Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-97-son)
Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-97-son)
03.05.2007
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2006-yil 27-dekabrda qabul qilingan Senat tomonidan 2007-yil 29-martda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yod yetishmasligi kasalliklari — organizmda yodning yetishmasligi oqibatida qalqonsimon bez kasalliklari koʻrinishida namoyon boʻladigan kasalliklar;
yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi — yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi;
yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari — ishlab chiqarish jarayonida yod bilan boyitilgan oziq-ovqat mahsulotlari;
yodlangan tuz — ishlab chiqarish jarayonida yod bilan boyitilgan osh tuzi.
2-bob. Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasining davlat tomonidan tartibga solinishi
4-modda. Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi davlat siyosati
Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi davlat siyosati yod yetishmasligi kasalliklari kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan boʻlib, quyidagilar orqali roʻyobga chiqariladi:
yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish;
isteʼmol bozorini yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻldirishga qaratilgan iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish;
yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligi, ularni saqlash sharoitlari ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
bolalarni va tugʻish yoshidagi ayollarni tarkibida yod boʻlgan preparatlar bilan profilaktik taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish;
yodlangan tuz, yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari va yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi hamda ularni davolash uchun foydalaniladigan dori vositalari va preparatlarni ishlab chiqarishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari ishlab chiqarish sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etish;
yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasiga doir tadbirlar samaradorligining monitoringi;
yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasida hisobga olishning axborot-tahlil va statistik tizimlarini takomillashtirish;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan chet el yuridik va jismoniy shaxslarining mablagʻlarini yod yetishmasligi kasalliklari muammolariga, mazkur kasalliklarning profilaktikasi hamda davolash usullariga jalb etish;
yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
5-modda. Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasida davlat boshqaruvi
Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasida davlat boshqaruvini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari amalga oshiradi.
Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasida davlat boshqaruvi:
profilaktika va sanitariya-epidemiologiya tadbirlari oʻtkazishni, yod yetishmasligi kasalliklariga tashxis qoʻyish va ularni davolashni tashkil etishni;
yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi va ularni davolash uchun dori vositalari hamda preparatlarni, yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini standartlashtirish hamda sertifikatlashtirishni;
osh tuzini va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlashni davlat tomonidan normalashtirishni;
davlat boshqaruvi organlarining, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib borishni;
yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda ularning muomalasi ustidan davlat nazoratini oʻz ichiga oladi.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi;
davlat boshqaruvi organlarining yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi masalalariga doir faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi davlat dasturlarini roʻyobga chiqaradi;
osh tuzini va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash uchun foydalaniladigan tarkibida yod boʻlgan preparatlarni, ularga qoʻyiladigan talablarni, osh tuzini va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlashga, yodlangan tuzni ishlab chiqarishga, tashishga, saqlashga va realizatsiya qilishga qoʻyiladigan sanitariya qoidalarini, normalarini va gigiyena normativlarini belgilaydi;
yodlangan tuzning va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, ishlab chiqarilishi, saqlanishi, olib kirilishi hamda realizatsiya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasida mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etadi;
aholi oʻrtasida yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi boʻyicha tushuntirish ishlarini olib boradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
8-modda. Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi:
yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlashga taalluqli davlat standartlarini tasdiqlaydi;
yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlashda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan standartlarning majburiy talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
9-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi hududiy dasturlarning ishlab chiqadi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun kiritadi hamda roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydi;
tegishli davlat organlarining aholini yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
3-bob. Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasiga doir chora-tadbirlar
10-modda. Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi turlari
Inson organizmining yodga boʻlgan zaruriy ehtiyojini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududida yod yetishmasligi kasalliklarining ommaviy va yakka tartibdagi profilaktikasi amalga oshiriladi.
11-modda. Yod yetishmasligi kasalliklarining ommaviy profilaktikasi
Yod yetishmasligi kasalliklarining ommaviy profilaktikasi oziq-ovqatga yodlangan tuz ishlatish va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmol qilish orqali amalga oshiriladi.
12-modda. Yod yetishmasligi kasalliklarining yakka tartibdagi profilaktikasi
Yod yetishmasligi kasalliklarining yakka tartibdagi profilaktikasi profilaktika va sanitariya-epidemiologiya tadbirlari, tibbiy koʻriklar oʻtkazish, tashxis qoʻyish va davolash orqali amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi yod yetishmasligi kasalliklarining yakka tartibdagi profilaktikasini taʼminlash maqsadida profilaktika va sanitariya-epidemiologiya tadbirlari, tibbiy koʻriklar oʻtkazish, yod yetishmasligi kasalliklariga tashxis qoʻyish va ularni davolash tartibini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi.
13-modda. Aholini yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi masalalariga doir axborot bilan taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari aholiga yod yetishmasligi kasalliklarining kelib chiqishi va tarqalishi omillari, bunday kasalliklarning profilaktikasiga doir choralar toʻgʻrisida ishonchli va oʻz vaqtida axborot berilishini taʼminlaydi.
14-modda. Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasiga doir tadbirlarni moliyalashtirish
Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasiga doir tadbirlarni moliyalashtirish budjet mablagʻlari, budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
4-bob. Yodlangan tuzga va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar
15-modda. Osh tuzini va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan, olib kiriladigan va realizatsiya qilinadigan barcha osh tuzi yodlangan boʻlishi kerak. Barcha oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda faqat yodlangan tuzdan foydalaniladi.
Oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
16-modda. Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligiga doir talablar
Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari milliy standartlar, qoidalar hamda normalar talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Osh tuzini va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan, tarkibida yod boʻlgan preparatlardan foydalaniladi. Osh tuzini va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash, yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligi, ularni saqlash sharoitlari ustidan davlat nazorati qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
17-modda. Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish
Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish milliy standartlar, qoidalar hamda normalar talablariga muvofiq yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Belgilangan yaroqlilik muddati oʻtgan yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari utilizatsiya qilinishi, sanoat yoʻli bilan qayta ishlanishi yoki qayta yodlanishi kerak.
18-modda. Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini sertifikatlashtirish
Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini sertifikatlashtirish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
19-modda. Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash, oʻrash va tamgʻalash
Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari qadoqlangan, oʻralgan hamda tamgʻalangan holda ishlab chiqarilishi kerak.
Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash, oʻrash hamda tamgʻalashga nisbatan qonunchilikda oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash, oʻrash va tamgʻalash borasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
20-modda. Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilish
Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar ularni tashish, saqlash hamda realizatsiya qilishni qonunchilikda belgilangan qoidalar va normalarga rioya etgan holda amalga oshirishlari shart.
Muvofiqlik sertifikati boʻlmagan va yaroqlilik muddati oʻtgan yodlangan tuz hamda yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilish taqiqlanadi.
21-modda. Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish shartlari
Yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari Oʻzbekiston Respublikasi hududiga faqat oʻralgan tarzda hamda qonunchilikda belgilangan boshqa talablarga rioya etilgan holda olib kirilishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
22-modda. Nizolarni hal etish
Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
23-modda. Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
24-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
25-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV