9-modda. Homiylik tashkilotlarining mol-mulki
Homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-96-son) · Sana: 02.05.2007 · Amalda
Binolar, yer uchastkalari, transport, inshootlar, asbob-uskunalar, pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar va boshqa mol-mulk, shuningdek axborot resurslari va oʻzga intellektual faoliyat natijalari homiylik tashkilotining mulki boʻlishi mumkin.
Homiylik tashkiloti oʻzida boʻlgan mol-mulkka nisbatan qonunchilikka, tashkilotning ustaviga va homiylik maqsadlariga zid boʻlmagan har qanday bitim tuzishga haqli.
Homiylik tashkiloti oʻz taʼminoti (shu jumladan faoliyati bilan bogʻliq barcha xarajatlari) uchun moliya yilida oʻzi sarflaydigan moliyaviy mablagʻlarning koʻpi bilan 30 foizidan foydalanishga haqli. Ushbu cheklov homiylik dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan shaxslarning mehnatiga haq toʻlashga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Homiylik tashkiloti koʻngillilarning ushbu tashkilotdagi faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarini (xizmat safari, transport xarajatlarini va boshqa xarajatlarini) toʻlashi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalaridan homiylik tashkilotining hisobvaragʻiga tushgan mablagʻlardan faqat bu mablagʻlarni ajratish chogʻida nazarda tutilgan homiylik maqsadlari uchun foydalaniladi.
Homiylik tashkilotlariga berilgan homiylik xayriyalaridan faqat homiylik maqsadlarida foydalaniladi va bu xayriyalardan homiylik tashkilotlarini saqlash uchun foydalanilishi mumkin emas.
Homiylik tashkilotining mol-mulki bu tashkilotning muassislariga yoki aʼzolariga boshqa shaxslarga sotilishi yoxud berilishiga qaraganda qulayroq shartlarda sotilishi yoki berilishi mumkin emas.
Homiylik tashkiloti oʻz majburiyatlari yuzasidan qonunda belgilangan tartibda undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan mol-mulki bilan javob beradi.
