faoliyatini davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish shaklida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
31. NNT tomonidan bajariladigan yoʻnalishlar boʻyicha davlat ijtimoiy buyurtmalari uchun ajratiladigan mablagʻlar roʻyxati va hajmi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Ayni bir vaqtda Vazirlar Mahkamasi ular bilan ijtimoiy buyurtmalar bajarilishi kerak boʻlgan shartnomalar boʻyicha davlat organlari (keyingi oʻrinlarda Buyurtmachilar deb ataladi) roʻyxatini yoxud NNT — ijtimoiy buyurtma bajaruvchilari (Vazirlar Mahkamasi buyurtmachi boʻlgan taqdirda) roʻyxatini belgilaydi.
32. Ijtimoiy buyurtma olish uchun (Vazirlar Mahkamasi buyurtmachi boʻlmagan taqdirda) NNT tomonidan bajariladigan ijtimoiy buyurtmalar roʻyxati tasdiqlangandan keyin bir oy muddatda NNT buyurtmachilarga ijtimoiy buyurtmani bajarish yuzasidan asoslangan buyurtmanomalar taqdim etadilar.
33. Buyurtmachi bir hafta muddatda buyurtmanomalar bergan NNT roʻyxatini, amalga oshirish uchun tavsiya qilinayotgan ijtimoiy buyurtmaning NNTning ustavdagi faoliyati, maqsadi va vazifalariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar olish uchun — Adliya vazirligiga hamda NNTga ilgari ajratilgan davlat mablagʻlaridan foydalanishda moliya intizomiga rioya qilinishi masalasi boʻyicha xulosa olish uchun — Moliya vazirligiga joʻnatadi.
34. Adliya vazirligi va Moliya vazirligi har bir NNT boʻyicha materiallarni koʻrib chiqib Buyurtmachiga uch haftadan ortiq boʻlmagan muddatda oʻz xulosalarini joʻnatadilar.
35. Buyurtmachilar Adliya vazirligi va Moliya vazirligi xulosalarini hisobga olgan holda davlat ijtimoiy buyurtmasi bajaruvchilarini belgilaydilar va ular bilan aniq ijtimoiy buyurtmani bajarish yuzasidan tegishli shartnomalar (bitimlar) tuzadilar.
36. Moliya vazirligi davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish toʻgʻrisidagi qarorga muvofiq har bir NNTni tasdiqlangan hajmlar doirasida, shartnomada nazarda tutilgan muddatlarda moliyalashtirishni amalga oshiradi. Davlat ijtimoiy buyurtmalarini bajarishga ajratilgan mablagʻlarni hisobga kiritish va sarflash NNT — ijtimoiy buyurtma bajaruvchisi uchun maxsus ochilgan budjet hisob raqamlaridan amalga oshiriladi.
37. Davlat ijtimoiy buyurtmasini olgan NNT Buyurtmachilarga tegishli shartnoma shartlarida belgilangan muddatlarda va tartibda, Buyurtmachilar esa har chorakda budjet tashkilotlari uchun belgilangan muddatlarda — ajratilgan mablagʻlardan foydalanilishi toʻgʻrisida Moliya vazirligiga hisobot taqdim etadilar. Davlat ijtimoiy buyurtmalari uchun ajratilgan mablagʻlarning yil oxiridagi foydalanilmay qolgan qoldiqlari budjetga qaytariladi.
38. Ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri va maqsadli sarflanishi ustidan nazorat belgilangan tartibda Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Buyurtmachilar tomonidan amalga oshiriladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
NNTga davlat subsidiyalari ajratish sxemasi
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
NNTga davlat granti ajratish sxemasi
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish sxemasi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 17-18-son, 183-modda)
